15.5.
O‘YINLAR NAZARIYASI TADQIQOTCHISI
Amerikalik iqtisodchi olim
Jon Xarsani
asli vengriyalik bo‘lib,
uning ilmiy ishlari o‘yinlar nazariyasiga bag‘ishlangan (nokooperativ
o‘yinlar, to‘la bo‘lmagan axborotlar sharoitidagi o‘yinlar). “Axborot
iqtisodiyoti” asoschisi, 1994-yilgi Nobel mukofoti
sovrindori.
Jon Xarsani 1920-yil 29-mayda Vengriyada,
Budapesht shahrida tug‘ildi. U shahardagi
Lyuteran gimnaziyasida tahsil oldi. Olimning
aytishicha, gimnaziya Vengriyaning eng yaxshi
maktablaridan bo‘lib, bu yerdagi ta’lim tartibi
unga juda yoqqan. Maktabni bitirish pallasida,
ya’ni 1937-yilda Jon Xarsani maktab o‘quvchilari
uchun matematikadan har yili o‘tkaziladigan musobaqadan birinchi
o‘rinni egallaydi.
Uning ota-onasi dorixonaga egalik qilishar, bu ular uchun yagona
daromad manbayi bo‘lib, mo‘maygina foyda keltirardi. Xarsani oilada
yolg‘iz farzand bo‘lgani uchun ota-onasi uni oilaviy biznesga –
farmatsevt kasbiga tayyorlaydi. Jon falsafa va matematikaga qiziqishiga
qaramay, ota-onasining gapini ikki qilmaydi, ular istagini inobatga olib,
dorixonada ishlashni boshlaydi.
190
Найт Ф. Х. Риск, неопределенность и прибыль / пер. с англ. - М.: Дело, 2003. - 360 с.
191
Вечканов Г.С. Экономическая теория. 2-е издание. – СПб.; Питер, 2010 г. Ст.195-197.
Jon Xarsani (1920 y)
376
“O‘sha paytda Gitler Germaniyada hokimiyat boshqaruvida edi va
Vengriyada uning ta’siri tobora oshib borardi. Men bu sohani
tanlashimga yana bir sabab shuki, farmatsevt talabalar harbiy xizmatdan
ozod etilardi. Dorixonani tanlamaganimda, millatim yahudiy bo‘lgani
uchun meni Vengriya armiyasiga majburiy mehnat bo‘limiga xizmatga
chaqirib olishar edi”, – deydi Xarsani.
Dorixonada Jon 1944-yil may oyigacha tinch faoliyat yuritadi, keyin
esa nemis qo‘shinlari Vengriyani bosib olishadi. U maydan to noyabr
oyigacha ishchi guruh tarkibida xizmat qilishga majbur bo‘ldi. Noyabrda
esa fashistlar Budapeshtni ishg‘ol qilib, bu guruhni Avstriyadagi
konslagerga jo‘natadi. U yerda Jonning aksariyat tanishlari halok
bo‘lishgan. Xarsani esa Budapesht temir yo‘l vokzalidan, poyezd
Avstriyaga jo‘nab ketmasidan avval qochadi va tanishi bo‘lmish Iezuit
rohibi faoliyat yuritgan ibodatxona yerto‘lasiga yashirinadi.
Urush
tugagandan
so‘ng, 1946-yilda Xarsani Budapesht
universitetiga o‘qishga kiradi va doktorlik dissertatsiyasini yoqlaydi.
1947-yil sentabrdan to 1948-yil iyun oyigacha u Sotsiologiya institutida
kichik o‘qituvchi sifatida ishlaydi. U yerda o‘zi dars bergan talaba Anna
Klauber bilan yaqindan tanishadi va kelajakda ular turmush qurishadi.
Jon marksizmga ochiqchasiga qarshi chiqadi, bu siyosiy qarashi u
ishlayotgan institut siyosatiga tamomila zid edi, shuning uchun u
institutdan ketishga majbur bo‘ladi.
Anna institutda qolib, o‘qishni davom ettiradi, biroq kommunist
kursdoshlari uni tazyiq ostiga olib, Jon bilan munosabatlarini uzishni
talab qilishadi. U bu ishni qilmaydi, ammo biroz vaqt o‘tib, Vengriyada
sotsializm tuzumi to‘laligicha o‘rnatilgandan keyin,
1950-yil
aprel oyida Jon bilan birga mamlakatni tark etishga majbur bo‘ladi.
Ikki yosh pinhona, kam qo‘riqlanadigan serbotqoq hududdagi
chegaradan hayotlarini xavf ostiga solib mamlakatdan qochishadi. Ular
Avstriyaga yetib borishadi va Avstraliyaga ketish uchun ruxsatnomani
oylab kutishadi. Nihoyat 1950-yil 30-dekabr kuni Sidney shahriga yetib
kelishadi. 1951-yil 2-yanvarda Jon va Anna turmush qurishadi.
“Annaning ruhiy holati, amaliy ko‘magi va raso aqli menga doimo dalda
bo‘lgan”, – deb eslaydi Jon Xarsani.
377
Jonning diplomlari va ilmiy unvonlari Avstraliyada tan olinmaydi.
Ingliz tilini yaxshi bilmagani uchun u o‘ziga mos ish topa olmaydi va
avvaliga fabrikada oddiy ishchi sifatida mehnat qilishga majbur bo‘ladi.
Ammo Jon taqdirga tan bermaydi, Sidney universiteti kechki bo‘limi
iqtisodiyot kursiga o‘qishga kirib, u yerda 1953-yilda magistr darajasini
egallaydi.
1954-yilda Jon Brisbendagi Kvinslend universitetida iqtisodiyot
bo‘yicha ma’ruzalar o‘qiy boshlaydi. Jon Xarsaniga bu gal ham omad
kulib boqadi: u 1956 yilda Rokfeller stipendiyasiga sazovor bo‘ladi va
bu imkoniyat tufayli Anna bilan birgalikda AQSHdagi Stenford
universitetida ikki yil davomida tahsil oladi. Natijada u iqtisodiyot
yo‘nalishi bo‘yicha PhD – falsafa doktori ilmiy darajasiga, Anna esa
psixologiya magistri darajasiga erishadi. Stenford universitetida unga
Kennet Yerrou ilmiy rahbarlik qiladi va buni Jon katta muvaffaqiyat deb
biladi: “Men Yerrou bilan iqtisodiyot nazariyasini ikir- chikirlarigacha
muhokama qilardim va bu mashg‘ulot menga katta zavq keltirardi.
Uning maslahatiga kirib, men Stenforddagi o‘qish mobaynida
vaqtimning salmoqli qismini matematika va statistikani o‘zlashtirishga
sarfladim. Bu tadqiqotlarim menga keyinchalik o‘yin nazariyasi bilan
bog‘liq ilmiy ishlarimda katta foyda keltirdi”.
1958-yilda Jon oilasi bilan Avstraliyaga qaytib keladi va
Kanberradagi Avstraliya milliy universitetiga ishga kiradi. Jonning
ilmiy ishi, ya’ni o‘yin nazariyasi ustida olib borgan tadqiqoti
Avstraliyada deyarli ma’lum bo‘lmagani uchun u Kennet Yerrouga
murojaat qiladi. Natijada K.Yerrou va J.Tobinning yordami bilan
Detroytdagi (AQSH) Ueyn davlat universitetiga iqtisodiyot professori
etib tayinlanadi. Keyinchalik 1964-yili Jon Xarsani Berklidagi
Kaliforniya universiteti biznes maktabida ishlaydi. Uning yakkayu
yolg‘iz Tom ismli o‘g‘li shu yerda, Berklida tug‘iladi.
1950-yillar
boshida
Xarsani
fon
Neyman-Morgenshtyern
funksiyasining farovonlik iqtisodiyotida qo‘llanilishi haqida maqolalar
chop etadi. Jon Neshning 1950–53-yillar davomida nashr qilingan to‘rtta
mashhur asari ta’siri ostida Jonda o‘yin nazariyasining tor ma’nodagi
tushunchalariga nisbatan qiziqish paydo bo‘ladi. Aniqrog‘i, kooperativ
va nokooperativ o‘yinlar, ustun strategiyali muvozanat, Nesh bo‘yicha
muvozanat kabi mavzular ustida ish boshlaydi.
378
1956-yilda Jon Seyten va Nesh modellarining matematik
ekvivalentliligini ko‘rsatib o‘tadi va optimal xavf strategiyalar uchun
algebraik mezonlarni ishlab chiqadi.
1967–68-yillar davomida chop etgan uch qismli asarida ma’lumoti
to‘liq berilmagan o‘yinni yaxlit, biroq nomukammal o‘yinga aylantirish
yo‘lini ko‘rsatib beradi. Bu ilmiy ish nazariy-o‘yinli tahlil uchun muhim
sanaladi.
1973-yilda olim Nesh muvozanati aralash strategiyalarining deyarli
barchasi yutuq funksiyalari tasodifiy tebranishli tegishli o‘yinning toza
strategik muvozanati sifatida qabul qilinishi mumkinligini isbotlab beradi.
Bundan tashqari, Jon utilitar etika bo‘yicha qator kitoblarni chop etadi.
Shuningdek, 1977-yilda uning “Ratsional xatti-harakat hamda o‘yinlardagi
muzokaralar va ijtimoiy holatlardagi muvozanat”, 1976-yilda “Etika,
ijtimoiy xatti-harakat va ilmiy tushunchalar bo‘yicha esse”, 1982-yilda
“O‘yinlar nazariyasidan maqolalar” va 1988-yilda Reynxard Selten bilan
hamkorlikda yozilgan “O‘yinlarda muvozanatni tanlash umumiy
nazariyasi” deb nomlangan kitoblari chop etiladi. 1994- yilga kelib
“nokooperativ o‘yinlar” nazariyasidagi muvozanatni birinchi bor tahlil
qilib chiqqanligi uchun iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotiga Jon Xarsani
bilan birga yana ikki tadqiqotchi – Reynxard Selten (Germaniya) va Jon
Nesh (AQSH) sazovor bo‘ldilar.
Ushbu tadqiqot usulining o‘ziga xos asosiy belgilari ichida
quyidagilarni ajratish lozim:
1)
o‘yinlar nazariyasi individlarning o‘zaro shartlashilgan xatti-
harakatlari vaziyatini tahlil qilish bilan shug‘ullanadi: har bir shartning
hal etilishi o‘zaro hamkorlik natijasiga va, o‘z navbatida, qolgan
individlarning qarorlariga ta’sir ko‘rsatadi. Individ o‘z harakatlari
masalasini hal etayotib, o‘zini kontragentlar o‘rniga qo‘yib ko‘rishi kerak;
2)
o‘yinlar nazariyasi, mukammal kalkulyator sifatidagi individdan
tortib to robot sifatidagi individgacha qator modellardan foydalangan
holda, individlarning to‘liq ratsionalligini talab qilmaydi;
3)
o‘yinlar nazariyasi o‘zaro hamkorliklardagi muvozanatning
mavjudligi, yagonaligi va Pareto optimalligini nazarda tutmaydi.
Ushbu sabablar o‘yinlar nazariyasi yordamida qurilgan institutlarning
formal modellariga bo‘lgan qiziqishni orttiradi
192
.
192
Biznes-ekpert jurnali. №8, 2018-y.
|