Nazorat uchun savollar va topshiriqlar
1. Xristianlikning vujudga kelishi sabablari nimalardan iborat?
2. Xristianlik ta’limotining asoslarini aniqlang.
3. Xristianlikning
muqaddas
rivoyatlariga qaysi manbalarni
kiritishimiz mumkin?
4. Xristianlikning ulug‘ bayramlarini sanab bering.
5. Qachon va nima sababdan xristianlikda bo‘linish vujudga kelgan?
6. Katolitsizmning xususiyatlari nimalardan iborat?
7. Katolitsizmda cherkovlarni boshqarishning o‘ziga xos xususiyati
nimalardan iborat?
8. Protestantizmning katolitsizmdan farqlarini aniqlang?
9. Pravoslaviyeda nima sababdan avtokefal cherkovlar yuzaga kelgan?
10. Protestantizm qachon va qanday sabablarga ko‘ra vujudga kelgan?
11. Protestantizmning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlang.
126
7-mavzu
ISLOM DININING YUZAGA KELISHI
VA TARQALISHI
Islom dinining vujudga kelishi. Muhammad payg‘ambar va
uning yangi dinni shakllanishidagi xizmatlari
Islom dini yuzaga kelishi jihatidan jahon dinlari ichida uchinchi
o‘rinda turadi. Islom dini Yaqin va O‘rta Sharq, Shimoliy Afrika, Janubi-
sharqiy Osiyo, Kavkaz xalqlarining tarixida nihoyatda muhim o‘rin tutadi
va ayni vaqtda ham ularning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga katta
ta’sir o‘tkazib kelmoqda. Eron, Pokiston, Afg‘oniston, Saudiya Arabistoni,
Liviya, Tunis, Sudan singari mamlakatlarda islom rasmiy davlat dini
mavqeiga ega. MDH davlatlari hududida Markaziy Osiyo, Shimoliy
Kavkaz, Ozarbayjon, Tatariston va Boshqirdiston xalqlari o‘zlarining
islom dinida ekanliklarini e’tirof etishadi. Hozirgi kunda turli qit’alarda
yashovchi bir milliarddan ziyod kishi irqi, millati, sinfi va tabaqaviy
farqlaridan qat’i nazar, islom dini normalari va qadriyatlari atrofida
birlashgan hamda jahon ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida salmoqli
o‘rinlardan birini egallaydi.
Islom milodiy VII asrning boshlarida Arabiston yarimorolida paydo
bo‘lgan. Yarimorol aholisining asosiy qismini arablar tashkil etgan. Islom
vujudga kelishi arafasida arablar asosan chorvachilik bilan shug‘ullanar
edi. Arabistonning qulay geografik o‘rni (hududidan G‘arb va Sharq
davlatlarini bog‘lovchi karvon yo‘llari o‘tgan va uchta qit’ani tutashtirib
turadi) sababli, savdo-sotiq va hunarmandchilik qadimdan rivojlangan.
Iqtisodiy rivojlanish darajasi yarimorolning hududida turlicha bo‘lgan.
Uning bepoyon cho‘llarida yashagan ko‘chmanchi arablar chorvachilik
bilan shug‘ullangan. Yarimorolning shimoliy qismida Vizantiya va
Mesopotamiya kabi qadimgi madaniy markazlarning ta’siri kuchli edi.
Karvon yo‘li o‘tgan janubi-g‘arbiy qismi (Hijoz)da qadimdan savdo-sotiq,
sun’iy sug‘orishga asoslangan dehqonchilik va qisman hunarmandchilik
rivojlangan.
Milodiy I asrda Arabistonning janubi-g‘arbiy qismida shahar-davlatlar
vujudga kelgan. IV–VI asrlarda bu yerda Makka, Yasrib, Toif singari yirik
shaharlar mavjud edi. Ularda istiqomat qiluvchi arab zodagonlarining
daromadini karvon yo‘llaridan kelayotgan boj soliqlari va savdo-sotiq
tushumlari tashkil etgan. Mintaqadagi iqtisodiy jonlanish natijasida
ko‘chmanchi chorvador qabilalarda urug‘-qabilaviy munosabatlarning
yemirilishi va davlat uyushmalarining paydo bo‘lish jarayoni kuchaygan.
127
Arabistonning qulay geografik o‘rni, karvon yo‘llari bo‘ylab boy
shahar-davlatlarning mavjudligi qudratli qo‘shni davlatlarning mintaqaga
qiziqishini kuchaytirgan. VI asrning boshlarida Arabistonning janubi-
g‘arbiy qismida joylashgan Efiopiya (Habashiston) davlati yarimorolning
karvon yo‘llari o‘tgan qismi (Hijoz)ni bosib olgan. Lekin Habashiston boy
o‘lkada mustahkam o‘rnasha olmagan. VI asrning ikkinchi yarmida Eron
Sosoniylari davlati Efiopiyani Arabistondan surib chiqargan. Arabiston
Sosoniylar davlati tarkibiga kiritilgan.
Sosoniylar hukmronligi mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni
keskinlashtirgan. Bunga sabab ularning Buyuk ipak yo‘lining ahamiyatini
yanada oshirish maqsadida, Arabistondan o‘tgan janubiy karvon yo‘lini
izdan chiqarishlari bo‘lgan. Oqibatda janubiy karvon yo‘li vayron qilingan.
Karvon yo‘lidan kelayotgan daromad esa keskin kamaygan. Arabistonning
tashqi savdo aylanmasi qisqargan va xo‘jaligi inqirozga uchragan.
Arabistondagi iqtisodiy inqiroz natijasida aholining turmush darajasi
keskin pasayib ketgan va ma’naviy tushkunlik yuzaga kelgan. Qabilaviy
nizolar kuchaygan. Xalq orasida xaloskor mahdiyning kelishi to‘g‘risidagi
rivoyat tarqalgan.
Bu davr ko‘chmanchi arab qabilalari (badaviylar)ning urug‘-qabi-
lachilikdan sinfiy tuzumga o‘tish davriga to‘g‘ri kelganligi sababli vaziyat
yanada murakkablashgan, an’anaviy turmush tarzi va normalari buzila
boshlagan. Ijtimoiy ziddiyatlar va arab qabilalarining og‘ir tanglikdan
chiqish uchun markazlashgan mustaqil davlatga birlashishga intilishi
kabilar kuchaygan. Buning uchun tarqoq arab qabilalarni birlashtiruvchi
mafkura zarur edi. Islom dini tarqoq qabilalarni birlashtiruvchi mafkura
sifatida tarix sahnasiga chiqqan.
Islomgacha Arabistonda turli xil dinlar mavjud edi. Semit qabilalari
an’analariga ko‘ra, Quyosh, Oy, tabiatning bejilov kuchlari, turli xudolar
va ruhlarga sig‘inganlar. Har bir qabilaning o‘z xudolari, totem yoki
fetishlari mavjud bo‘lgan. Ular gohida bir-biriga qarama-qarshi edi.
Qabilaning diniy tasavvurlari faqat mazkur qabila a’zolarininggina
birligini ta’minlagan, umumarab dini esa yo‘q edi.
Ibtidoiy din shakllari va ko‘pxudolilik bilan birga yakkaxudolilikka
asoslangan din turlari ham yoyilgan. Arablar qadimdan yakkaxudolilikka
e’tiqod qilgan yahudiylar bilan yonma-yon yashaganlar. Efiopiya
Arabistonning bir qismini bosib olganidan keyin xristianlik (islomgacha
Efiopiyada davlat dini sifatida qabul qilingan) keng yoyila boshlagan.
Sosoniylar davlati Arabistonda zardushtiylikning keng yoyilishiga shart-
128
sharoit yaratgan. Oqibatda arablar orasida ibtidoiy din shakllari bilan birga
yakkaxudolilikka sig‘inuvchilarning ham soni ortib borgan.
VI asrda Janubiy Arabistonda haniflar (arabchada – chinakam e’tiqod
qiluvchilar, taqvodorlar degan ma’nolarni anglatadi), ya’ni yakka
xudolikka da’vat etuvchilar harakati keng yoyilgan. Ularni «haniflar» deb
atalganligining sababi hozirgacha aniq emas. Ayrim manbalarda harakat
ishtirokchilarining ko‘pchiligi «banu hanifa» urug‘idan chiqqanligi bois
shunday nom berilganligi qayd etiladi. Ular sanamlar, fetishlar va turli
xudolarga sig‘inishni qoralab, yagona xudoga sig‘inishni da’vat qilganlar.
Ayrim haniflar o‘z xudolarini «Olloh» (arabchada – al-iloh yoki semit
tilida – al yoki el so‘zidan olingan bo‘lib, xudo, Olloh degan ma’nolarni
anglatadi) deb ataganlar.
Haniflar harakati boshlangan davrda Olloh quraysh qabilasining
sanami hisoblangan. Mazkur harakat ishtirokchilari juda ko‘p bo‘lgan,
lekin islom vujudga kelganidan keyin ular to‘g‘risida ma’lumot beruvchi
manbalar deyarli yo‘q qilib tashlangan. Qur’on va boshqa manbalarda
Sajjoh, Tulayh, Asvad, Musaylima kabi haniflar to‘g‘risida ma’lumotlar
berilgan.
Haniflar o‘zlarini xudoning ilohiy xabarini odamlarga yetkazuvchi
vakili – payg‘ambar deb ataganlar. Biroq bunday da’volar aholi orasida
e’tiborsiz qolgan. Faqat Muhammad alayhissalomgina islom tarixida
buyuk payg‘ambar sifatida tan olingan.
Muhammad 570 yilda Makka shahrida tavallud topgan. Uning
tug‘ilishi arafasida otasi, 6 yoshligida esa onasi Amina aya vafot etgan.
Ota-onasidan erta judo bo‘lgan Muhammad dastlab bobosi Abd al-
Mutallib tomonidan, u olamdan o‘tgach esa amakisi Abu Tolibning qo‘lida
tarbiyalangan. Muhammad yoshlik chog‘idanoq amakisining savdo
ishlarida yordam bergan. U mehnatkashligi, odamlarning e’tiborini qozona
olishi, ularning ko‘ngliga yo‘l topa olishi va sodiqligi bilan nom qozongan.
Shu bois unga «Amin» (sodiq) degan taxallus berilgan.
Abu Tolib Muhammadni 21 yoshida badavlat beva xotin Hadichaga
ish boshqaruvchilikka xizmatga bergan. Ko‘p vaqt o‘tmasdan u Hadichaga
uylangan. Er-xotinning yoshida juda katta farq (Muhammad xotinidan 15
yosh kichik bo‘lgan) bo‘lsa-da, o‘zaro hurmat va mehr-muhabbatga
asoslangan mustahkam oila qurilgan. Biroq Muhammadning xotinlaridan
biri Oyshaning ma’lumotiga ko‘ra, ularning yoshlaridagi farq katta
bo‘lmagan. Shunga ko‘ra, Muhammad uylangan vaqtda 23 yoshda,
Hadicha esa 28 yoshda bo‘lgan. Agar ularning olti farzand ko‘rganliklari
129
hisobga olinsa, Oyshaning ma’lumoti haqiqatga yaqin bo‘lishi ehtimoldan
xoli emas.
Muhammad uylanganidan keyin savdo ishlarini davom ettirish va
mulkini ko‘paytirishga harakat qilsa-da, yashashdan eng asosiy maqsad
Ollohga xizmat qilish deb hisoblagan. Mulkiy ta’minlanganlik unga diniy
ishlar bilan muntazam shug‘ullanish imkonini bergan.
610 yilda Muhammad xudodan vahiy (xudoning xohish-irodasini
ifodalaydigan «haqiqat»larni odamlarga mo‘jizaviy yo‘llar bilan yetkazish)
kelayotganligini aytib, arablarni yagona xudo – Olloh atrofida birlashishga
da’vat etgan va insonlarni Olloh irodasiga bo‘ysunishga chaqirgan.
Ma’lumki, yagona Olloh to‘g‘risidagi g‘oya, unga imon keltirgan-
larning birodarligini anglatadi. Muhammadning da’vatini qabul qilganlar
o‘zaro hamkorlik, bir-biriga muhabbat, ezgulik va adolat qoidalari asosida
birlashishni haqiqiy e’tiqod asoslari deb hisoblaganlar. Muhammad
Ollohga imon keltirishga da’vat etishni boshlagan dastlabki davrlarda
yangi din yaratishni da’vo qilmagan. Shunisi e’tiborga molikki, islom dini
(arabchada islom – itoat etish, bo‘ysunish degan ma’nolarni anglatadi)
tarqalishining dastlabki yillarida u Quddus shahri tomonga qarab sajda
qilgan. Xristianlar va iudaizmga sig‘inuvchilarni birodarlar deb hisob-
lagan. Yahudiylar dastlab Muhammadni mahdiy sifatida qabul qilgan
bo‘lsalar-da, keyinchalik uning qarashlarini tanqid qilganlar. Diniy
qarashlardagi ixtiloflar sababli iudaizm va xristianlar bilan ajralish yuz
bergan. Muhammad o‘z tarafdorlarini barcha diniy marosimlarni
arablarning siyosiy va diniy markazi – Makka shahriga qarab bajarishga
da’vat etgan.
Muhammadning da’vatkorlik faoliyati dastlab katta qiyinchiliklarga
duch kelgan. Hatto eng yaqin qarindoshlari ham dastlab uning g‘oyasini
qabul qilmaganlar. Muhammadning Makka shahridagi 12
yillik
da’vatchilik faoliyati muvaffaqiyatsizlik bilan yakunlangan. Makka
zodagonlari uning da’vatlaridagi ijtimoiy adolat, din ahlining birodarligi,
boylarning kambag‘allar foydasiga xayriya qilishlari, sudxo‘rlikning
qoralanishi, axloq normalariga amal qilish kabi g‘oyalarini qabul
qilmagan. Bundan tashqari, shaharda shu davrgacha nufuzi baland
bo‘lmagan hoshimiylar urug‘i vakilini payg‘ambar sifatida hukmron
ummaviy zodagonlari qabul qila olmas edilar.
Muhammadning da’vatchilik faoliyati bilan shug‘ullanishiga qarshi
turli to‘siqlar mavjud bo‘lgan. 617 yilda unga da’vatchilik bilan faqat o‘z
mahallasida shug‘ullanishiga ruxsat berilgan, ammo mahalladan tashqariga
chiqishi qat’iyan man qilingan. 620 yilda Hadicha (xotini) va undan keyin
130
Abu Tolib (amakisi) vafot etgan. Yaqin kishilarining madadidan mahrum
bo‘lgan Muhammadning hayoti xavf ostida qolgan va u shahardan chiqib
ketishga qaror qilgan. U 622 yilda (taxminan 22 yoki 24 sentabrda)
to‘siqlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Yasribga (Madina) ko‘chgan.
Muhammadning Yasribga ko‘chgan vaqti halifa Umar davrida musulmon
hijriy taqvimining hisobiga asos sifatida qabul qilingan.
Makka shahriga muxolif yasribliklar Muhammadni qabul qilganlar
(Muhammadning onasi Amina aya asli yasriblik edi). Muhammadning
da’vatlarini qabul qilgan yasribliklar ansorlar, Makkadan ko‘chib kelganlar
muhojirlar deb yuritilgan. Yasribda muhojirlar va ansorlar musulmonlar
jamoasi (arabchada «muslim» – bo‘yin eguvchi, o‘zini ollohga topshirgan)
umma (ma’lum dinga e’tiqod qiluvchilar jamoasi)ga birlashgan.
Musulmonlar Muhammadni payg‘ambar, diniy va dunyoviy hokimiyat
rahbari sifatida tan olganlar. Muhammadning sharafiga Yasribga
keyinchalik al-Madina (arabchada – madinai noib, ya’ni payg‘ambar
shahri) degan nom berilgan.
Madina shahrida Muhammad alayhissalom rahbarligida islomga
e’tiqod qiluvchilar uchun manzil – birinchi masjid qurilgan hamda
islomning diniy va siyosiy mavqeini aks ettiruvchi birinchi nizom
yozilgan. Bu nizomga binoan, islomga e’tiqod qiluvchi barcha kishilar bir
xalq deb e’lon qilinib, o‘zaro nifoq, qasos olish bekor qilingan.
Musulmonlarga qo‘lda qurol bilan bir-birlarini himoya qilishlari lozimligi
uqtirilgan. Barcha munozarali masalalar bo‘yicha hukm chiqarish
Muhammad alayhissalom zimmasiga o‘tgan. Islom dinini qabul qilmagan
mahalliy arablar, nasroniylar va yahudiylar bilan alohida shartnoma
tuzilgan.
Shunday qilib, birinchi teokratik (grekcha teos – xudo, kratos –
hokimiyat degan ma’noni anglatadi) davlat vujudga kelgan. Davlat
boshida yakka hokim dindor kishi bo‘lgan. Bu davlatni Ollohning yerdagi
vakili – Muhammad payg‘ambar hamda uning ikki yordamchisi Abu Bakr
va Umar boshqarganlar. Ular o‘z qo‘llariga nafaqat siyosiy va harbiy
hokimiyatni, balki diniy ishlar, kishilarning tarbiyasi, yangi dinni tarqatish
bilan bog‘liq vazifalarni ham olganlar. Shu tariqa payg‘ambarning hayoti
va aytgan so‘zlari sekin-asta qonundek mavqeiga ega bo‘lib borgan.
Tez orada islom dinining ta’siri Janubiy va G‘arbiy Arabistonning
deyarli barcha qabilalarini qamrab olgan. Muhammad payg‘ambar
tarafdorlari islom diniga e’tiqodni goh targ‘ibot, gohida esa kuch ishlatish
yo‘li bilan qaror toptirganlar. Yirik savdo-sotiq markazi Makka shahri
aholisi islom diniga hammadan ko‘p qarshilik ko‘rsatgan. 623 yildan
131
boshlab musulmonlar makkaliklarning karvonlariga hujum qila boshlagan.
Ular katta qo‘shin bilan musulmonlarga qarshi chiqqan. 624 yilda Badr
shahri yonidagi jangda Muhammad rahbarligidagi qo‘shin makkaliklarni
tor-mor qilgan. 625 yilda makkaliklar qo‘shini Uxud tog‘i yaqinida
musulmon qismlariga katta talafot yetkazgan. Lekin makkaliklar
Yasribdan chekinganlar. 628 yilda Muhammad katta qo‘shin bilan Makka
shahriga yaqin kelgan. Musulmonlar qo‘shinlari Makka shahri yaqinidagi
al-Xudoaybiya qishlog‘iga kelib to‘xtagan. Shaharliklar bilan olib borilgan
muzokaralar natijasida tinchlik shartnomasi tuzilgan. Nihoyat, Muhammad
630 yilda Makka shahrini qo‘lga oldi, ilgari unga qarshi bo‘lgan quraysh
zodagonlari esa uning ittifoqchisiga aylanganlar. Muhammad garchi o‘z
ona shahrida muvaffaqiyat qozongan bo‘lsa-da, Madina shahriga qaytishni
ma’qul ko‘rgan. O‘limidan bir necha oy avval, u Makkaga haj qilgan. Shu
davrdan e’tiboran Makka shahri islom dinining muqaddas poytaxti deb
e’lon qilingan.
632 yilda Muhammad vafot etgan va o‘zi boshlagan ishni davom
ettirish uchun minglab maslakdoshlariga qoldirgan. Muhammad alay-
hissalomning o‘limidan so‘ng ayrim ko‘chmanchi qabilalar islom
tartiblariga qarshi qo‘zg‘olonlar ko‘targanlar. Biroq bunday qo‘zg‘olonlar
muvaffaqiyat qozonmagan, ya’ni Muhammad tarafdorlari ularni
bostirganlar. Ular islom dinini tarqatish va buning uchun qo‘shni
davlatlarni bosib olishni asosiy maqsad deb bilganlar.
Muhammad payg‘ambar vafotidan keyin davlat boshlig‘i dastlab
umma tomonidan saylangan. Umma saylagan to‘rt xalifa (xulafo ar-
roshidin) – Abu Bakr (632-634 yillar), Umar (634-644 yillar), Usmon
(644-656 yillar), Ali (656-661 yillar) davrlarida islom qo‘shni davlatlarga
yoyilgan. Qisqa vaqt ichida (VII–VIII asrlarda) ular O‘rta va Yaqin
Sharqni, Markaziy Osiyoning asosiy qismini, Shimoliy Hindistonni bosib
olganlar va Xitoy chegarasigacha yetganlar. Bundan tashqari, Shimoliy
Afrikada Liviya, Tunis va Marokashni ishg‘ol etganlar hamda Gibraltar
bo‘g‘ozi orqali o‘tib, Pireneya yarimorolini egallaganlar. Ular hatto
Fransiyagacha yetib borganlar va u yerda Puatye shahri yonidagi jangda
(732 yil) mag‘lubiyatga uchraganlar.
Bunday zabt etishlar oqibatida juda katta hududda islom davlati –
Arab xalifaligi paydo bo‘lgan va uning aholisi islomlashtirilgan.
Islomlashtirish turli yo‘llar (kuchli iqtisodiy vositalar, agar ular yordam
bermasa, harbiy kuch ishlatish yo‘li) bilan amalga oshirilgan. Shunday
qilib, qisqa vaqt ichida islom milliy chegaradan tashqariga chiqqan va
132
sekin-asta jahon dinlaridan biriga ega bo‘lgan. Bu esa, albatta, bir qator
xalqlarning tarixiy taqdiriga ta’sir ko‘rsatgan.
Xulosa sifatida aytganda, Muhammad payg‘ambar arab elatini yangi
diniy mafkura asosida jipslashtirib, markazlashgan davlatga asos solgan.
Jamiyatni iqtisodiy, siyosiy va ma’naviy inqirozdan xalos qilgan. Insoniyat
tarixida alohida o‘ringa ega islom madaniyatining poydevorini yaratgan.
Dostları ilə paylaş: |