ALLITERATSIYA (lot. al – yonida, litera – harf) – she’riy nutqda (nasrda nisbatan kam) bir xil undosh tovushlarning takrorlanishiga asoslangan ifodaviylikni kuchaytiruvchi vosita, takrorning fonetik sathdagi xususiy ko‘rinishi. BADIIY ASAR – adabiyot va san’atning voqe bo‘lish va yashash shakli, yaxlitlik kasb etgan obrazlar tizimi, badiiy muloqot vositasi. Keng ma’noda B.a. san’atning u yoki bu turi (musiqa, rassomlik, haykaltaroshlik, kino, teatr va h.)ga mansub bo‘lgan, insonning go‘zallik qonuniyatlari asosidagi ijodiy-ruhiy faoliyati mahsuli sifatida yaralgan yangi mavjudlikni anglatadi, ya’ni bu ma’noda alohida olingan musiqa asari ham, haykal yoki rangtasvir ham, film yoki spektakl ham – bari B.a. sanaladi. Termin faol qo‘llanuvchi tor ma’nosida badiiy adabiyotga mansub bo‘lgan “adabiy badiiy asar”ni bildiradi. Shu o‘rinda adabiyotga mansub etiluvchi asarlarning hammasi ham B.a. bo‘lavermasligini, “adabiy asar” bilan “adabiy badiiy asar” tushunchalari farqlanishini ta’kidlash lozim (q. adabiyot, belletristika). Ya’ni “adabiy asar”tushunchasining qamrov doirasi keng bo‘lib, “adabiy badiiy asar” uning tarkibiga kiradi.
BADIIY OBRAZ –adabiyot va san’atning fikrlash shakli, olam va odamni badiiy idrok etish vositasi, badiiyatning umumiy kategoriyasi. Lug‘aviy ma’nosida har qanday aksni bildiruvchi “obraz” so‘zi turli fan sohalarida (falsafa, psixologiya) muayyan terminologik ma’noda qo‘llanadi. Jumladan, estetika va adabiyotshunoslikda u “badiiy obraz” ma’nosida tushuniladi. B.o. deganda, borliq (undagi inson, narsa, hodisa va h.)ning san’atkor ko‘zi bilan ko‘rilgan va ideal asosida ijodiy qayta ishlangan aksi tushuniladi. Albatta, bu aksda borliqningko‘plab tanish izlari bor, biroq endi u biz bilgan borliqning ayni o‘zi emas, balki undan shartlilik asosida ajralgan yangi mavjudlik – badiiy borliqdir.
BADIIY TIL –badiiy asar tili, so‘z san’atining asosiy quroli, badiiy adabiyotning obraz yaratish vositasi; poetik til, badiiy adabiyot tili kabi shakllarda ham ishlatiladi. Ya’ni badiiy adabiyot birlamchi belgilar sistemasi sanaluvchi til vositasida ikkilamchi belgilar sistemasini – badiiy voqelikni tashkil qiluvchi obrazlar tizimini yaratadi.
BADIIY TAHLIL(ar. – tekshirish, hal qilish) – adabiy asarning mazmun-mohiyatini idrok etish, uning yaxlit estetik hodisa sifatidagi mavjudligini turli aspektlarda o‘rganib, o‘ziga xosligini ochib berish va qimmatini belgilashga qaratilgan hissiy-intellektual faoliyat. Tahlil atamasi ilmda keng qo‘llanuvchi analiz (yun. analysis – qismlarga ajratish) terminining sinonimi sifatida ishlatiladi. Har ikki atama ham butunni anglash uchun uni qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar bilan aloqai va butunlikning yuzaga chiqishidagi o‘rnini o‘rganishni ko‘zda tutadi.
BADIIYLIK – ijodiy-ruhiy faoliyat mahsuli o‘laroq dunyoga kelgan asarning san’atga mansubligini belgilovchi xususiyatlar majmui. Obrazlilik Badiiylikning birlamchi sharti sanalib, u voqelikni badiiy obrazlar orqali idrok etish, badiiy obrazlar vositasida fikrlash demakdir. Obrazlilik san’atning o‘zak xususiyati bo‘lib, u yo‘q joyda Badiiylik ham mavjud emas.