Osiyo xalqaro universiteti ijtimoiy fanlar va texnika fakulteti iqtisodiyot kafedrasi



Yüklə 1,44 Mb.
səhifə6/11
tarix26.07.2023
ölçüsü1,44 Mb.
#137590
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
IQTISODIYOT FANINING JAMIYAT TARAQQIYOTIDAGI Haydar

1.3. Iqtisodiyofanining taraqqiyot bosqichlari.
Jamiyatdagi ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa barcha muammolarni hal qilishning asosiy yo‘li – bu milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishi va iqtisodiy o‘sishiga erishishdir. Aholi farovonligining oshib borishi ham pirovard natijada iqtisodiy taraqqiyot va o‘sish darajasi va sur’atlariga bog‘liq. Ushbu bobda iqtisodiy taraqqiyotning mohiyati, uning darajasini ifodalovchi ko‘rsatkichlar, iqtisodiy o‘sishning mazmuni, turlari, ko‘rsatkichlari va omillari bayon qilinadi, shuningdek, iqtisodiy o‘sish borasida mavjud bo‘lgan turli xil nazariyalar, konsepsiyalar va modellar mazmunini yoritishga muhim o‘rin ajratilgan. Raqamli iqtisodiyot tushunchasi va uni qo‘llashning ahamiyati yoritiladi. Ushbu bobda milliy boylik va uning tarkibiy tuzilishi kabi masalalarga alohida e’tibor beriladi
Iqtisodiy taraqqiyotning mazmuni va ko‘rsatkichlari
Mamlakatimiz iqtisodiyotining turli sohalari, tarmoqlari va hududlarida puxta asoslanib amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli isloxotlar natijasida yildan-yilga barqaror o‘sib borayotgani mustaqil taraqqiyot yo‘lining yo‘nalishi naqadar to‘g‘ri tanlanganligini ko‘rsatib turibdi. Lekin iqtisodiy adabiyotlarda asosan iqtisodiy o‘sish haqida gap yuritilib, iqtisodiy taraqqiyot muammosiga kam e’tibor berilmoqda.
Iqtisodiy taraqqiyot juda keng qamrovli muammo bo‘lib, uni bu yerda har taraflama va batafsil yoritib bera olmaymiz, balki uning ayrim bizningcha muhim jihatlariga to‘htalamiz.
Iqtisodiy taraqqiyot va iqtisodiy o‘sish tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq jarayonlar bo‘lsada, ular bir-biridan mazmunan farq qiladi. Iqtisodiy taraqqiyot uzoq muddatli va keng qamrovli jarayon bo‘lib, kengaygan takror ishlab chiqarishga asoslangan holda ishlab chiqaruvchi kuchlar va iqtisodiy munosabatlarning o‘zaro ziddiyatda va ta’sirda bo‘lib, to‘xtovsiz rivojlanishida o‘z aksini topadi.
Iqtisodiy taraqqiyot jarayoni siklik tavsifiga ega bo‘lib, faqatgina iqtisodiy o‘sish jarayoninigina emas, shu bilan birga iqtisodiy inqiroz, turg‘unlik, jonlanish va yuksalish jarayonlarini ham qamrab olib, goh o‘sib, goh pasayib to‘lqinsimon tarzda rivojlanib boradi. Iqtisodiy taraqqiyotning mazmunini aniq bilish uchun avvalo, taraqqiyot tushunchasining o‘zi nimaligini, uning mazmunini tushunish muhimdir. Albatta jamiyat taraqqiyoti haqida turli davrlarda har xil mutafakkirlar, faylasuflar tomonidan turli-tuman g‘oyalar, nazariyalar ilgari surilgan bo‘lib, ularning ichida taraqqiyot haqida aniqroq ta’rif sifatida nemis mumtoz falsafasining yirik namoyondasi Gegelning ta’rifi e’tiborga sazovordir.
Uning ta’limotiga ko‘ra taraqqiyot muayyan bir narsa, voqea hodisa va jarayonlarning ma’lum tomonga, ya’ni pastdan yuqoriga, oddiylikdan murakkablikka tomon yo‘naltirilgan harakatining bir ko‘rinishidir. Ushbu falsafiy ta’rifdan kelib chiqib aytish mumkinki, iqtisodiy taraqqiyot iqtisodiyotning ma’lum bir tomonga ya’ni pastdan yuqoriga, oddiylikdan murakkablikka tomon yo‘naltirilgan to‘htovsiz sodir bo‘ladigan to‘lqinsimon harakatidir. Iqtisodiy taraqqiyot zamon va makon jihatdan keng qamrovli bo‘lib, uzoq davrlarni qamrab oladi va bir qancha bosqichlarni bosib o‘tadi. Bunda har bir yangi progressivroq bosqich o‘zidan oldingi bosqichni inkor etadi va keyinroq borib o‘zidan keyingi, bundan ko‘ra progressiv bo‘lgan bosqichga o‘z o‘rnini bo‘shatib beradi, to‘g‘rirog‘i keyingi progressivroq bo‘lgan bosqich tomonidan inkor etiladi. Iqtisodiy taraqqiyot bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan ikki tomonning ishlab chiqaruvchi kuchlar va iqtisodiy munosabatlarning birligida va ularning o‘zaro dialektik ta’sirida ro‘y beradi. Albatta bunda ishlab chiqaruvchi kuchlar: tabiat, kapital (bunda mehnat qurollari va mehnat predmetlaridan iborat bo‘lgan ishlab chiqarish vositalari ko‘zda tutiladi), ishchi kuchlarining rivojlanishi faol rol o‘ynaydi, ya’ni ularning rivojlanib borishi iqtisodiy munosabatlarning ham o‘zgarishiga ya’ni birinchisining rivojlanish darajasiga moslashishiga olib keladi. Iqtisodiy munosabatlar ham o‘z navbatida ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojiga ta’sir ko‘rsatadi. Agar u mos kelsa ijobiy, mos kelmasa salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Iqtisodiy taraqqiyot ko‘p qirrali bo‘lganligi uchun u ko‘pgina ko‘rsatkichlarda ifodalanadi. Ularning asosiylari:
1. Ishlab chiqaruvchi kuchlarning (mehnat predmetlari, mehnat qurollari, ishchi kuchi) rivojlanish darajasi mehnatning energiya yangi texnika va texnologiya bilan qurollanish darajalari bilan belgilanadi. Bu ko‘rsatkichlarning qanchalik rivojlanganligi ishlab chiqarish omillari: mehnat, kapital, yer unumdorligi ko‘rsatkichlarining o‘sishida o‘z ifodasini topadi;
2. Ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini modernizatsiyalash, tarkibiy o‘zgartirish, diversifikatsiyalash jarayonlarining borishi;
3. Fan texnika va texnologiyalar taraqqiyoti, raqamli iqtisodiyot tizimlaridan unumli foydalanish va mamlakat iqtisodiy quvvatining yuksalishi;
4. Iqtisodiy munosabatlarning rivojlanib, shu davrdagi ishlab chiqaruvchi kuchlar rivojlanish darajasi va sifatiga mos kelishi va ular rivojlanishini rag‘batlantirish darajasi. (Bunda mulkchilik ayirboshlash, taqsimot, iste’mol munosabatlarining rivojlanganlik darajasi);
5. Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari: YaIM va milliy daromad hajmining alohida olingan yillar bo‘yicha o‘sishi va aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan miqdorining o‘sishi;
6. Iqtisodiyotning muvozanatli va mutanosibli rivojlanib ortiqcha (talabdan oshiq) ishlab chiqarish, behuda sarf harajatlarning, oxir oqibatda inqirozlarning oldini olish darajasiga;
7. Inson hayoti farovonligining miqdor va sifat jihatdan o‘sish darajalari;
8. Kapital, jamg‘arish va investitsiyalarning o‘sishi;
9. Qo‘shimcha maxsulot miqdorining ko‘payib borishi.
Shuni ta’kidlash joizki, qo‘shimcha maxsulot ko‘rsatkichi hamma bosqichlarda taraqqiyotning natijasi, uning mezoni va keyingi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining manbai bo‘lib xizmat qiladi. Lekin iqtisodiy adabiyotlarda bu haqda juda kam to‘xtaladi yoki umuman to‘htalmaydi. Chunki u juda kam o‘rganilgan muammo bo‘lib, ko‘pchilik tadqiqotchilar chetlab o‘tishga harakat qiladi. Buning ustiga u hozirgi davrdagi statistik ma’lumotlarda, buxgalteriya xisobotlarida aniqlanmaydi va binobarin ko‘rsatilmaydi. Lekin uning miqdorini ikki yo‘l bilan: qo‘shimcha maxsulotning modifikatsiyalashgan shakllari bo‘lib, real iqtisodiy hayotda hammamiz biladigan: a) foyda, foiz renta, soliq miqdorlarini qo‘shish yo‘li bilan; b) yaratilgan sof ichki maxsulotdan zaruriy maxsulotni (ish haqi va ijtimoiy fondlarni) ajratib tashlash yo‘li bilan aniqlash mumkin. Lekin bu aytilgan yo‘l qo‘shimcha maxsulotni aniq hisoblashga yetarli emas. Uni mamlakat miqyosida, tarmoq va hududlarda hisoblash uchun uning uslubiyatini va hisoblash usullarini ishlab chiqishni taqozo etadi.
Iqtisodiy taraqqiyot uzoq muddat davomida unda sodir bo‘layotgan hamma o‘zgarishlarni, raqamlar bilan ifodalab bo‘lmaydigan jihatlarni ham qamrab oladi. “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida amalga oshirilayotgan ishlar bunga yorqin misol bo‘la oladi. Iqtisodiy taraqqiyot ikki yo‘l bilan, revolyusion va evolyusion yo‘llar bilan amalga oshirilishi mumkin
Revolyusion yo‘l birdaniga katta to‘ntarishlar, keskin burilishlar yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin. Lekin bu yo‘l xatarli bo‘lib, ko‘plab ijtimoiy to‘qnashuvlarga, talofatlarga, yo‘qotishlarga, ishsizlik, inflyatsiya darajalarining oshib ketishi kabi noxush hodisalarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun bizning mamlakatimizda iqtisodiy taraqqiyotning har tomonlama o‘ylangan evolyusion yo‘li tanlandi.
Iqtisodiy taraqqiyot juda ko‘p qirrali jarayon bo‘lib, turli xil yo‘nalishlarda va shakllarda amalga oshirilishi mumkin.
Mamlakatning Birinchi Prezidenti I.Karimovning bevosita tashabbusi va rahbarligida ishlab chiqilgan bozor iqtisodiyotiga asoslangan bosqichma-bosqich, lekin izchil amalga oshiriladigan mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanladi. Bu yo‘lni tanlash birdaniga va oson kechgani yo‘q. Bu jahondagi ko‘plab mamlakatlarning taraqqiyot tajribalari, o‘zbek xalqining tarixiy merosi, an’analari, urf-odatlari, turmush tarzi, uning mehnatsevarlik, bunyodkorlik qobiliyatlari, mavjud tabiiy, iqtisodiy shart-sharoitlar va boshqa bir qancha omillar hisobga olingan holda puxta o‘ylab ishlab chiqilgan yo‘l edi. Iqtisodiy taraqqiyotning bu yo‘li Birinchi Prezidentimiz tomonidan ishlab chiqilgan, hammaga ma’lum bo‘lgan mashhur besh tamoyilning mazmun, mohiyatini o‘zida mujassamlashtirgan model bo‘lib, jahon mamlakatlari xukumatlari va xalqlari tomonidan tan olinib, “O‘zbek modeli” degan nom qozondi.
Bu modelda faqatgina iqtisodiy taraqqiyot emas, shu bilan birga Davlat qurilishi, ijtimoiy soha va ma’naviyat, huquq va tartibotni, umuman jamiyat hayotining barcha jabha va sohalarini tubdan isloh qilish va rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Lekin biz bu yerda asosan e’tiborni uning iqtisodiy tomoniga qaratmoqchimiz.
Bugungi kunda o‘zbek modelida ifodasini topgan besh tamoyil va boshqa strategik maqsadlarni amalga oshirish asosida mamlakatimizda erishilgan iqtisodiy taraqqiyot natijalarining haqiqiy bahosini anglab etish, olib borilgan iqtisodiy siyosatning naqadar to‘g‘ri va asosli ekanini tushunish uchun mustaqil taraqqiyotimiz boshlangan dastlabki yillardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni esga olish muhim hisoblanadi. Jumladan, mamlakatimizdagi bug‘doy va un zahirasining boryo‘g‘i o‘n-o‘n besh kunga etadigan hajmda bo‘lib, mamlakatning amalda ocharchilik ostonasiga kelib qolgani, iqtisodiyotning asosan xom-ashyo tayyorlashga yo‘naltirilib, biryoqlama rivojlanib, nochor holga tushib qolgani; hali yangi milliy valyuta joriy etilmagan sharoitda iqtisodiyotning fojiali ravishda inqirozga yuz tutishi va inflyatsiyaning keskin ravishda o‘sib ketishi; paxta yakkaxokimligining yurtiimizdagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni jar yoqasiga olib kelib qo‘ygani; ommaviy ishsizlikning kuchayib, aholi turmush darajasining haddan tashqari pasayib ketgani, 1990 yilda sobiq Ittifoqda ishlab chiqariladigan paxta tolasining 62,4 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelib, mamlakatimizda uning atigi 7 foizi qayta ishlanar edi. Shu davrda O‘zbekistonda ekiladigan paxta maydonlari umumiy ekin maydonining 75 foizidan ko‘prog‘ini tashkil etishi kabi holatlar keng va batafsil ko‘rsatilgan edi. Bular hammasi zudlik bilan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda iqtisodiyotni tubdan o‘zgartirib, taraqqiyot yo‘liga tushirib yuborish zarurligini taqozo qilar edi.
Mana shu sharoitlardan kelib chiqib mamlakatda tub iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish boshlandi. Dastlabki yillardayoq bozor iqtisodiyotining asoslari yaratildi, bozor infratuzilmasini tashkil etish va raqobat muhitini shakllantirish orqali bozor munosabatlarining mexanizmi ishga tushirildi.
Mamlakatimizda xususiy mulkchilik tiklanib, uning rivoji ustuvor ahamiyat kasb etdi. Xususiy mulk konstitutsiyaviy asosda ishonchli kafolatga ega bo‘ldi.
Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalarining butunlay davlat tasarrufidan chiqarilishi va xususiylashtirilishi natijasida mamlakatimizda amalda ko‘p shaklli mulk va ko‘p ukladli iqtisodiyot shakllandi, mulkdorlar va tadbirkorlarning yangi sinfi paydo bo‘ldi. Ayni paytda biz uchun mutlaqo yangi bo‘lgan, bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan moliya, bank, soliq va sug‘urta tizimlarini shakllantirish hamda o‘z milliy valyutamizni muomalaga kiritish ham ulkan ahamiyat kasb etdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining tarmoq tuzilishini o‘zgartirishda yangi neft konlari, Mingbuloq va Ko‘kdumaloq konlarining ishga tushirilishi, Buxoro neftni qayta ishlash zavodining qurilishi, Yangi Angren va Tolimarjon GRESlari qurilishining jadallashtirilishi, metall ishlab chiqarilishining ko‘paytirilishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek, oziq-ovqat, engil sanoat, kimyo, qurilish materiallari sanoati va boshqa tarmoqlar to‘liq modernizatsiya qilindi va ularda dunyo bozorida raqobatbardosh bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarila boshlandi. Shunday qilib O‘zbekiston bosqichma-bosqich amalga oshiriladigan mustaqil iqtisodiy taraqqiyot yo‘liga tushib oldi.


II-BOB. IQTISODIY TARAQQIYOTNING UMUMIY ASOSLARI.



Yüklə 1,44 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin