Nazorat savollari:
1.
Hissiyot deb nimaga aytiladi va uning hosil bo’lish manbalari?
2.
Emotsional hislar va uning turlari qaysilar?
3.
Affekt nima va qanday qilib uning oldi olinadi?
4.
Yuksak hislar qaysilar?
5.
Hissiyotning psixologik nazariyalari sanab bering?
337
17 -MAVZU. IRODA
Tayanch tushunchalar:
maqsad, motiv, motivlar kurashi, iroda, iroda akti,
irodaviy zo’r berish, qaror, qarorni ijro etish, ijroga baho berish, dadillik,
qat’iyatlilik, matonatlilik, sabr-toqatlik.
17.1.Iroda haqida tushuncha. Irodaviy harakatlar
Iroda insongagina xos muhim xususiyat bo’lib, u shaxsning turli-tuman
faoliyatlarida namoyon bo’ladi. Iroda inson faolligining muhim tomonini tashkil
etadi. Odam tevarak-atrofdagi olamni o’z sezgi, idroklari yordamida bilib,
o’rganibgina qolmay, uni o’z ehtiyojlari, zaruriyatlariga moslab o’zgartiradi ham.
U o’z aql-idroki yordamida zarur natijani qo’lga kiritish uchun qachon, qayerda va
qanday kuch – g’ayrat sarf etish zarurligi, ish faoliyatini qanday tashkil etish
kerakligini belgilaydi. Ko’p hollarda murakkab xatti-harakatlar natijasidagina
tegishli yutuq qo’lga kiritiladi. Bunday harakat davomida obyektiv va subyektiv
qiyinchiliklarni yengib o’tishga to’g’ri keladi.
Kuch-g’ayratni vujudga keltirish, qancha vaqt kuch-g’ayrat zarur bo’lsa, uni
o’shancha vaqt saqlab turish uchun kishiga iroda kerak. Iroda kishi ongining
shunday bir sohasiki, bu orqali odam o’z ishiga faol kirishadi va uni
muvofiqlashtirib boradi. Iroda tufayli kishi o’z shaxsiy tashabbusi bilan, ongli
zaruratdan kelib chiqqan holda, oldindan rejaga solingan yo’nalishda va oldindan
nazarda tutilgan kuch-g’ayrat bilan tegishli ish harakatlarni bajarishi mumkin.
Bundan tashqari, odam o’z psixik faoliyatini tegishli ravishda uyushtirish hamda
uni muayyan bir mazmunga yo’naltirishi ham mumkin..
Odam o’zidagi emotsional holatni sirtiga chiqarmaslikka, tashqi tomondan
bilintirmaslikka harakat qilishi, goho tashqi tomondan mutlaqo buning aksi bo’lgan
holatlarni ifoda etishi ham mumkin. Xullas, iroda, bir tomondan, odam xatti-
harakatini yo’nalishga soladi yoki uni biror harakatdan saqlab qoladi, ikkinchi
tomondan, mavjud vazifa va talablardan kelib chiqqan holda kishining psixik
faoliyatini uyushtiradi.
338
Odamning irodaviy harakatlari o’z oldiga qo’ygan maqsadlarini, turli-tuman
yumushlarini shunchaki bajarishdangina iborat emas. Balki irodaviy harakat o’ziga
xos xususiyatga egadir. Buning ma’nosi shuki, odam o’z oldida turgan va uning
uchun juda katta ahamiyatga ega bo’lgan maqsadlarga o’zi uchun unchalik
ahamiyatli bo’lmagan boshqa xatti-harakat motivlarini bo’ysundiradi.
Iroda kishining o’z xatti-harakatlarini ongli ravishda boshqarishni, bir qator
intilish va istaklarni tiyib turishni taqozo etadi. Irodaviy harakat shundan iboratki,
bundan odam o’zini-o’zi idora qiladi, o’zini-o’zi qo’lga oladi, o’z his-tuyg’ularini
nazorat qilib turadi va kerak bo’lib qolgan paytlarda ularni bosa oladi. Irodaning
namoyon bo’lishi ish-harakatlarda ongning ishtirok qilishi bilan bog’liq bo’lgan
shaxs faolligidir.
Irodaviy faoliyat shaxs tomonidan keng miqyosda anglangan va psixik
jarayonlarni amalga oshirish xarakteri jihatidan irodaviy zo’r berishni talab
qiladigan bir qator ishlarni taqozo qiladi.
Ko’pincha irodaviy faoliyat odamning hayot yo’lini aniqlaydigan, uning
ijtimoiy qiyofasini ko’rsatadigan qarorlarga kelish bilan bog’liq bo’ladi. Bunda
burch hissi, Vatan va xalq oldidagi burchini aniq anglash namoyon bo’ladi.
Bularga
misol
qilib
Ulug’
Vatan
urushi
davridagi
kishilarimizning
qahramonliklarini ko’rsatishimiz mumkin.
Irodaviy faoliyat turli-tuman harakatlar natijasida amalga oshiriladi.
Harakatlar esa suyak-muskul sistemasining faoliyati tufayli vujudga keladi.
Ma’lumki, insonda turli harakatlarni vujudga keltiradigan 600 dan ortiq katta va
kichik muskullar mavjuddir. Bu muskullarning harakati alohida-alohida, bir-
biridan ajralgan holda emas, balki ularning birgalikdagi faoliyati tufayli hosil
bo’ladi. Insonning istalgan bir harakatida bir guruh muskullar albatta ishtirok etadi.
Bosh miya yarim sharlarida harakatlarni boshqaruvchi maxsus uchastka bor. Bu
yerdan tanamizning barcha qismlariga nerv tolalari ketgan bo’ladi. Bu markaz
teskari aloqa usulida ishlaydi va harakatlarimizni boshqarib, tartibga solib turadi.
Bordiyu harakat markazi ishdan chiqsa, odamning harakatlari ham bir-biri bilan
uyg’unlashmaydi, izdan chiqadi, qilmoqchi bo’lgan ish-harakatlarni odam to’g’ri
339
bajara olmaydi. Buni spirtli ichimlik iste’mol qilgan kishi harakatida ko’rish
mumkin.
Irodaning nerv-fiziologik mexanizimi sifatida bosh miya katta yarim sharlari
po’stining shartli reflekslar hosil qilishdan iborat bo’lgan faoliyatini ham ko’rsatish
mumkin. Demak, irodaviy harakatlarning mexanizmini bosh miyadagi harakat
markazi faoliyati, suyak-muskul sisitemasining faoliyati, shartli reflekslar va
ikkinchi signallar sistemasi tashkil etadi. Irodaviy harakatlarning dastlabki
boshlang’ich nuqtasi harakat maqsadining vujudga kelishi va shu maqsadning
o’rtaga qo’yilishidir.
Maqsad - kishining shu paytda kerakli va zarur deb topgan ish- harakatlarini
tasavvur etishi demakdir. Maqsadni tasavvur qilish odatda, shu maqsadga erishish,
istak-orzuni amalga oshirish yo’lidagi intilishga bog’liq bo’ladi. Masalan, kishi
qiyin ahvolga tushib qolsa, shu ahvoldan bir amallab qutilishini o’z oldiga maqsad
qilib qo’yadi. Kishi shu vaziyatni ma’lum darajada o’zgartirish, bir nimaga barham
berish, bir nima qo’shish va shu kabi maqsadlarni o’z oldiga maqsad qilib qo’yadi.
Xatti-harakatni maqsad qilib qo’yish kishining mehnat faoliyati, kasb-koriga
bog’liq bo’lgan vazifalariga va turmushdagi burchlariga qarab belgilanadi. Kishi
jamiyatda, jamoada tutgan o’rni maqsad qo’yishga ta’sir etadigan muhim omil
hisoblanadi.
Kishida kelib chiqadigan ehtiyojlar darrov yaqqol tasavvur qilinadigan
maqsad tarzida hosil bo’la qolmaydi. Ko’ngilda kechayotgan ehtiyoj va intilishlar
turli darajada anglanishi va turlicha tasavvur qilinishi mumkin.
Masalan, ehtiyoj va intilishlar ba’zan istak tarzida ko’ngildan kechadi. Istak
shunday holatki, bunda odam o’ziga nimadir yetishmayotganini, nimanidir
istayotganini his qilib turadiyu, o’sha narsa nima ekanini yaxshi tasavvur qila
olmaydi. Tilak intilishning shunday bosqichiki, bunda kishi harakat maqsadini
anglab yetadi, lekin unga erishish yo’llari va vositalarini hali tushunib yetmaydi.
Ehtiyoj yana kuchayib boraveradi. Natijada intilishi maqsadlaridan tashqari,
uning yo’l, usul va vositalari ham asta-sekin anglashilib borad. Intilishning bunday
to’la anglanilgan bosqichi xohish deb aytiladi.
340
Maqsadning va unga yetishish yo’llarining ma’qul va noma’qulligini belgilab
beradigan hamma narsa ish-harakat motivlari deb aytiladi. Kishi nega boshqa bir
maqsadni emas, balki xuddi shu maqsadni o’z oldiga qo’ymoqda, shu maqsadga
yetishmoq uchun boshqa yo’l va vositalar bilan emas, balki xuddi shu vositalar
bilan ish ko’rishning sababi nima degan savolga javob motiv deb ataladi.
Maqsadlarni, ularga erishish yo’llari va vositalarini tanlash jarayoni ba’zan ichki
kurash xarakteriga ega bo’ladi. Bu kurashda turli kuch va jozibaga ega bo’lgan bir
necha motiv maydonga chiqadi. Bu jarayon motivlar kurashi deb yuritiladi.
Motivlar kurashi ko’pincha tafakkur bilan hissiyot o’rtasidagi kurashdan iborat
bo’ladi. Bundan tashqari, bu burch hissi bilan unga oid bo’lgan qandaydir boshqa
shaxsiy his o’rtasidagi kurash tarzida ham namoyon bo’lishi mumkin.
Maqsadga erishish yo’llari va vositalarini tanlash jarayoni, rejalashtirish
motivlar kurashi bilan bog’langan bo’lib, qarorga kelish bilan tugaydi. Qarorga
kelish muayyan bir maqsadni va shu maqsadga erishish yo’lidagi harakat
usullaridan birini tanlab olish demakdir. Tez qarorga kelish sur’ati bir qancha
sabablarga, jumladan, ehtiyojga, hal qiluvchi motiv kuchiga, vaziyatga, hissiyotga,
tafakkur va xayolning taraqqiyot darajasiga, kishining turmush tajribasi va
bilimlariga, dunyoqarashi, temperament va xarakteriga, boshqa kishilarning
maslahati, buyrug’i, takliflariga bog’liqdir. Bundan tashqari, maqsadning
ahamiyatliligiga, birorta qarorga keltiruvchi faoliyatning xarakteriga ham bog’liq
bo’ladi.
Qat’iyat faqat tezlik bilan qarorga kelishdagina emas balki, qarorni tez va
dadil bajarishda ham zohir bo’ladi. Tezlik bilan qarorga kelish va uni belgilangan
muddatda bajarish – qat’iyatni namoyish qilish demakdir.
Qabul qilingan qaror mustahkam yoki bo’sh bo’lishi mumkin. Bir marta qabul
qilinib, keyinchalik o’zgartirilmaydigan va ma’lum vaqt davomida albatta
bajariladigan qaror qat’iy va mustahkam qaror deyiladi. Qaror qabul qilinsayu,
keyin yo o’zgartirilsa, yoki boshqa yangi qaror bilan almashtirilsa, yoxud butunlay
bekor qilinsa, bunday qaror bo’sh qaror deyiladi. Qat’iy va mustahkam qarorga
kelish irodaning ijobiy xususiyatidir.
341
Qaror unga muvofiq keladigan choralar ko’rish va harakat qilish uchun qabul
qilinadi. Qarordan harakatga o’tishni qarorni ijro etish deyiladi. Irodaning eng
muhim va asosiy bosqichi qarorni ijro etishdir.
Dostları ilə paylaş: |