ISLOM MAZHABCHILIGI - islom dinida ijtimoiy-siyosiy ziddiyatlar va hokimiyat uchun
kurash jarayonida vujudga kelgan xilma-xil yo‘nalishlar va oqimlarning umumiy nomi.
Mazhab tor ma’noda shariatga xos huquq yo‘nalishlarini anglatadi. Lekin, mazhabchilik
iborasi keng ma’noda dinlardagi barcha guruhlarga ajralishlarni ifodalaydi. Shu ma’noda
I. m. bu dindagi barcha guruhlar ajralish shakllarini o‘z ichiga oladi, ularning 5 turini bir-
biridan tafovut qilish kerak: 1) islomdagi asosiy yo‘nalishlar. Islomda dastlab yuz bergan
ixtiloflar natijasida alohida diniy ta’limot, marosimchilik, axloqiy-huquqiy me’yorlarga oid
bir qator masalalarda bir-biridan tafovut qiladigan 3 asosiy yo‘nalish vujudga kelgan.
Bulardan sunniylik va shialik hozirda ham mavjud, lekin xorijiylar yo‘nalishi o‘rta
asrlardayoq avval ko‘p firqalarga ajralib, keyinchalik yo‘qolib ketgan, undan faqat bitta
ibodiylar (abodiylar) firqasi saqlanib qolgan. 2) Islomdagi firqalar, mohiyatan aqidaviy
ta’limot va marosimchilik masalalarida oz yoki ko‘p darajada bir-biridan tafovut qiladigan
diniy guruhlar. Islomda firqalarning eng ko‘pi shialikdan ajralib chiqqan, bulardan
qarmatiylar, ismoiliylar, zaydiylar, nusayriylar, aliilohiylar, druzlar va b. hamda ular
ichidan ajralgan ko‘p kichik firqalarni, yangi davrda vujudga kelgan bobiylik, bahoiylik
kabilarni tilga olish mumkin. Sunniylik islomda ortodoksal diniy ta’limot hisoblangan,
o‘rta asrlarda undan firqalar ajralib chiqmagan. Urta asr oxirlari va yangi davrga kelib
unda ham firqa va oqimlar paydo bo‘lgan. Bulardan ravshaniylar (17-a.), ahmadiya,
voisovchilar firqalarini (19-a.), vahhobiylik, mahdiylik, panislomizm kabi diniy-siyosiy
oqimlarni ko‘rsatish mumkin. 3) Mazhablar, shariat mazhablari ham islomdagi
ajralishning alohida shaklidan iborat. 4) Ilohiyot oqimlari bo‘lib, ular islom ilohiyotining
shakllanish bosqichida ilohiyotga doir ayrim masalalar bo‘yicha ixtiloflar tufayli vujudga
kelgan. Bulardan ash’ariylar, jabariylar, qadariylar, sifatiylar, murji’iylar, mu’taziliylar va
b.ni ko‘rsatish mumkin. Ortodoksal ilohiyot ta’limoti bo‘lgan Kalom shakllanib hukmron