Mavzuni mustahkamlash uchun savollar. 1.Axloqiy tarbiya berish vazifalari nimalardan iborat?
2.Axloqiy tarbiya berish vositalari nimalardan iborat?
3.Axloqiy tarbiyaning asosiy prinsplari nimalardan iborat?
4.Axloqiy tarbiyaning asosiy metodlari nimalardan iborat?
5.Axloqiy tarbiyaning asosiy metodlari nimalardan iborat?
Mavzu:Maktabgacha yoshdagi bolalarni estetik (nafosat) tarbiyasi. REJA: 1.Maktabgacha yoshdagi bolalarni estetik tarbiyasi.
2.Maktabgacha yoshdagi bolalarga estetik tarbiya berish mazmuni.
Tayanch tushunchalar: tarbiya, shaxs, go’zallik, nafosat, obyektiv, san’at, tabiat. Insoniyat go'zallikni butun rivojlanish tarixi jarayonida egallaydi va yaratadi. Go'zallik madaniy tarixiy tajribaning bir qismi hisoblanadi.
Uning obyektiv mavjudligi estetik tarbiya nazariyasini, estetik tajribani yosh avlodga maqsadga muvofiq va muntazam ravishda berish va shu orqali uni estetik rivojlantirishni ta’minlashning faol usullarini ishlab chiqishga yo'naltiradi. Bunda estetik tarbiya madaniyatni egallashning asosiy vositasi tarbiya va ta'limdir.
Estetik tarbiya juda keng tushuncha bo'lib, unga tabiat, mehnat, ijtimoiy hayot, turmush va san'atga estetik munosabatni tarbiyalash kiradi.
Estetik tarbiya (nafosat tarbiyasi)-bu bolalarga voqelikdagi, san'atdagi, tabiatdagi, kishilarning ijtimoiy va mehnat munosabatlaridagi, turmushdagi go'zallikni idrok qilish hamda to'g'ri tushunishga o'rgatish, ularning badiiy didini o'stirish, ularda go'zallikka muhabbat uyg'otish va hayotga go'zallik olib kirish qobiliyatlarini tarbiyalashdir.
Nozik didli bo'lish, go'zallikni fahmlay va qadrlay olish, badiiy madaniyatni tushunish, o'z hayotini go'zallik qonunlari asosida qura olish-komil insonning eng zarur fazilatidir.
Estetik tarbiya-eng avvalo, har bir kishida badiiy hissiyot tuyg'ularini, badiiy didni tarbiyalashdir. llmiy dunyoqarashga asoslangan nafosat, did, his-tuyg'ular va ko'nikmalarning o'sib borishi jarayonida insonning o'zi ham ma’naviy boyib, hayoti yanada sermazmun bo'ladi. Yashayotgan zamoniga nisbatan mehr-muhabbati ortib boradi. Bularning hammasi har bir insonda go'zallikni xunukdan, jirkanchlikdan farq qila bilish qobiliyatini shakllantiradi, uni yanada rivojlantiradi.
Estetik tarbiya bugungi kunda shunisi bilan muhimki, did-farosatlilik mehnatda, ishlab chiqarishda, kundalik amaliy faoliyatda-har bir inson uchun hayotiy ehtiyojga aylanib qolgan.
Donolardan biri go'zallik axloq-odobning tug'ishgan singlisidir, degan edi. Darhaqiqat, odob va nafosat tarbiyasi o'zaro chambarchas bog'liq holda amalga oshiriladi. Chunki nafosat tarbiyasining natijasi axloq-odobda, chiroyli xatti-harakat, go'zal munosabatda va hayotga, kelajakka, insonlarga,tabiatga muhabbatda ko'rinadi. Xalqimiz «Kamtarlik ham husn» deydi. Mana shu birgina iborada chuqur ma’no bor. Estetik tarbiya orqali yoshlarda kamtarlik xislati tarkib topadi. Bu xislat kishilarning eng go'zal belgisidir.
Salbiy xatti-harakatlardan nafratlana bilish tuyg'usini ham estetik tarbiyani paydo qiladi. Bunda badiiy asarlarning roli niuhimdir. Masalan: «Zumrad va Qimmat» ertagida Qimmatning xulq-atvori bolalar qalbida nafratni uyg'otadi. Zumradning tevarak-atrofga munosabati, mehnatsevarligi, kamtarligi qalblarda quvonchni paydo qiladi.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, ayrim yoshlar go'zallikni tor ma’noda tushunadilar. Ya'ni chiroyni ko'pincha husn jamolda deb bilishadi. Bu bir tomonlama tushunchadir. Har tomonlama ma'noda esa chiroy husn-jamol, qalb go'zalligida, ma'noli so'zdadir. Xalqimiz bejizga «Chiroy husnu jamolda emas, fazlu kamolda» deb aytmagan!
San’at va hayot go'zalligi bilan tanishtirib borish bolaning aqlini, xissini tarbiyalab qolmay, shu bilan bir qatorda uning xayol va tasavvurni ham rivojlantiradi.
Bolalarni go'zallikka oshno qilish, ularda hayotiy voqealarni to'g'ri tushunish, olijanob his-tuyg'ularni va intilishlarni shakllantirishga yordam beradi. Bolalarda go'zallikni idrok qilishni tarbiyalash orqali ularda boshqa kishilarning kechinmalarini his eta bilish, kishilarning xursandchiliklariga sherik bo'lish, qayg'usini birga baham ko'rish kabi xususiyatlar tarkib toptiriladi.
Estetik taraqqiyot shaxsning estetik ongi, munosabati va estetik faoliyatining shakllanishi va takomillashuvida uzoq vaqt ni talab etadigan jarayondir. Shaxsning estetik taraqqiyoti ijtimoiy-tarixiy va estetik tajribani ijodiy o'zlashtirishi natijasida yuzaga keladi. Bu har xil yo'llar va shakllar orqali amalga oshiriladi. Shaxsning estetik jihatdan rivojlanishida ma'lum maqsadga qaratilgan ta’lim va tarbiya hal etuvchi rol o'ynaydi.
Estetik ehtiyoj-kishi borliqni, badiiy faoliyatni, uning har xil ko'rinishlarida estetik idrok etishga undovchi subyektiv omildir. Estetik ehtiyoj go'zallik to'g'risidagi fanning rivojlanish qonuniyatlarini yanada chuqurroq o'rganishga undaydi. Estetik qiziqish shaxsni san'at asarlarini, tevarak-atrofdagi borliqni estetik idrok etishga va estetik faoliyatga o'ylantiradi. Estetik qiziqish estetik ehtiyojni yuzaga keltiradi. «Estetik tarbiya» tushunchasi bilan bir qatorda «badiiy tarbiya» tushunchasi ham mavjuddir.
Badiiy tarbiya san’at asarlari orqali tarbiyalashdir. U shaxsda san'at asarlarining shakl va mazmunini estetik idrok etishni rivojlantirish, badiiy didni shakllantirish va san’atning ma’lum turlari bo'yicha ijodiy faoliyatni, ijrochilik qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgandir. Uning natijasi fikrning paydo bo'lishida, uni amaliy faoliyatda qo'llashda, o'z bilim va taassurotlarini ko'ra bilishda, his-tuyg'ulari va fikrlarini samimiyat bilan ifodalashda namoyon bo'ladi.Estetika tabiatdagi, jamiyatdagi moddiy va ma'naviy madaniyat buyumlarida aks etgan, shuningdek, estetik ongning paydo bo'lishi, rivojlanishi va vazifasi to'g'risidagi qonuniyatlarni, obyektiv borliqni estetik bilishning muhim usullaridan biri bo'lgan san’atning rivojlanish qonuniyatlarini o'rganadi.
Pedagogika estetikaning «go'zallik hayot demakdir» degan qoidasidan kelib chiqib, o'sib kelayotgan yosh avlodni hayotdagi, mehnatdagi, turmushdagi kishilar munosabatidagi go'zallikda qatnashtirish, uning hayotni, san’atni idrok eta bilish qobiliyatini shakllantirishni o'zining bosh vazifasi deb hisoblaydi.
Go'zallik kishini olijanob qiladi, uning yuksak didli, yaxshi inson bo'lishiga xizmat qiladi. Go'zallik bilan uchrashish kishi da estetik his, ruhiy hayajon, beg'araz quvonch uyg'otadi. Estetik hisda idrok etilayotgan voqelikka nisbatan xudbinlik ohangi, shaxsiy manfaat nuqtayi nazaridan g'arazli qarashlar bo'lmaydi. Ajdodlarimiz bu to'g'rida shunday yozadi: «Kishilargi go'zallik hosil qilgan sezgi, odam eng yaqin kishisi bilan uchrashganda paydo bo'ladigan porloq quvonchga o'xshaydi. Biz go'zallikni beqiyos sevamiz, undan eng yaqin kishimizni uchratganda quvongandek zavqlanib quvonamiz».
Go'zallik insoniyatning butun tarixiy taraqqiyoti davomida yaratiladi va madaniy-tarixiy tajribaning bir qismini tashkil etadi. Uning mavjudligi, obyektivligi yosh avlodga estetik tajribani sistemali ravishda singdirish va shu orqali ularning estetik tomondan taraqqiy etishini ta’minlaydigan estetik tarbiya nazariyasining faol usullarini ishlab chiqishga yo'naltiradi. Hunda tarbiya va ta’lim jamiyatning estetik madaniyatini o'zlashtirishning asosiy vositasi hisoblanadi. Estetika borliqning birlamchi va ongning ikkilamchi ekanligiga asoslanib, san’at borliqni badiiy obrazlarda anglash, estetik aks ettirishning oliy shakli deb tushunadi.
San'at o'zining hissiy ta’sir kuchi bilan kishining faqat hissi emas, fikr va irodasini ham maftun etadi, tarbiyalovchi roli ham mana shunda namoyon bo'ladi, shuning uchun u estetik tarbiyaning mazmuni va vositasi hisoblanadi.
Estetik tarbiya axloqiy, aqliy, mehnat va jismoniy tarbiya bilan chambarchas bog'liqdir.
Estetik va axloqiy tarbiyaning o'zaro bog'liqligi shundaki, kishining go'zallikni idrok etishdan quvonishi uning boshqa kishilarga yaxshilik qilganidan xursand bo'lishiga o'xshab ketadi. Aksincha, go'zallikni ko'ra bilmaslik undan zavqlanmaslik yomon ishlarni qilishga olib keladi. San'atning tarbiyaviy kuchi shuindaki, u odamni hayotdagi voqealarni, hodisalarni chuqur his-hayajon bilan idrok etishga majbur etadi.
Estetik tarbiya mehnat tarbiyasi bilan chambarchas bog'liqdir. Mehnat faoliyati bolalarni quvontiradi, ular biron foydali ishni bajarayotib, biron kerakli narsani yasayotib o'zlarining kuch va imkoniyatlari o'sib borayotganini sezadilar. «Go'zallik quvonchisiz mehnat quvonchi bo'lmaydi,-deb yozgan edi V.A.Suxomlinskiy, - ammo bularda go'zallik bola ega bo'layotgan narsa emas, balki birinchi navbatda u yaratayotgan narsadir. Mehnat quvonchi-bu turmush quvonchidir».
Agar inson estetik jihatdan tarbiyalangan bo'lsa, u har qanday qiyin ishda ham go'zallikni ko'ra oladi va uni yaxshi, zo'r shavq-zavq bilan bajaradi.
Estetik va jismoniy tarbiya o'rtasida mustahkam bog'lanish bor. Kishining mustahkam sog'ligi, jismoniy kamolotisiz uning go'zalligini tasavvur etib bo'lmaydi. Uning chiroyli gavda tuzilishi, harakatlarni chiroyli bajarishi, musiqa ostida chiroyli harakatlar qilishi va hokazolar shular jumlasiga kiradi.
Ko'pchilik pedagog va psixologlarning tadqiqot ishlari bolalarning ijodiy faoliyatlari, hissiyotlari, estetik tasavvurlarining o'ziga xos xususiyatini va ulardagi estetik tasavvur va hissiyotlarning qanday rivojlanishini ochib bergan.
Bu tekshirishlar bolalardagi estetik tasavvur va hissiyotlarni rivojlantirishni ulardagi ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish bilan birga qo'shib olib borish kerak degan xulosaga olib keldi. Estetik tasavvurning o'ziga xosligi shundaki, idrokning boshqa turlariga qaraganda narsalarni his qilish shakli- «ko'rinadigan» va «eshitiladigan» narsalar butunlay boshqa mazmun kasb etadi. Oddiy idrok qilishda narsalarning ko'rinishi, ohangdorligi unchalik muhim bo'lmay, balki uning ahamiyati muhimdir. Estetik idrok qilishda esa eng muhimi - idrok qilayotgan narsaning obrazi, uning ifodali tomonlarini, nozik ranglarini ko'ra bilish talab qilinadi. Shuning uchun estetik tarbiya yuqori darajadagi sensor madaniyatni, kuzatuvchanlikning rivojlangan bo'lishini talab etadi.
Kishi narsa va hodisalarga go'zallik mezoniga asoslangan holda, alohida qadr-qimmat bilan yondoshgandagina estetik kechinmalar paydo bo'ladi. Estetik hislar fikrlash bilan bevosita bog'liqdir.
Estetik kechinmalarda har doim xayol ishtirok etadi, busiz go'zallikni idrok etish ham, ijodiy faoliyatni rivojlantirish ham mumkin emas. Xayol faoliyat jarayonida shakllanadi. O'yin, rasm chizish, ertaklarni eshitish xayolning ishlashini talab etadi. Dastlabki vaqtlarda xayol faoliyat jarayonida narsalar bilan ta’sir etish natijasida yuzaga keladi.
Keyingi bosqichlarda esa ijodiy faollikning tashqi shakllaridan sekin-asta fikrlashga o'tadi. Bola rasm chizganda yoki o'ynaganda obrazni tasvirlashdan yoki ifodalashdan oldin shu obrazni idealida yaratadi. Badiiy asarlarni idrok qilganda ham xuddi shunga o'xshash voqea yuz beradiki, bolalar asardagi qahramonlarga xayolan qo'shib, ularning xatti-harakatlarida o'z xayollari bilan qatnasha boshlaydilar.
Demak, estetik kechinmalar murakkab hodisa bo'lib, hissiyotlar, xayol va fikrning faol ishlashini, o'z fikr va hissiyotlarini ifodalashga, faoliyatga ehtiyoj tug'ilishi kabi xususiyatlarni o'z ichiga oladi.
Estetik tarbiyaning vazifalari tarbiyaning umumiy maqsadlaridan kelib chiqib, bolalarning yosh imkoniyatlariga qarab belgilanadi. Estetik tarbiya vazifalarini hal etish bolalarda tashabbuskorlik, ma’lum natijalarni oldindan bilish, ularga intilish, orzu qila bilish kabi sifatlarni shakllantirish bilan uzviy bog'langandir.
Yuqorida ko'rsatilgan vazifalar asosida maktabgacha yoshdagi bolalarning har bir yosh guruhlarida estetik tarbiya berishning mazmuni va metodlari ishlab chiqiladi.
Estetik tarbiyaning mazmuni bolaning estetik faoliyati orqali amalga oshiriladigan bilim, malaka va ko'nikmalarni estetik hissiyot, qiziqish, estetik ehtiyoj, estetik did va mulohazalarni tarbiyalashni o'z ichiga oladi.
Bular quyidagi yo'llar bilan amalga oshiriladi:
-o'yin, mehnat jarayonida, maishiy faoliyatda ijtimoiy va tabiat voqealari bilan tanishtirish orqali tevarak-atrofdagi borliqqa nisbatan estetik munosabatni tarbiyalash;
-san’at asarlari (badiiy tarbiya) vositasida estetik tarbiya berish.
Bolalarda go'zallik haqidagi bilimlar atrof voqelikni uning butun xilma-xilligida, shuningdek go'zallik eng ko'p jamlangan holda aks etadigan san'atni estetik o'zlashtirish jarayonida tarkib toptiriladi. Hayot xilma-xilligi san’at turlari va janrlarning xilma-xilligiga sabab bo'ladi. Maktabgacha yoshdagi bolalarning har biri o'z janriga ega bo'lgan grafika, rang-tasvir, haykaltaroshlik, manzarali amaliy san'at, adabiyot va musiqa bilan tanishadi.Bolalar shuningdek, bizni o'rab turgan dunyoning eng muhim estetik tomonlari va xususiyatlarini ham egallaydilar. Maktabgacha yoshdagi davrida musiqa, vokal va cholg'u, undagi mavzuni xilma-xilligi, ayrim asarlarning janri, tuzilishi, musiqali ifoda vositalari, musiqa asboblari haqida ham bilim beriladi. Bolalar xalq qo'shiqlari va raqslari, doira bo'lib qo'shiq aytish, klassik va zamonaviy musiqa asarlari bilan tanishadilar.MTMni o'rab turgan go'zallik muhiti bolalarning har tomonlama kamol topishiga, estetik didlarining tarbiyalanishiga yordam beradi.
Pedagogika tizimiiga xos bo'lgan estetika va etikaning birligini oilada MTMlarda kichkintoylarni tarbiyalashda bemalol qo'llash mumkin. Lekin haqiqiy turmush estetikasini yaratish uchun tarbiyachi va ota-onalarning yuqori madaniyatli, yaxshi xulqli, xushmuomala, badiiy didli bo'lishlari talab etiladi.
Bolalarni o'rab turadigan chiroyli narsalarning o'zi bolaga hech narsa bermaydi, shuning uchun bolalarni ularni ko'rishga, qadrlashga, baholay bilishga o'rgatish kerak. Tarbiyachi bolalarning diqqatini polning tozaligiga, yaxshilab joy-joyiga qo'yilgan mebelga, chiroyli idishlarga, gullarga qaratadi. Har bir yangi narsa, yangi bezak bolalar bilan birga ko'rib chiqiladi. Eng muhimi, hamma narsalarni bolalarda estetik zavqni qo'zg'ata oladigan qilib ko'rsatish kerak.
Bolalarga estetik zavq uyg'otish uchun ularga kuzatilayotgan narsaning mazmuni va ahamiyatini tushuntirish kerak. Bolalarning hislariga ta'sir etish uchun bu hali yetarli emas. Eng muhimi, bu yerda kattalarning namunasidir. Tarbiyachining o'zi zavqlansa, ortiqcha so'zlarsiz go'zallikka qiziqish uyg'ota oladi va bolalarda estetik kechinmalar paydo qila oladi.
Bolalar tarbiyachidan «Nima uchun oltin kuz deyiladi?» - deb so'rashadi, tarbiyachi istirohat bog'iga borib ko'ramiz deb javob beradi. Bog'ga borishganda bolalarga taklif etadi: «Sayr qilib daraxtlarni, yo'lkalarni kuzatamiz». Bog'ning eng xush-manzara joyiga kelganda bolalar to'xtab, jim atrofga nazar tashlashadida, nima uchun oltin kuzligini tushundik. Chunki barglar tillaga o'xshaydi. «Ana qizil barglar», deyishadi ular hayajon bilan. Shamol bo'lishi bilan barglar yerga tushadi. Yo'lkalar esa gilamga o'xshaydi. Ko'chaga sayrga chiqishadi. Tarbiyachi bolalarga shunday deydi: «Biz hozir sizlar bilan MTM ko'chasidan yurib o'tamiz. Sizlar diqqat bilan kuzatib boringlar, kim qanday chiroyli narsa ko'rsa, sayrdan keyin so'zlab beradi».
Shuni ta’kidlash kerakki, ajoyibot yonimizdadir, bolalarni shu ajoyibotni ko'ra bilishga, undan hayratlana olishga o'rgatish lozim. Tabiatning go'zalligini va ajoyibligini inson hayot go'zalligiga, san'at go'zalligi va ajoyibotiga aylantiradi.
Jonajon tabiat estetik tarbiyaning qudratli vositasi bo'lib xizmat qiladi. Tevarak-atrofdagi tabiat go'zalligi hatto eng kichik bolani ham quvontiradi. Uning tuyg'ular va xayollarda saqlangan go'zalligi bolalikda ayniqsa, yorqin va chuqur idrok qilinadi, inson bularni butun hayoti davomida esidan chiqarmaydi.
Sayr, ekskursiya vaqtida tarbiyachi bolalarning diqqatini tabiatning rang-barangligiga, uning o'zgarishi va uyg'unligiga qaratadi, tabiat hodisalariga qiziqish uyg'otadi, unga muhabbat va ehtiyotkorlik munosabatini tarbiyalaydi, asrab-avaylashga o'rgatadi. Bularning hammasi bolalarning estetik didlarini tarbiyalaydi, ular kishilarning mehnat natijalarini yaqqol ko'rib, atrofdagi go'zallik inson mehnati tufayli yuzaga kelishiga ishonch hosil qiladilar.
Tarbiyachi bolalarga tabiat olamini kashf etadi, bolalarning g'unchadagi bir tomchi shabnamda ham, o'tlarning biri ikkinchisi bilan qo'shilib ketishida ham, oqshom bo'yoqlarida ham tabiat go'zalligini ko'ra bilishlariga yordam beradi.
MTMda tabiat burchagi tashkil etiladi. Undagi hayvonlar va o'simliklarni kuzatish va parvarish qilish bolalarda estetik idrokni, ularga nisbatan to'g'ri munosabatni, go'zallik yaratish xohishini shakllantiradi va qizg'in faoliyatga undaydi. Yilning yoz fasllarida polizda, gulzorda, MTM maydonchasida mehnat qilishda ham bolalar estetik zavq oladilar. Kuzda o'z mehnati mevasini yeyish bolaga alohida estetik huzur bag'ishlaydi. Dala va bog'larga sayrga borganda tabiatning go'zalligi va boyligidan, u yerdagi dehqonlarning yaratuvchilik mehnatlaridan benihoya zavqlanishadi.
MTMda bolalarni estetik tomondan tarbiyalashda san'atning har xil turlari va janrlaridan (musiqa, rassomchilik haykaltaroshlik xalq amaliy san'ati, adabiyot va hokazo) foydalaniladi.
San'at yuksak estetik zavqning, kishi xursandchiligining tuganmas manbayi bo'lib xizmat qiladi. Shu bilan bir vaqtda har bir kishining rivojlanishi, ma’naviy boyishi uchun ham vositadir.
Badiiy asar kishining his-tuyg'ulariga ta’sir etsa, hissiy kechinmalar kishida fikrlashni uyg'otadi. Badiiy asardan hayajonlanish fikrlashni faollashtiradi. Qiziqarli ertakyoki rasmbolada fikrlar o'yinini uyg'otadi. Bu to'g'rida S.Ya.Marshak shunday degan edi: «Qizil shapkacha» ertagini bolalar qatorasiga 20 marta eshitishga tayyorlar. Bunga sabab ertak o'z tuzilishi bo'yicha aniq, uning mantiqi va motivi izchil, har qanday bola o'zini ertakdagi qahramon o'rniga qo'ya oladi va «Qizil shapkacha»ni o'ynay oladi. San’atning hamma turlari adabiyot, musiqa, rassomchilik, haykaltaroshlik, teatr, kino bolalarga tushunarlidir. Gilamchilik, to'qimachilik, kulolchilik, zardo'zlik, kashtachilik, popopchilik, badiiy oyna, metall patnislar, to'qilgan va tikib gul solingan buyumlar va boshqalar tasviriy san'atning manzarali shakliga kiradi. Bundan tashqari, MTMda har bir viloyat, o'lka, respublikaning milliy madaniyatidan foydalanish kerak.
Ta’Iim-tarbiya ishlarida o'zbek xalq amaliy san’ati namunalaridan foydalanish katta ahamiyatga egadir. O'zbek naqshlari tushirilgan chiroyli guldor matolar qo'g'irchoqlar uchun ko'ylak, oyna pardalari, dasturxon kabilar uchun ishlatilishi mumkin.
Musiqa bolalarning kayfiyatini ko'tarib ertalabki badan tarbiyada yangray boshlaydi. Yilning quruq va issiq vaqtlarida ekskursiya, sayr va o'yin vaqtlarida ashulalar ijro etilishi kerak, bu bolalarni yanada bir-biriga yaqinlashtiradi, ruhini ko'taradi. Maydonchada mehnat qilish jarayonida ijro etilgan ashula harakat ritmini uyg'unlashtiradi, bolalarga mehnat quvonchini bag'ishlaydi.
Bolalarda estetik idrokning rivojlanishi uchun ularni haqiqiy san’at asarlari bilan tanishtirish zarur. Radio, oynayi jahonda san'at ustalari va tengdoshlari ijro etgan asarlar bolalarning estetik rivojlanishida katta yordam beradi.
Ashula aytib o'yinga tushishda asosan xalq ijodi asarlaridan foydalaniladi, bu bolalarni axloqiy-estetik tarbiyalash uchun g'oyat qimmatli vositadir.
Bolalar xalq kuylari va obrazlarini ijro etayotib, xalq tili va ko'yining hamohangligini, ravonligini bilib oladilar. Bu bolalarda vatanparvarlik hislarini tarbiylaydi, musiqaviy didini shakllantiradi, bolalarni zamonaviy va klassik kuylarni idrok eta olishga tayyorlaydi. Ashula va raqsga tushishga o'rgatishda faqat to'g'ri aytish va to'g'ri harakat qilishni emas, balki ifodali aytish va yengil, chiroyli va latofat bilan raqsga tushishga o'rgatiladi.
MTMda o'tkaziladigan bayramlar bolalarga chuqur ta'sir etadi. Bayramning tarbiyaviy kuchi va o'ziga xosligi uning g'oyaviy va estetik mazmuni san’atning turli ko'rinishlari bilan bog'liq bo'lishidadir. Har qaysi bayram o'z g'oyasiga ega bo'lib, u bolalarga yorqin obrazlar orqali ta’sir ko'rsatadi.
Estetik tarbiyaning vositalaridan biri qo'g'irchoq teatridir. Uning nihoyatda kuchli ta’sir etishi uning soddaligi, odatdan tashqari jo'shqinligi va qo'g'irchoqligi (o'yinchoqligi), shuningdek, badiiy so'z, musiqa, ashula, raqs, tasviriy san'at kabi tarkibiy qismlarning uzviy jipslashib ketganligi kishi ko'zi o'ngida yaqqol namoyon bo'lishidadir. Qo'g'irchoq teatrini bolalar faqat tomosha qilibgina qolmay, balki unda o'zlari ham qatnashadilar. Bu bolaning dramatik qobiliyati, tashabbusi, nutqini o'stiradi, hayotiga quvonch bag'ishlaydi.
Diafilm ko'rsatish bolalarning estetik didlarini o'stirishda muhim vositalardan biridir. Diafilmlar ko'rsatishni adabiy matn o'qib berish bilan qo'shib olib borish bolaga filmning mazmunini yanada to'g'riroq va ta’sirchanroq tushunishga yordam beradi.
Bundan tashqari, qo'g'irchoq teatri, soya teatri ko'rsatish ham bolalarni estetik tomondan tarbiyalashda alohida o'rin egallaydi.
Bu o'yinchoq, qo'g'irchoqlar bolalarga tanish bo'lsada, ularni tarbiyachi qo'li yordamida harakatga keltirib, badiiy so'ziar bilan qo'shib olib borisni natijasida ular bolaning ko'z o'ngida jonianadi, boshqacha tus oladi va bolalar ertak mazmunini chuqur idrok eta boshlaydilar.
Badiiy didning shakllanishida kitoblar muhim rol o'ynaydi. Kitoblar faqat bolalarning yoshiga mos, mavzu va mazmuni bilangina emas, balki shu bilan birga bayon qilish usuli hamda bezatilishi bilan ham ajralib turishi juda muhimdir.
Kichkintoylar, ayniqsa 2-3 yoshli bolalar uchun chiqarilgan kitoblarda so'zlardan ko'ra rasmlarning ta’siri ayniqsa, katta bo'ladi. Bola kitobdagi rasmlarni qayta-qayta o'z o'rtoqlariga, kattalarga, qo'g'irchog'iga «o'qib» berish bilan uning mazmunini o'z xotirasida mustahkamlaydi. Kitobdagi chiroyli, yopqin rasmlar bolalarning badiiy didini tarbiyalaydi.
Kattalar mehnati, qahramonlik sbuningdek, ona Vatanga bo'lgan muhabbat, do'stlik, birodarlik, bolalarning ota-onalariga nisbatan mehribon bo'lishlari kabi mavzularda yozilgan hikoyalar bolalarga tushunarlidir.
Bolalarning sevimli yozuvchilari Qudrat Hikmat, Mirmuxsin, Shukur Sa'dulla, Quddus Muhammadiyning bolalar uchun yozgan she’rlari ularda ijobiy his-tuyg'ularni tarbiyalaydi, ularni yashashga o'rgatadi, dunyoqarashini shakllantiradi, ona tilining boyligini, so'zlarning ta’sirchanligini his qilishga yordam beradi.
Kichkintoylar hammadan ham ertaklarni sevadilar. Ertakning yaxshi tomoni shuki, unda uzoq fikr yuritilmaydi. Ertak qahramonlari bolaga yaqin va tanish. Ertak tili hayotiy hamda jonli bo'ladi.
Eng muhimi, tarbiyachining o'zi badiiy adabiyotni sevishi va tushunishi, nasriy asar va she'rlarni ifodali o'qiy bilishi kerak.
MTMda kattalar rahbarligida bolalar tomonidan konsertlar, bayramlar, kichkintoylarning tug'ilgan kunlarini nishonlash bolalarda quvonchli hislarni uyg'otadigan, mazmunli va ularning xotiralarida uzoq vaqt saqlanib qoladigan qilib tashkil etilishi kerak.
Xulosa qilib aytganda, estetik tarbiya bolalarni har tomonlama barkamol inson qilib tarbiyalashning muhim qismi bo'lib, aqliy, axloqiy, jismoniy tarbiya bilan chambarchas bog'langan holda amalga oshiriladi.