www.ziyouz.com kutubxonasi
187
uyg‘otadi, insoniy xislatlardan, haqiqat, ma’naviyat va ma’rifatdan yIroqlashtiradi. "Nafs
ajdahosi" komidan xalos bo‘lganlar uchun esa, faqat Alloh - Hakdir, haqiqatdir. Shu bois
inson faqat Allohni sevishi, unga oshiq bo‘lishi, komil inson bo‘lishga astoydil intilishi, bu
mashaqqatli yo‘lda barcha uqubatlarga chidashi lozim. Barcha yaxshilik, ezgulik -
Allohdandir, binobarin Uni sevgan kishi o‘z yaqinlarini, ota-onasini, el-yurtini, jamiki
yaxshi odamlarni ham sevadi. M. umrining so‘ngga 20 yili darbadarlikda o‘tgan, o‘z
vatanida haqgo‘y, isyonkor shoir, qalandar sifatida mashhur bo‘lgan. M. turli
ma’rakalarda, xalq orasida mutaassib ruhoniylarni, zulmkor hokim-amaldorlarni achchiq
kinoya va nafrat bilan tanqid qilgan. Ulamolar fatvosi va Balx hokimi Mahmud Qatag‘on
hukmi bilan M. dahriylikda ayblanib, Kunduz sh.da dorga osiladi. M.ning shaxsiyati va
ijodiyoti o‘zbek adabiyoti rivojiga barakali ta’sir ko‘rsatdi, g‘azallari el xotirasida
muhrlanib qoldi. Mustaqillik davrida M. tavalludining 350 yilligi nishonlandi (1992).
Namangan sh.da Mashrab bog‘i va haykali barpo etildi. M.ning tasavvufiy ruhdagi o‘nlab
she’rlari, "Mabdai nur" asari mo’tabar manbalar asosida birinchi bor nashr etildi.
MASHHAD (arab. - shahid bo‘lgan joy) -Erondagi shahar. Muhim tarixiy-madaniy va
diniy markaz. Shialar rivoyatiga ko‘ra, ularning 8-imomi Ali ar-Rizo shu joyda xalifa
buyrug‘i bilan o‘ldirilgan, keyinchalik maqbara qurilgan. M. imom Ali ar-Rizo maqbarasi
tufayli shialarning uch muqaddas shaharlaridan biri (Najaf va Karbalo bilan birga) va
ziyoratgohi hisoblanadi. M.da abbosiylardan Horun ar-Rashidning qabri bor. Aholisi,
asosan, to‘qimachilik bilan shug‘ullanadi. Sanoati rivojlangan boy shahar.
MASHHAD - shahid ko‘milgan yer, aziz insonlar - Muhammad (sav)ning qarindosh-
urug‘lari va sahobalari, shia imomlari, yirik diniy arboblar, avliyolar mozorini anglatuvchi
keng tarqalgan nom. Boshqa nomlari - kubba, maqom, mozor, imomzoda. Odatda M. -
ziyorat qilinadigan joy, bir avliyo uchun ba’zan bir necha joydagi qabr ko‘rsatiladi. M.
istilohi muqaddas qabrlar joylashgan shaharlar nomlarida ham qo‘llaniladi, mas.,
Mashhad Ali (Najaf), Mashhad al-Husayn (Karbalo), yoxud shahar nomiga aylanadi -
Erondagi Mashhad (Mashhad ar-Rizo).