www.ziyouz.com kutubxonasi
115
Umar suvdan o‘ta boshladi. Bir qo‘li bilan tuyaning yuganini ushlab olgan va etiklari esa
chap qo‘ltig‘ining ostida edi. U kishining oldiga Abu Ubayda ibn Jarroh chiqdi. U kishi
Shomga amir edi. Ubayda ibn Jarroh aytdi: «Ey amiral mo‘minin! Shomning ulug‘lari
oldingizga peshvoz chiqyaptilar. Bu holda sizni ko‘rishlari yaxshi bo‘lmaydi». Umar, Alloh
undan rozi bo‘lsin, aytdi: «Alloh bizlarni Islom bilan aziz qildi. Odamlarning gaplariga
parvo qilmaymiz».
Salmon Forsiydan zikr qilindi: U kishi Madoin shahrida amir edi. Shu shaharning
ulug‘laridan biri bozordan bir narsa sotib oldi. Salmon Forsiy o‘tayotganda, uni Islomga
kirmagan ajamlik kishi deb o‘ylab: «Ey, bu yerga kel, buni ko‘tarib ol!» dedi. Salmon
Forsiy ko‘tarib oldi. U kishidan odamlar: «Alloh amirni isloh qildi: Bizga bergin, biz
ko‘taramiz», deyishdi. Salmon Forsiy bosh tortdi. Haligi kishi o‘ziga aytardi: «Sho‘rim
qursin! Nima uchun amirga yukimni ortdim?» Shundan so‘ng uzr so‘radi: «Men sizni
tanimabman, Alloh sizni isloh qildi», dedi. Salmon: «Boraver», dedi. Uning uyiga bordi
va yukini tashladi. Keyin haligi kishi: «Hech qachon, hech kimga yukimni
tashitmayman», dedi.
Ammor ibn Yosirdan rivoyat qilindi. U kishi Kufada amir edi. Baqqolning do‘koniga
chiqib, yeydigan narsalar sotib oldi. Keyin bu narsalarni ziyoda qilishni so‘radi. Poxoldan
bo‘lgan xalta oldi, bir tomonini sotuvchi oldi. Keyin u xaltani to‘ldirib, Ammorning
orqasiga qo‘ydi va u kishi yukni uyiga olib ketdi.
Abu Hurayradan rivoyat qilindi, Alloh undan rozi bo‘lsin. U kishini Umar ibn Xattob
Bahraynga amir qilib yubordi. U kishi Bahraynga eshakda kirib bordi. Yo‘lda xaloyiqqa
qarab: «Amirning yo‘lini bo‘shatinglar, amirning yo‘lini bo‘shatinglar», deb aytib borardi.
Bu zotlar Payg‘ambarning (s.a.v.) sahobalaridan edilar. Xulqlari kamtarinlik edi. Ular
bandalar oldida ham, maloikalar oldida ham, Allohning nazdida ham aziz zotlar edilar.
237. Abu Hurayra, Alloh undan rozi bo‘lsin, Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qiladi.
Aytdilar: «Sadaqa berish bilan mol noqis bo‘lmaydi (kamaymaydi). Kimki boshqa
kishidan zulm ko‘rsa, zulm (qilgan) kishisini afv etsa, u bandani Alloh izzatli qiladi.
Kamtarin kishilarning izzatini Alloh ziyoda qiladi».
238. Payg‘ambardan (s.a.v.) rivoyat qilindi: U kishi Oisha onamizning uylarida edilar. U
kishining qo‘llarida tovoqda quruq go‘sht bor edi. U kishi ikki tizzalariga cho‘kkalab, yeb
turardilar. Ayolga uchrasa ham, erkakka uchrasa ham, hech parvo qilmaydigan bir
fohisha, yomon xotin kirib keldi. So‘ngra Payg‘ambarga (s.a.v.) qaradi va: «Qaranglar
mana bunga! Qul o‘tirgandek o‘tiribdi, qul ovqat yegandek ovqat yeyapti», dedi.
Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: «Men qulman, qul o‘tirgandek o‘tiraman, qul yegandek
yeyman, sen ham yegin bundan». Xotin: «Yo‘q, qo‘ling bilan bersanggina yeyman»,
dedi. Payg‘ambar (s.a.v.) qo‘li bilan uzatmoqchi bo‘ldi. Xotin: «Yo‘q, og‘zingdagidan
bersang, yeyman», dedi. Rasulullohning og‘izlarida quruq go‘shtning payi qolgan edi,
chaynab turardilar. Og‘izlaridan chaynab turgan payni chiqarib, unga berdilar. Xotin
payni olib chaynadi-da, yutib yubordi. Pay xotinning qorniga tushdi. Shu paytning
o‘zidayoq u xotinni hayo o‘rab oldi. Hattoki, biror kishiga qarashga botinolmadi.
Shundan keyin undan biror botil narsa eshitilmadi. Toki, Alloh taologa qaytdi.
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy