Ingichka cho‘l yalpiz – (Ziziphora tenuior L). Bir yillik, asosidan shoxlanuvchi, momiq tuklangan, gullar to‘plamlarida uzun tuklar joylashgan, balandligi 5-30 sm. Barglari poyada 2 juft uzunchoq tuxumsimon kalta bandli tez to‘kilib ketuvchi, kosachasi nashtarsimon 5-8 mm uzunlikda. Uchburchaksimon uchli, tishchali. Tojibarglari ochiq binafsha rangli. 8-11 mm uzunlikda. Yong‘oqchasi 3 qirrali uzunchoq nashtarsimon. Qo‘ng‘ir rangda. 1.5 mm uzunlikda. May-iyun oylarida gullab, iyun-avgust oylarida urug‘lari yetiladi. O‘zbekistonni barcha tog‘ oldi va tog‘larni o‘rta mintaqalaridagi toshli, gil tuproqli, shag‘alli joylarida tarqalgan. O‘simlikdan tayyorlangan qaynatma yurak ish faoliyatini yaxshilash uchun ichaklar ish faoliyatini yaxshilashda, ichburug‘da va ich qotishida ishlatiladi.
Limono’t (Melissa) turkumi ko’p yillik, sertukli, 30 - 60 sm balandlikdagi o’t o’simlik. Poyasi bitta yoki ko’p, qarama-qarshi shoxlangan. Barglari tuxumsimon, bir oz o’tkir uchli, sertuk (ustki tomonidan), arrasimon qirrali bo’lib, qisqa bandi bilan poya va shoxlarida qarama-qarshi o’rnashgan. Oq rangli, tukli, ikki labli gullari gul bandi bilan barg qo’ltig’iga joylashib, to’p gulni hosil qiladi. Mevasi 4 ta yong’oqcha.
Dorivor limono’t (Melissa officinalis). Yer ustki qismida efir moyi, S vitamini, karotin, fenilkarbon kislotalar, triterpenlar, flavonoidlar, oshlovchi va boshqa moddalar, urug’ida yog’ bor. Limono’t dorivor preparatlari Ibn Sino aytishicha yurakni mustahkamlaydi va unga yordam beradi, shuningdek, traxoma, xiqichoq tutish, og’izdan yomon hid kelishi va boshqa kasalliklarni davolaydi. Xalq tabobatida limono’t bilan nevroz, bronxial astma, ayollarni toksikoz, klimaks, yurak urishini buzilishi va boshqa kasalliklar davolanadi.
Tog’ rayhon - (Origanum) turkumi ko’p yillik, bo’yi 30-60, ba‘zan 90 sm ga etadigan xushbo’y o’t o’simlik. Poyasi bir nechta, tik o’suvchi, yuqori qismi sershoxli, tukli va to’rt qirrali bo’ladi. Bargi oddiy, cho’ziq tuxumsimon, o’tkir uchli, tekis qirrali bo’lib, bandi bilan poyada qarama-qarshi o’rnashgan. Gullari mayda, barg qo’ltig’ida 2-3 tadan joylashib, qalqonsimon to’pgul hosil qiladi. Qalqonsimon to’pgullar poya uchida ro’vaksimon to’pgulni vujudga keltiradi. Mevasi kosachabarg bilan birlashgan to’rtta yong’oqcha. Quruq, ochiq o’tloqlarda, quruq o’rmon va o’rmon yoqalarida, tepaliklar, qiyalar, toshloqlar hamda butazorlarda o’sadi.
Dostları ilə paylaş: |