O’TKIR HOSHIMOV (1941) Talantli yozuvchi O’tkir Hoshimov 1941 yili Toshkentda ishchi oilasida tugildi. U o‘rta maktabni
bitirgach, 1959—1964 yillar Toshkent Davlat dorilfununining filologiya fakulteti jurnalistika
bo‘limida ta’lim oldi. Utkir Hoshimov «Toshkent haqiqati», «Srvet O’zbekistoni», 1966 yildan
«Toshkent oqshomi» ro‘znomasi muharririyatida bo‘lim mudiri, G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot
va san’at nashriyotida bosh muharrir o‘rinbosari vazifalarida ishladi. Hozirgi kunda «Sharq
yulduzi» oynomasining bosh muharriridir.
O’tkir Hoshimov o‘z ijodini she’r va ocherklar yozishdan boshladi. Uning birinchi ocherklar
to‘plami 1962 yilda «Po‘lat chavandoz» nomi bilan nashr etildi. So‘ngra «Cho‘l havosi» (1963),
«Odamlar nima derkin...», «Shamol esaveradi», «Bahor qaytmaydi» (1970), «Qalbingga quloq
sol» (1973), «Uzun kechalar» (1975), «Nimadir bo‘ldi» (1976), «Quyosh tarozisi» (1980),
«Dunyoning ishlari» (1982) hikoya va qissalar to‘plamlari hamda «Nur borki, soya bor» (1979),
«Ikki eshik orasi» (1986) romanlari bosilib chiqdi. Hozirgi kunda uning «Uyqudagi tushlar»
romani «Sharq yulduzi» oynomasida bosilmoqda. Unda shaxsga sig‘inish va qatag‘onlik davri
illatlari haqida hikoya qilinadi. 1974 yili esa «Birovning tashvishi» nomly psixologik dramasi
sahnalashtirildi.
Bundan tashqari, O’tkir Hoshimov O’rta Osiyo respublikalarining qator teatrlarida namoyish
qilingan «To‘ylar muborak», «Sizdan ugina, bizdan bugina» kabi p’esalarning muallifidir.
O’tkir Hoshimov E. Xeminguey, K. Simonov, A. Kuprin, O.Bergolts singari yozuvchilar asarlarini
o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Asarlari qardosh xalqlar va xorijiy tillarga tarjima qilingan.
Ijodkor 80-yillar publitsistikasi rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan adiblardan biridir. Uning odob-
axloq, ma’naviy olam, milliy qadriyatlar, sho‘ro davri adolatsizliklarini dadil yoritgan ocherk va
teleko‘rsatuvlari bu davrning barkamol mevalaridir.
O’zbekiston xalq yozuvchisi (1991) O’tkir Hoshimov «Dunyoning ishlari» qissasi uchun Oybek
nomidagi (1982) hamda «Ikki eshik orasi» romani uchun Hamza nomidagi Respublika Davlat
mukofotiga (1986) sazovor bo‘lgan.