I BOB. Kichik yoshdagi o‘quvchilar nutqini o‘stirish yo‘llari va vazifalari 1.1.Boshlang`ich sinf o`quvchilarining nutqini o`stirish nazariyasi Nutq — kishi faoliyatining turi, til vositalari so‘z, so‘z birikmasi, gap asosida tafakkurni ishga solishdir. Nutq o'zaro aloqa va xabar, o'z fikrini his-hayajon bilan ifodalash va boshqalarga ta’sir etish vazifasini bajaradi. Yaxshi rivojlangan nutq jamiyatda kishi faoliyatining muhim vositalaridan biri sifatida xizmat qiladi. O'quvchi uchun esa nutq maktabda muvaffaqiyatli ta’lim olish qurolidir. Nutq o'stirish nima? Agar o'quvchi va uning tildan bajargan ishlari ko'zda tutilsa, nutq o'stirish deganda tilni har tomonlama talaffuzi, lug'ati, sintaktik qurilishini, bog'lanishli nutqni faol amaliy o'zlashtirish tushuniladi. Agar o'qituvchi ko'zda tutilsa, nutq o'stirish deganda, o'quvchilaming tilning talaffuzi, lug'ati, sintaktik qurilishi va bog'lanishli nutqni faol egallashlariga yordam beradigan metod va usullami qo'llash tushuniladi. Shuning uchun ham grammatika va imlo dasturi tovushlar va harflar, so'z, gap, bog'lanishli nutq kabi qismlarni o'z ichiga olgan. Ona tili dasturining bo'limlari „Xat-savod o'rgatish va nutq o'stirish", „O'qish va nutq o'stirish", „ Grammatika, imlo va nutq o'stirish“deb nomlangan. Nutq faoliyati uchun, shuningdek o'quvchilar nutqini o'stirish uchun bir necha shartga rioya qilish zarur:
1. Kishi nutqining yuzaga chiqishi uchun talab bo'lishi kerak. O'quvchilar nutqini o'stirishning metodik talabi o'quvchi o'z fikrini, nimanidir og'zaki yoki yozma bayon qilish xohishini va zaruriyatini yuzaga keltiradigan vaziyat yaratish hisoblanadi.
2. Har qanday nutqning mazmuni, materiali bo'lishi lozim. Bu material qanchalik to'liq, boy, qimmatli bo'lsa, uning bayoni shunchalik mazmunli bo'ladi. Shunday ekan, o'quvchilar nutqini o'stirishning ikkinchi sharti nutqqa oid mashqlarning materiali haqida bo'lib, o'quvchi nutqi mazmunli bo'lishi uchun g'amxo'rlik qilish hisoblanadi.
3. Fikr tinglovchi tushunadigan so'z, so'z birikmalari, gap, nutq birliklari yordamida ifodalansagina tushunarli bo'ladi. Shuning uchun nutqni muvaffaqiyatli o'stirishning uchinchi sharti — nutqni til bilan qurollantirish hisoblanadi. O‘quvchilarga til namunalarini berish, ular uchun yaxshi nutqiy sharoit yaratish zarur. Nutqni eshitish va undan o'z tajribasida foydalanish natijasida bolalarda ta'lim metodikasi asoslanadigan ongli ravishda „tilni sezish" shakllanadi. Nutq o'stirishning metodik sharti nutqiy faoliyatning keng tizimini yaratish, ya’ni, birinchidan, yaxshi nutq namunasini idrok etish, ikkinchidan, o'rgangan til vositalaridan foydalanib, o'z fikrini bayon etish uchun sharoit yaratish hisoblanadi.
Bola tilni nutqiy faoliyat jarayonida o'zlashtiradi. Buning o'zi yetarli emas, chunki u nutqni yuzaki o'zlashtiradi. Nutqni egallashning qator aspektlari mavjud. Bular:
1. Adabiy til me’yorlarini o'zlashtirish. Maktab o'quvchilarini adabiy tilni sodda so'zlashuv tilidan, sheva va jargondan farqlashga o'rgatadi, adabiy tilning badiiy, ilmiy, so'zlashuv variantlari bilan tanishtiradi.
2. Jamiyatimizning har bir a’zosi uchun zarur bo'lgan muhim nutq malakalarini, ya’ni o'qish va yozish malakalarini o'zlashtirish. Bu bilan o'quvchilar yozma nutqning xususiyatlarini, uning og'zaki so'zlashuv nutqidan farqini bilib oladi.
3. O'quvchilaming nutq madaniyatini takomillashtirish. Til jamiyatdagi eng muhim aloqa vositasidir. Tilning mana shu ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqib, maktabda o'quvchilaming nutq madaniyatiga alohida e’tibor beriladi. Bu vazifalarni bajarish uchun o'qituvchi o'quvchilar bilan rejali ish olib borishi lozim. Buning uchun esa o'quvchilar nutqini o'stirish ustida ishlash tushunchasiga nimalar kirishini bilib olish muhimdir.
1) so'z ustida ishlash;
2) so'z birikmasi va gap ustida ishlash;
3) bog'lanishli nutq ustida ishlash.
Nutq o'stirishda uch yo'nalish aniq ajratiladi:
So'z, so'z birikmasi va gap ustida ishlash uchun lingvistik baza bo'lib leksikologiya frazeologiya va stilistika bilan birgalikda, morfologiya, sintaksis xizmat qiladi; bog'lanishli nutq esa mantiqqa, adabiyotshunoslik va murakkab sintaktik butunlik lingvistikasiga asoslanadi. Ko'rsatilgan uch yo'nalish parallel olib boriladi: lug'at ishi gap uchun material beradi; so'z, so'z birikmasi va gap ustida ishlash bog'lanishli nutqqa tayyorlaydi. O'z navbatida, bog'lanishli hikoya va insho lug'atni boyitish vositasi bo'lib xizmat qiladi. Nutq o‘stirish boshlang’ich ta'lim pedagogikasining tarixi va nazariyasini ham, muomala madaniyatini o’rgatish uslubiyotini ham o’z ichiga oladi. Boshlang’ich sinf o’qituvchisi, avvalo, o’quvchilariga umumiy estetik tarbiya berish vazifalarini tushunib olishi lozim. Bu vazifalar faqatgina yaxshi muomala qilishni o’rgatishdangina iborat bo’lib qolmasligi kerak. Bunda, eng muhimi, bolaga nutq madaniyatini o’rgatish va unda har bir mashg’ulotlarga qiziqish uyg’otish, so’z, gap yordamida nutqiy faoliyatga ehtiyoj hosil qilish, shuningdek, ularda bilim, ko’nikma va malakalarni tarkib toptirishdir. Nutq ikki ko’rinishga ega - og’zaki, va yozma nutq. Bular o’zaro uzviy bog’langan bo’lsa ham, har birining o’ziga xos xususiyati bor. Og’zaki nutqda tovushlar, so’zlar nutq orqali talaffuz qilinsa, eshitish a’zolari orqali qabul qilinadi. Shuning uchun o’quvchilarning og’zaki nutqini o’stirishida, avvalo ularning nutqidagi kamchiliklar sabablarini aniqlash, uni bartaraf etish yo’llarini izlab topishimiz kerak. Chiroyli so’zlashni, savodli, to’g’ri yozishni, o’z fikrini ravon va aniq bayon etishni bilmagan yoki etolmagan o’quvchi bilimlarni muvafaqqiyat bilan o’zlashtira olmaydi. Har bir insonning nutqi chiroyli, mukammal, talaffuzi aniq, ravon bo’lsa, fikrlash doirasi keng, idrok qilishi ham teran bo’ladi. Nutq orqasli odamzot o’zining ichki hissiyotlarini ham bayon qiladi, nutq esa barcha insonlarda ham bir xilda-to’la rivojlangan yoki shakillangan bo’lavermaydi. Ba’zi bolalar tovushlarni noto’g’ri talaffuz qilibgina qolmay, ularni bir-biridan farqlay hamolmaydilar. Nutqdagi bunday kamchiliklar darslarni o’zlashtirishda bolalar uchun sezilarli qiyinchiliklarni tug’diradi. Bunday hollarda logoped mashg’ulotlar yordamiga muxtoj bo’ladilar. Ma’lumki, boshlang’ich sinf oquvchilarining nutqlaridagi nuqsonlarni bartaraf etish o’quvchilar va logopedlar zimmasiga yuklanadi. Talaffuzdagi kamchiliklarni aniqlashda bolaning nutqini tekshirib ko’rish, nutq buzulish sabablarini o’rganish lozim. Buning uchun har bir bola nutqini tekshirish varaqasi to’ldirilib, qaysi tovushlar to’g’ri yoki noto’g’ri talaffuz qilayotgani belgilab boriladi. Nutq ostirish-ongli o’qishni, so’zlash va yozishga o’rgatishni, til haqida o’quvchilarning yoshi va tushunchasiga mos bo’lgan bilim berishni, ularning lug’at boyligini oshirishni, boshqalarning nutqiga e’tibor va qiziqishni o’stirish, kitob o’qishga muhabbat uyg’otishni ko’zda tutadi. Og’zaki nutiqqa o’rgatishning ilk davrida daktiologiya qo’l alifbosi dan foydalaniladi. Bu narsa bolalarning tovushlarni talaffuz qilib, o’zlashtirib borganlari sari faqat yordamchi vosita bo’lib xizmat qiladi. Boshlang‘ich sinf o‘qish darslarida olib boriladigan barcha mashg’ulotlarning yetakchi o’rni nutq o’stirish bo’lib, u savod o’rgatish, chiroyli yozish ko’nikmalarini shakillantirish va fikrlash doirasini kengaytirish vazifalarini o’z ichiga oladi. Bu darslarda ko’proq amaliy maqsadlarni ko’zlash, til boyliklaridan nutqda foydalanish malakalarini shakillantirish, ijodiy fikrlash, o’quvchilarning til sezgirligini tarbiyalash lozim. Ularning og’zaki nutqini muntazam o’stirib boorish bog’anishli nutq, matn tuzishlarda amaliy yordam beradi. Ma’lumki, bu vazifalarni amalga oshirish yo’llari xilma-xildir. Savod o’rgatish darslarida amaliy mashg’ulatlarga keng o’rin berish va malakalarni singdirishda qiziqarli va jonli narsalardan, texnika vositalaridan, turli o’yin va o’yin turidagi mashqlardan foydalanish samarali natijalar beradi. Darslikka doir hikoyalar, ertaklar, she’r va maqollardagi notanish so’zlar o’qib yoki eshittirb tushuntiriladi. Shunday qilib, har bir darsda, u qaysi predmet bo’lishidan qat’iy - nazar, birinchi galdagi vazifamiz o’quvchilarning ongli, ravon, to’g’ri va ifodali o’qishiga erishishimiz, nutqini o’stirishga harakat qilmog’imiz lozim. Ma’lumki, nutq tafakkur bilan bog’liq, shuning uchun u tafakkur bilan uzviy bog’liq holda o’stiriladi. Darsda o’qilgan asarni o’quvchilar ongli tushunishi, asosiy mazmunini, g’oyasini anglab yetishi uchun analiz, sintez, taqqoslash, umumlashtirish kabi logik priyomlar qo’llanadi. O’qilgan asarni analiz qilishda har xil ish usullaridan foydalaniladi. Bolalar hikoyadagi asosiy qatnashuvchi shaxslarni aytadilar, o’qituvchi rahbarligida asarning sxematik rejasini tuzadilar tugun, kulminasiya, yechim. Boshlang’ich sinflar o’qish darslarida o’quvchilar nutqini o’stirish vositalaridan biri to’g’ri uyushtirilgan qayta hikoyalashdir. Maktab tajribasida to’liq, qisqartirib, tanlab va ijodiy qayta hikoya qilish turlari mavjud. Boshlang’ich sinf o’quvchilari uchun matnni to’liq yoki matnga yaqin qayta hikoyalash ancha oson, boshqa turlari esa nisbatan qiyinroqdir. Qayta hikoyalashda o’qilgan hikoya mazmuni yuzasidan o’qituvchining savoli o’quvchilarni hikoyaning detallari haqida, ayrim voqealar o’rtasidagi bog’lanishning sabab-natijalari haqida fikrlashga qaratilishi lozim. Asar syujetining rivojlanishida qatnashuvchi shaxslar, ularning xatti-harakati asosiy rol o’ynaydi. Bolalar asar mazmunini unda ishtirok etuvchi shaxslar va ularning xattiharakati, harakterli xususiyatlarini tahlil qilish yordamida yaxshi anglab etadilar. O’qituvchining savoli asar qahramonlari nima qilgani, ularning u yoki bu xattiharakatlari qaerda va qanday sharoitda yuz bergani haqida so’zlab berishga, voqealarning izchil bayon qilinishiga va o’zaro bog’liqlikni yoritishga yo’naltirilishi lozim. O’quvchi o’qilgan asar mazmunini o’qituvchi savoli yordamida aytib berishida faqat analizdan emas, sintezdan ham foydalanadi: ayrim faktlarni o’zaro bog’laydi sintezlaydi, bir-biriga taqqoslaydi, ular yuzasidan muhokama yuritadi va xulosa chiqaradi. Ko’pincha boshang’ich sinf o’quvchilari qatnashuvchi shaxslar xattiharakatini yaxshi tushunmasliklari, ba’zan noto’g’ri yoki yuzasi tushunishlari natijasida asar mazmunini anglab etmaydilar. Shuning uchun ham o’qituvchi savolni juda o’ylab tuzishi, u bolani fikrlashga, o’ylashga majbur etadigan, qatnashuvchi shaxslarning xatti-harakati, voqealarning bog’lanishi yuzasidan muhokama yuritadigan, ularni o’zaro qiyoslashga, ijobiy va salbiy tomonlarini aniqlashga yordam beradigan bo’lishi lozim. O’quvchi asarda qatnashuvchilarning xatti-harakatini qanchalik aniq ko’z oldigan keltira olsa, u hikoyaning asosiy mazmunini shunchalik chuqur tushunadi, shunchalik mustaqil qayta hikoya qilib beradi. O’qilgan asar mazmunini izchil ravishda qayta hikoyalash uning rejasini tuzishga yordam beradi. Reja tuzishda o’quvchi hikoyani tarkibiy qismlarga bo’ladi va har qaysi qismdagi asosiy fikrni aniqlaydi. Bularning hammasi analitik ish hisoblanadi. Keyin sintetik ishga o’tiladi, ya’ni bolalar hikoya qismlariga sarlavha topadilar. O’quvchilar o’qituvchi rahbarligida reja tuzish jarayonida o’qilgan hikoyaning har bir qismida bosh va ikkinchi darajali masala nimalardan iboratligi haqida, qanday qilib fikrni qisqa va aniq ifodalash haqida o’ylaydilar. Sarlavha topish ustida ishlash, o’quvchilar topgan sarlavhani jamoa bo’lib muhokama qilish, reja tuzish jarayonining o’zi bolaning fikrlash qobiliyatini faollashtirishi, unda o’z mulohazasini isbotlash, asoslash odatlarini tarbiyalashi lozim.