2
UO‘K 796.092.1(575.1)
BBK 75.715
T-71
O.E.Toshmurodov. Milliy kurashning nazariy asoslari. O‘quv-
uslubiy qo‘llanma. - Samarqand: SamDU, 2017. - 138 bet.
O‘quv-uslubiy qo‘llanmada milliy kurashning rivojlanish
tarixi, kurashchining jismoniy, texnik, taktik va ruhiy-irodaviy
tayyorgarligini tashkil etish usullari va vositalari hamda
musobaqalarda hakamlik qilishga doir ma’lumotlar batafsil,
tushunarli va sodda tilda bayon etilgan. O‘quv-uslubiy qo‘llanma
Respublika oliy o‘quv yurtlari jismoniy madaniyat fakultetlari hamda
Olimpiya zahiralari kollejlari o‘qituvchi va talabalari, shuningdek,
milly kurash murabbiylari va sportchilari uchun mo‘ljallangan.
Mas’ul muharrir
prof. J. Eshnazarov
Taqrizchilar
dots. B. Kipchakov,
X. Jumanov
Ushbu o‘quv-uslubiy qo‘llanma SamDU o‘quv-uslubiy kengashining
2017-yil 27-martdagi 3-sonli qarori bilan nashrga tavsiya etilgan.
ISBN 978-9943-________
© O.E.Toshmurodov, 2017
© Samarqand davlat universiteti, 2017
3
KIRISH
Ma’lumki, kurash sporti yoshlarning jismoniy madaniyatini
takomillashtirishning asosiy vositalaridan biridir.
Bundan tashqari,
kurash eng qadimiy, hammabop va keng tarqalgan sport turidir.
Qadimda xalqimiz ichida epchillik, chaqqonlik, kuchlilik va irodaviy
fazilatlarni o‘zlarida mujassam etgan kishilar ko‘p bo‘lgan. Ushbu
fazilatlar va yuksak texnik-taktik mahoratga ega bo‘lgan mashhur
kurashchilarni o‘zbek xalqi “polvonlar” deb atashgan.
Buyuk alloma Abu Ali Ibn Sinoning “Tib qonunlari” kitobida
kurash insonni ruhiy va jismoniy holatini
yaxshilashning muhim
vositasidir deya e’tirof etilgan. Sheriyat mulkining sultoni Alisher
Navoiy asarlarida esa kuchli kurashchilarning bellashuvlari
tasvirlangan hamda ba’zi usullarning ta’rifi keltirilgan. Ushbu
asarlardan ko‘rinib turibdiki, o‘zbeklarda
usullar tizimi yetarlicha
rivojlangan milliy kurash sporti mavjud bo‘lgan. Kurash sohasidagi
yetakchi mutaxassislar A.Atoyev, F.A. Kerimov, K.Yusupov,
N.X.Azizov, J.Toshpo‘latov, U.Ibrohimov, Z.Jumayevlarning ilmiy-
uslubiy manbalarida tasdiqlanishicha, ajdodlarimizning madaniy
taraqqiyoti
ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va maishiy rivojlanishi bilan
chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Bu esa milliy kurash, xalqimizning
etnik madaniy turmush tarzi, jismoniy madaniyati bilan uyg‘unlikda
taraqqiy etib kelganligidan dalolat beradi.
Shu bilan birga milliy
kurashning tarixiy taraqqiyotini, turli ijtimoiy tuzumlar davridagi
madaniyat, ma’rifat, tarixiy voqealar hamda an’analardan alohida
ajratib o‘rganib bo‘lmaydi.
Mustaqillik sharofati va kurash mutasaddilarining tinimsiz
sayi-harakatlari natijasida kurash jahonda
yangi sport turi sifatida
taraqqiy topdi. Ayniqsa, 1992-yilning 14-aprelida O‘zbekiston
respublikasi birinchi prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov
o‘zbek kurashining jonkuyarlaridan biri Komil Yusupovni suhbatga
chorlagani
va
1999-yilning
1-fevralida
“Xalqaro Kurash
Assotsiatsiyasini
qo‘llab-quvatlash
to‘g‘risida”gi
farmonini
imzolagani, kurashimiz istiqbolini belgilab berdi. Shu yildan
e’tiboran osiyo va jahon chempionatlari o‘tkazilib kelinmoqda.
O‘zbek millati va jahon kurashchilarining endigi eng oliy maqsadi -
kurashni olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritishdir.
Ushbu qo‘llanma SamDU jismoniy
madaniyat fakultetining
ko‘p yillik ishini tahlil qilish va soha olimlari manbalarini o‘rganish
va umumlashtirish asosida yaratildi.