www.ziyouz.com kutubxonasi
19
buyuk yurishda o‘zi bilan birga qadam tashlayotgan har bir sipohni dovul ovozlari yordamida olg‘a
chorlaydi, bu talabchan va qaddi bukilmas hokimi mutlaqning dovul ovozi ta’sirida yopug‘lik eshikka
bostirib kirganday endigina uyg‘onib kelayotganlarning ongiga birinchi bo‘lib kirib borish usuli edi,
shunda askar jahongirning kuchi va erki bilan majbur qilingan o‘y-fikrlardan o‘zga xayolot olamida
sayr qilish imkonidan mahrum etiladi, nimaga deganda inson tushida o‘z erkiga ham, boshqalar
erkiga ham bo‘yin egmaydi, tush shunday yaramas, behuda, xatarli erkinlikki, uyg‘ongan zahoti bu
erkinlikdan voz kechmoq, uyqudan turganlarni qo‘pollik qilib bo‘lsa ham oldingi holiga, o‘ngiga —
xizmatiga, so‘zsiz itoatkorlikka, sa’y harakatga qaytarmoq joiz.
Dovullarning buqa bo‘kirganday tevarak-atrofni larzaga solgan shovqinini eshitganda har safar
Chingizxon badani jimirlab ko‘hna bir voqeani eslaydi: o‘smirlik paytida yonginasida ikkita buqa
tuyoqlari bilan chang-to‘zon ko‘tarib, dahshat solib bo‘kirar va bir-birlarini suzib jon-jahdi bilan
bellashar edi, buqalarning bo‘kirishiga mahliyo bo‘lib qolganidan qo‘liga o‘q-yoy olib nariroqda
uyqusirab o‘tirgan Bekter ismli ukasini otib qo‘yganini bilmay qoldi, bundan sal oldinroq u daryodan
tutib olgan baliqchani talashib Bekter bilan janjallashib qolgan edi-da. Bekter dod solib baqirdi,
o‘rnidan sakrab turdi-da, yana ag‘anab tushib, qonga belandi. Temuchin esa (Ha, o‘sha paytlarda u
bor-yo‘g‘i Temuchin edi, yoshligida o‘lib ketgan Yesugay bahodirning yetimchasi edi), qo‘rqib
ketganidan o‘tov yonida yotgan dovulni yelkasiga qo‘ydi-da toqqa chiqib ketdi. U tog‘da dovulni bir
maromda urib o‘tiraverdi, uning onasi Agolen esa pastda faryod solgancha sochini yulib o‘z
jigargo‘shasini o‘ldirib qo‘ygan o‘g‘lini tinimsiz qarg‘ar edi. Shundan so‘ng odamlar yig‘ilib unga musht
o‘qtalib nimalardir deb tomoqlarini yirtar edilar. Temuchin bo‘lsa, to‘xtovsiz dovulini chalar, hech
narsani eshitmas edi. Nima uchundir uning oldiga hech kim chiqib bormadi. U tong otguncha tog‘
tepasida dovul chalib o‘tirdi...
Yuzlarcha dovullarning gumburlagan ovozi endilikda uning jangovar xitobi, g‘azabnok hayqirig‘i,
jasorat hamda qahrining alomati, u bilan birga yurish qilayotganlarning hamma-hammasiga xabari edi
— quloq osinglar, oyoqqa turinglar, maqsadga erishish va dunyoni zabt etish uchun yo‘lga chiqinglar
degani edi. Ular to oxiriga qadarli unga ergashib borishadi — axir, qaerdadir ufqning, yerning
chegarasi, nihoyasi bo‘lishi kerak-ku — Hamma odamlar va ko‘z-quloqli barcha maxluqlar ich-ichidan
seskanib bo‘lsa ham dovullarga quloq soladi. Va hatto kichkinagina oq bulut ham yaqindan buyon
xoqonning botiniy o‘y-xayollarining ajralmas shohidi o‘laroq dovullarning sahargi na’rasiga jo‘r
bo‘lganday tepada ohista suzib yuribdi. Og‘zidan olov purkab turgan ajdaho rasmi zar bilan tikilgan
xoqon tug‘i shamolda hilpiraydi. Mana, ajdaho bayroqda jonlanib og‘zidan qizil yolqin chiqarib chopib
ketayotir.
O’sha kunlari tong paytlari o‘ta ko‘ngilli bo‘ldi.
Chingizxon kechasi ham uyqu oldidan qo‘shinlarni ko‘zdan kechirish uchun aylanib yurardi.
Qaerga qaramasin, cho‘lning u yer-bu yerida yoqilgan gulxanlarga ko‘zi tushar edi. Jangchilar qo‘ngan
manzillar, ot-aravalar to‘xtab turgan maydonlar va yilqiboqarlar dam olayotgan sayxonliklar ustida
oqish tutun suzib yurar edi, shu paytda hamma sho‘rva bilan go‘shtga to‘yib terlab o‘tirishgan edi.
So‘yilgan mollarning ichak-chavoqlari va yeyishga yaroqsiz boshqa chiqindilari, shuningdek,
qozonlarda qaynatib pishirilgan go‘shtlarning totli hidlari dashtlardagi och jonivorlarni o‘ziga jalb
qilgan. Dasht darrandalari ochlikka bardosh berolmasdan g‘ingshib uvillashar, dam olib yotgan
qo‘shinning atrofidan uzoqqa ketisholmas edi.
Ana shu mahalda barcha sipohlar qotib uxlab yotgan edi. Qo‘shinlarni aylanib yurgan tunqotar
soqchilarning «ha-ha»lagan ovozlarigina kechasi ham tartib-intizom joyida ekanligini ko‘rsatar edi.
Shunday bo‘lishi tabiiy edi, albatta. Chunki hammaning o‘z vazifasi bor, bular barchasi pirovard
natijada yagona va oliy maqsadga — Chingizxonning butun dunyoni bosib olish g‘oyasiga so‘zsiz va
majburiy xizmat qilishi kerak edi. Shunday paytlarda u zavq-shavqqa to‘lib o‘zining kimligini, o‘ta
qudratli odam ekanligini, hokimiyat desa o‘zini tomdan tashlaydigan jahongir ekanini payqaydi —
uning saltanati ortgan sari hokimiyatga bo‘lgan «ishtahasi» ham orta boradi, shundan muqarrar
ravishda mutlaq bir xulosa chiqadi: jahongirning tobora o‘sib borayotgan maqsadiga mos keladigan
Chingizxonning oq buluti (qissa). Chingiz Aytmatov