ISLOM SAN’ATI MUZEYI - Misrdagi eng yirik muzeylardan, Qohira sh.da 1881 y.da
asos solingan. 1952 y.gacha Arab san’ati muzeyi deb atalgan. Arab mamlakatlari, Eron
va Turkiyaning o‘rta asrlar monumental bezak va amaliy san’at asarlarini jamlagan.
Muzey to‘plami negizini Qohira masjidlari, xususiy uylardan keltirilgan va Qohirada qazib
olingan topilmalar tashkil qiladi. Muzeyda o‘ta qimmatbaho qo‘lyozma kitoblar va
miniatyuralar, yog‘och o‘ymakorligi (Fotimiylar saroyidagi ov lavhalari tasvirlangan
releflar, 11-a. va b.), kulollik, kandakorlik, rangli emal bilan naqshlangan shisha
(masjidlar chiroqlari, idishlari) buyumlar va b. saqlanadi.
ISLOM TARAQQIYOT BANKI (ITB) -xalqaro bank. 1974 y. musulmon davlatlari tashqi
ishlar vazirlarining kengashida ITBni tuzish haqida qaror qabul qilingan, bank o‘z
faoliyatini 1975 y.da boshlagan. Qarorgohi Jiddada. ITBni Boshqaruvchilar kengashi va
Direktorlar kengashi boshqaradi. Bank prezidenti 5 yil muddatga saylanadi. Maqsadi -
musulmon mamlakatlarining iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotiga yordam berish. Islomda
pulga foyda (foiz, q. Ribo) olish taqiklangani sababli bankka qo‘yilgan mablag‘lar uchun
foiz olinmaydi va berilmaydi.
ISLOM FUNDAMENTALIZMI - Qur’on va hadislarni so‘zma-so‘z talqin etuvchi, ilk
islomga qaytishga qaratilgan aqidalarni targ‘ib qiluvchi diniy-konservativ ruhdagi oqim.
I.f. vakillari islomning fundamental (asosiy) tamoyillari (I.f. nomi shundan) jamiyatning
taraqqiyot yo‘lini belgilab beradi, deb hisoblaydilar va faqat ularga amal qilishga da’vat
etadi. Keyingi paytlarda mutaassib musulmonlar "fundamentalistlar" deb atalmoqda. I.f.
turli yo‘nalish va kayfiyatdagi guruhlarni o‘z ichiga oladi. Ularning ba’zilari terroristik
usullar bilan qonuniy hokimiyatga qarshi kurashda o‘zlarini namoyon etsalar, boshqalari
targ‘ibot-tashviqot ishlari, diniy ta’lim, turli jamoat tashkilotlari, maktab, universitet,
ommaviy axborot vositalariga kirib borish, ayniqsa, foydalanish oson bo‘lgan audio-video
kassetalarni tarqatish bilan shug‘ullanadi. I.f.ga xos bo‘lgan g‘oyalar - g‘arb turmush
tarzi va g‘arb tovarlarining iste’moliga qarshi kurash, dinsiz yoki "sof islomdan
chekingan" davlat rahbarlarini jismonan yo‘q qilish (eng yorqin misol - Anvar Sadatga
uyushtirilgan suiqasd), islomda "shirk" (butparastlik)ka barham berishdir. I.f. talqinida
aziz-avliyolar qabrlarini e’zozlash (masalan, Axmad Yassaviy, Najmiddin Kubro va
Bahouddin Naqshband kabi tasavvuf tariqatlari asoschilari ruhini hurmatlash) ham
butparastlikka kiradi. Hoz. davrda I.f. vakillari butun dunyoga yoyilib, turli yo‘llar bilan
bir davlatdan boshqa davlatga o‘tishga, har yerda o‘z maslakdoshlarini topishga
intilmoqda.