FAQIR - kambag‘al, moddiy yoki ma’naviy jihatdan muhtoj odam. Kambag‘al
(fuqaro)ga, ya’ni ijtimoiy jihatdan nochor odamlarga g‘amxo‘rlik qilish zarurligi Qur’oni
karimda, sunna va pandnoma asarlarida alohida ta’kidlanadi. Zohidlik va so’fiylik
"kambag‘allik" ("faqr", "fuqr")ni keng targ‘ib qilgan. "F." deyilganda "darvish" va
"so’fiy"lar tushunilgan. Shoirlar, mualliflar, xattotlar ham o‘zlarini kamtarlik bilan F. deb
atashgan.
FAQIH (arab. - tushunuvchi, anglovchi, vdrok qiluvchi) - shariat hukmlarini mukammal
bilgan, fiqh fani bilan shug‘ullanuvchi odam. F.ning bir necha darajalari bo‘lgan. Eng oliy
darajadagi F.lar - mujtahidlar fiqh bo‘yicha shu qadar chuqur bilimga ega bo‘lishganki,
manbalarni sharxlash yo‘li bilan mustaqil holda odob-axloq qoidalarini ishlab chiqqanlar
(q. Usul al-fiqh). Ma’lum bir mazhab asosida fiqhning ma’lum bir masalasi yuzasidan o‘z
fikrini bildiruvchi muftiy ham F. deb atashgan. Shuning uchun "F.", "mujtahid" va "mufti"
ko‘pincha sinonim so‘z sifatida keltiriladi. Ba’zi hollarda davlat, ijtimoiy hayotning muhim
masalalarini hal etishda F.ga muhim o‘rin ajratiladi (mas., Eron Islom Respublikasida).
FAG’NAVIY - q. Anjirfag‘naviy.
FIDOYILAR (arab. - biron maqsad yo‘lida o‘zini qurbon qilishga tayyor shaxslar) - o‘rta
asrlarda Eron, Suriya, Livandagi yashirin hashshoshiylar tashkilotining a’zolari. Keyingi
davrlarda musulmon mamlakatlaridagi qurollangan ozodlik kurashi qatnashchilariga
nisbatan ham ko‘pincha F. atamasi ishlatila boshlandi. Mas., Eronda 70-y.lar boshidan
faollashgan yosh ziyolilar va talabalarni birlashtirgan "Fidoiyoni xalq" ("Xalq fidoyilari")
tashkiloti inqilob davrida kuchaydi, lekin inqilob g‘alabasidan so‘ng u ta’qib ostiga olindi.
FIR’AVN - Qadimgi Misr podsholarining nomi. F.larning 31 sulolasi ma’lum. Oxirgi F.
makedoniyalik Iskandar (mil. av. 356-323) Misrni bosib olgan paytda hukm surgan.
Qur’onda tilga olingan F. o‘zini xudo deb e’lon qilgan zolim podshohni ifodalovchi
umumlashma nom. Alloh uning huzuriga Muso (as)ni yuboradi. Ammo F. unga imon
keltirmaydi; aksincha, o‘z qudratini namoyish qilish uchun amaldori Homonga
"osmono‘par" minora qurishni buyuradi. Dindorlarni, ayniqsa, yahudiylarni ta’qib qiladi.
Muso (as) o‘z qavmi bilan Misrdan chiqib ketishga ahd qilganda, askari bilan uning
ketidan quvadi, lekin dengiz suvlari uni o‘z domiga tortadi. Oxirgi pallada tavba qilgach,
Alloh irodasi bilan to‘lqinlar F.ni qirgoqqa olib chiqadi. Musulmon diniy va badiiy
adabiyotida F. eng qabih imonsizlik (o‘zini xudo deb e’lon qilishi) va zolimlik timsoli
sifatida gavdalanadi.