ABDURAHMON ibn AVF (taxm. 579-654) -sahoba; makkalik ilk (Xadichadan keyin)
sakkiz musulmonning beshinchisi. Asharai Mubashsharalardan. A.i.A. ham
Habashistonga, ham Madinaga ko‘chgan muhojirlardan. Badr, Uhud va b. janglarda
Muhammad (sav)ning yonlarida bo‘lgan. Uhud jangida yigirma joyidan yaralangan.
Dastlab faqir edi, so‘ngra tijorat bilan shug‘ullanib boyib ketgan. Xayr-ehsonni ko‘p
qiladigan, bu odatni yaxshi ko‘radigan zot bo‘lgan. Bir kunda o‘ttiz qulni ozod qilgan.
Mol-dunyosining bir qismini hayotligida musulmonlarga tarqatgan, bir qismini g‘oziylarga
vasiyat qilib qoldirgan. Umar (ra)dan so‘ng xalifa bo‘lishni istamagan, hakamlik qilgan.
Usmon (ra)ni xalifa etib saylagan va hammadan oldin unga bay’at qilgan.
ABDURAHMON ibn SAMUR al-ANSORIY (? - 670) - sahobalardan. Tobuk g‘azoti,
Iroq, Sijiston, Xuroson va b. mamlakatlarni fath etishda qatnashgan. Seyiston noibi
(653-666). Basrada vafot etgan. Mahmud ibn Valining yozishicha, uning qabri Marvi
Shohijahon (Marv)da joylashgan.
ABDUSSALOM al-MUBORAKPURIY, to‘liq nomi Abulhuda Muhammad Abdussalom ibn
ash-Shayxxon Muhammad (1872-1924) -hadisshunos, tarixchi. Hindistondagi
Muborakpur qishlog‘ida, ziyoli, taqvodor oilasida dunyoga kelgan. Qur’oni karim, hadisi
sharif, tafsir, fiqh, tarix, hikmat va tabobat ilmlari bo‘yicha zamonasining eng yirik
allomalaridan ta’lim olgan. 22 yil davomida boshlang‘ich va oliy madrasalarda, so‘ng
umrining oxirigacha "Dor ul-hadis ar-rahmoniyya" un-tida mudarris. Uzoq yillar olib
borgan tadqiqotlariga tayanib, islom ilmi va tarixga doir bir qancha asarlar yaratgan.
Ulardan "Siyrat al-Imom al-Buxoriy" islom olamida mashhur bo‘lib, hadis ilmi va
muhaddislar xususidagi asarlarning eng batafsili va mukammali hisoblanadi. Bu asar
1955-86-y.larda Banorasda ikki marta nashr etilgan.
ABDULXOLIQ G’IJDUVONIY - q. G’ijduvoniy.