FARZAND TARBIYASIDA XALQ PEDAGOGIKASINING TARBIYAVIY VA
DIDAKTIK IMKONIYATLARIDAN FOYDALANISH
Xalqning pedagogik qarashlari uzoq asrlar davomida shakllangan va ular asosan xalq og’zaki ijodiga kiruvchi turli janrlardagi asarlarda va qur'oni karim hamda payg’ambarimizning hadislarida o'z ifodasini topgan. Xalq pedagogikasining hozirgacha yashovchanligi asosan og’zaki tarzda bo'lib, har bir avlod unga o'z tajribasini, qarashlarini, fazilatlarini qo'shgan holda bizgacha etib kelgan.
Xalq pedagogikasida tarbiyaning birlamchi, ikkilamchisi bo'lmaydi. Hamma narsa hisobga olinishi, hech bir soha chekkadan qolmasligi, ayni chog’da
tarbiyaning nihoyatda nozik, injiq, murakkab tomonlari e'tiborga olingan holda, etti o'lchab bir kesishga amal qilinadi. Shuningdek, xalq tarbiyasida kecha, bugun va ertani o'ylab ish tutiladi, ya'ni tarbiyani o'tmishni unutmaslik, bugunning qadriga etishlik, kelajakka umid asnosida olib boriladi. Unda hayot, tabiat va jamiyatdagi har bir voqea-hodisa, predmet, ko'rinish qisqasi jonli jonsiz neki bor undan mukammal foydalanadi.
Xalq donishmandligi va odobnomasining bu nodir sohasi ijtimoiy va maishiy- axloqiy hayotning barcha tomonlarini, xalq og’zaki ijodi, qadrshunosligi, udumshunosligi va marosimshunosligining etakchi yo'nalishlarini, diniy-axloqiy ta'limotni qamrab olishi bilan harakterlanadi. U xalqimizning asrlar davomida to'plagan boy tajribalarini, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy, falsafiy, ma'rifiy, estetik, ma'naviy hamda jismoniy etuklik borasidagi qarashlarini, tajriba-xulosalarini lo'nda, ammo bag’oyat teran; donishmandnamo tarzda ifodalaydi. «o'zbek xalq pedagogikasi» dono xalqimizning ta'lim-tarbiya, axloq, odob, inson qadriyatlari va uning ma'naviy ustuvorligi, iymon-e'tiqodi butunligi sohasidagi dunyoqarashi, amaliy faoliyati, usul-metodlari, an'analari tabarruk islomning odob-axloq, ilmu fan haqidagi ta'limotiga bog’liq holda, muqaddas qur'oni karim va payg’ambarimiz muhammad rasulullohning muborak hadisi shariflariga suyanadi. Xalq pedagogikasida ollohning ilohiy mo''jizasi - hayot sarvari insonning ona qornida paydo bo'lishidan tortib, to tug’ilganiga qadar, ilk tarbiyasidan tortib, to voyaga etguncha hamda oila qurgunga qadar, yoshini yashab to omonatni topshirgungacha bo'lgan axloqiy, aqliy, estetik mehnat, ekologik tarbiyasi, shuningdek jismoniy chiniqish bilan bog’liq o'yinlar, xalq pedagogik an'analarining hozirgi zamon yosh avlod ta'lim-tarbiyasida tutgan o'rni hamda ahamiyati aks etadi. Shu bilan birga o'zbek an'anaviy, ommaviy bayram-sayllari, rasm-rusmlari, odatlari va udumlarida aks etgan axloqiy qarashlar, ularning o'ziga xos odobnomasi, ibratnomasi kabi bag’oyat dolzarb mavzularni o'z ichiga oladi.
Xalq pedagogikasi xalq ommasi orasida hukmronlik qiluvchi tarbiyaning maqsadi va vazifalariga bo'lgan qarashlarni ifodalovchi amaliy pedagogik bilimlar va tajribasi sohasidir. O'zbek milliy maktabini yaratishda ta'lim-tarbiya ishiga xalq pedagogikasini joriy etish masalasi asosiy muammolardan biridir. Shunday ekan, xalq pedagogikasining zamonaviy maktab oldidagi maqsad va vazifalardan kelib chiqqan holda, ularni mumkin qadar to'laroq amalga oshirishdagi imkoniyatlarini aniqlash juda muhimdir. Yoki, xalq pedagogikasining o'quvchilarni tarbiyalashdagi va ularga ta'lim berishdagi imkoniyatlarini qay darajada ekanligini bilish lozim.
O'zbek xalqining har bir avlodi xalq ommasining bir necha asrlar mobaynida to'plagan tarbiya an'analarini bolani hayotga va mehnatga tayyorlashda qo'llab kelgan. Ya'ni, xalq pedagogikasining imkoniyatlaridan amalda foydalangan. Bizning oldimizda esa zamonaviy o'zbek maktabi o'kuv-tarbiya jarayonida milliy tarbiya madaniyatini qo'llash uchun ularning imkoniyatlarini aniqlash masalasi turibdi. Xalq pedagogikasining tarbiya ishini amalga oshirishdagi imkoniyatlari deganda nima tushuniladi?
Ma’lumki, xalqning pedagogik qarashlari uzoq asrlar davomida shakllangan va ular bizga alohida qo’llanma, dastur, darsliklar shaklida etib kelmay, asosan xalq og’zaki ijodiga kiruvchi turli janrdagi asarlar — elshunoslik, qadrshunoslik, udumpgunosliklar qatida saqlanib qolgan.
Pedagogika fani xalq tarbiyasi tajribasidan eng yaxshilarini qabul qilib oladi. Kishilar yosh avlodda mehnatsevarlik, itoat qilish, matonatlilik, sofdillik, qaqqoniylik, xushmuomalalik, ota-onalarga, kattalarga hurmat, o’zidan kichiklarga g’amxo’rlik va yomonlikka nafrat singari muhim axloqiy sifatlarni tarbiyalagan.
Xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlari deganda xalq tarbiya tajribasidan joy olgan empirik pedagogik bilimlar, ma'lumotlar, malakalar va ko'nikmalarning zamonaviy maktab va oila tarbiyaviy sistemasida bolalar va o'quvchi-yoshlarni tarbiyalash maqsad va vazifalarini hal etish uchun zarurligi(qulay shart-sharoit yaratishi) tushuniladi. Masalan, xalq maqollarining tarbiyaviy imkoniyatlari maktabda tarbiyaning asosiy maqsadidan kelib chiqadi. Tarbiyaning asosiy maqsadi - har tomonlama etuk insonni(shaxsni) shakllantirish. Uning tarkibiy qismlari esa rivojlanayotgan va shakllanib kelayotgan shaxsning aqliy, jismoniy, axloqiy mehnat va nafosat tarbiyalaridir. Maqollar esa, tarbiyaviy jarayonda shaxsni shakllantirishning sanab o'tilgan tarkibiy qismlarini amalga oshirishda qulay shart- sharoit yarata oladi. Jumladan, xalq maqollaridan aqliy tarbiyaga oid, jismoniy tarbiyaga xos, axloqiy, mehnat va nafosat tarbiyalariga taalluqli o'nlab namunalarni tanlab olish mumkin. Ular esa o'qitishda, sinfdan tashqari tarbiyaviy faoliyatda va maktabdan tashqari tarbiya ishida yuqorida keltirilgan shaxsni shakllantirishning o'zaro bog'liq bo'lgan barcha yo'nalishlarini amalga oshirish uchun lozim bo'lgan tadbirlarda keng qo'llanilishi mumkin.
Xalq pedagogikasinnig manbalari ma'lum tarbiyaviy imkoniyatlarga ega bo'lib, ular eng avvalo maktabning (yoki oilaning) oldida turgan maqsad va vazifalaridan, so'ngra esa aniq pedagogik jarayonda hal etiladigan masalalaridan kelib chiqadi. Xususan, o'quv jarayonida yoki sinfdan tashqari tarbiyaviy ishlarda xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlariga murojaat etish mumkin. Masalan, boshlang'ich sinflarda, aniqrog'i 3-sinfda o'zbek xalq maqollari o'rganiladi. Mazkur sinf uchun "O'qish" darslaridan birida "O'zbek xalq maqollari" mavzusi bor. Dars jarayonida foydalanish uchun xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlari aniqlanadi. O'qituvchi xalq tarbiya an'analari imkoniyatlarini aniqlashda darsning maqsadlariga e'tibor beradi. Ya'ni, "O'zbek xalq maqollari" mavzusidagi darsning quyidagi maqsad va vazifalarini ajratib ko'rsatish mumkin: xalq og'zaki ijodi namunalari bilan tanishtirish, maqollarnii o'rgatish va ular haqida tasavvur hosil qilish; maqollarning mazmunidan foydalanib, o'quvchilarni mehnatsevarlikka, kamtar va odobli bo'lishga, o'zidan kattalarni hurmat qilishga undash; xalq og'zaki ijodi namunalarini to'plash va ularni asrashga chaqirish. Keltirilgan maqsad va vazifalarni hal etishga imkon beruvchi o'zbek xalq maqollari tanlab olinadi va bular xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlarini tashkil etadi.
«Xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlari» tushunchasini kiritishningg o'zi xalq tarbiya an'analarini zamonaviy maktab va oila tajribasida qo'llash doirasi ma'lum darajada chegaralanganligini anglatadi. Xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlari zamonaviy maktab oldida turgan vazifalar, uning ehtiyojlaridan kelib chiqadi. O'quv-tarbiya jarayoni samarasini oshirishga to'la imkon bergan taqdirdagina xalq tarbiya tajribasiga murojaat qilish mumkin. Keyingi vaqtlarda O'zbekiston pedagogik davriy nashrlarida xalq pedagogikasiga keng o'rin berilganligini mamnunlik bilan qayd etgan holda, uning mavjud imkoniyatlarini haddan tashqari bo'rttirib ko'rsatish, milliy qadriyatlarni umuminsoniy qadriyatlardan ustun qo'yish, ilmiy pedagogikaga bir yoqlama, ya'ni faqat tanqidiy ko'z bilan qarash kuzatilayotganligini ta'kidlash lozim.
Bizningcha, xalq pedagogikasini maktab amaliyotiga tatbiq etishda uning tarbiyaviy imkoniyatlarini hozirgi kun talab va ehtiyojlaridan kelib chiqib, to'g'ri baholash zarur. Xalq pedagogikasi faqatgina ilmiy pedagogika bilan hamkorlikdagina chuqur o'rganiladi. Tarbiya va o'qitishning nazariyasi va uslubiyoti (metodikasi) xalq pedagogikasidan o'quv-tarbiya jarayonida ilmiy asosda foydalanish imkonini beradi. Milliy maktab yaratishda an'anaviylikni zamonaviylik bilan to'g'ri bog'lay olish evazigagina har tomonlama etuk shaxsni shakllantirish vazifalarini mumkin qadar to'laroq hal qiluvchi talim-tarbiya sistemasini ishlab chiqarish mumkin. Yoki, so'z xalq pedagogikasini ilmiy pedagogika va zamonaviy maktab ta'lim-tarbiya tajribasi bilan asosli ravishda bog'lash haqida bormoqda. Bu o'rinda biz xalq pedagogikasining tarbiyaviy imkoniyatlarini aniqlash va ulardan milliy maktab o'quv-tarbiya jarayonida foydalanishning «tarbiya madaniyatida an'anaviylik va zamonaviylikning o'zaro tasiri» printsipini ilgari surdik. Bu prinsipning mohiyati quyidagicha:
Milliy ta'lim-tarbiya uchun tarbiyada an'anaviylik va zamonaviylikning o'zaro ta'siri muammosi xosdir. Ya'ni, xalqning etuk inson haqidagi ideallari, uni tarbiyalashga bo'lgan qarashlarini shaxsni shakllantirishga qo'yiladigan zamonaviy talablar bilan taqqoslash va ular orasidagi munosabatni aniqlash lozim.
Xalq pedagogikasining didaktik imkoniyatlari deganda xalq ommasining yoshlarga bilimlar va amaliy ko'nikmalar berish, ularni ijodiy ishlash uslublari bilan qurollantirish, dunyoqarashlarini o'stirish va axloqiy nafosat g'oyalarini egallashlarida qo'llab kelgan empirik pedagogik tajribasini zamonaviy milliy maktabda o'qitish jarayonida qo'llash uchun qulayligi tushuniladi. Masalan, milliy amaliy san'atga o'rgatishning xalq orasida tarkib topgan uslubiyotini xalq pedagogikasining didaktik imkoniyatlari doirasiga kiritish mumkin. Xususan, ganch va yog'och o'ymakorligi, zardo'zlik, musiqa asboblari yasash, kulolchilik va boshqa ko'plab amaliy can'at turlarini egallashning xalq ustalari va chevarlari tomonidan tajribada yaratilgan o'z usullari, uslub va vositalari mavjud. Ulardan milliy maktabdagi mehnat ta'limi darslarida yoki to'garak mashg'ulotlarida o'quvchilarga bilimlar va amaliy ko'nikmalar berishda foydalanish mumkin. Xalq doimo bolalarda to’g’ri xulq-atvorni tarbiyalash to’g’risida g’amxo’rlik kilgan va tarbiyalash usullarini o’zi o’ylab topgan. Odatda xalqning dono fikrlarini esda saklab krluvchi, avloddan-avlodga o’tkazuvchilar — keksalar bo’lgan. Qariyalar kishilarning turmush tajribalaridan bahramand bo’lib, donolik darajasiga ko’tarilgan, xalq orasidan chiqqan «pedagoglar»dir. Ular yosh avlodga va yosh ota-onalarga o’z pasiqatlari va maslahatlari bilan ta’sir ko’rsatganlar. Xalqning yuksak orzulari, maqsadlari, e’tiqod, fikrlarini o’zlarida aks ettirishgan. Shunday qilib, tarbiyachi- enagalar xalq orasida eng yaxshi pedagoglar vazifasini o’taganlar.
Masalan, yozuvchi Sadriddin Ayniy o’zining bolalikdagi tarbiyachi-enagasi To’tiposhshani hikoyachilikdagi birinchi ustozi deb hisoblaydi. Abay Qo’nonboev enagasi Zeroni, Hamza o’z onasi Oyshani, Po’lkan baxshi tarbiyachi otaxoni Jassoq baxshini, L.N.Tolstoy enagasi Tatyana Filippovnani, Hamid Olimjon buvisini zo’r ehtirom bilan eslashadi va ularning mashhur bo’lib, elga tanilishlarida ular ko’rsatgan ta’sirni, xizmatni bot-bot e’tirof etishadi. Xalq og’zaki ijodining jozibadorligi bolalar e’tiborini o’ziga shunday jalb etadiki, ular hatto o’z o’yinlarini ham unutadilar.
Xulosa tariqasida o'quv muassasalarida xalq pedagogikasidan foydalanish uchun uning tarbiyaviy va didaktik imkoniyatlarini bilish zarurligini aytish mumkin.