Geografiya o’qitish metodikasi qator tabiiy va ijtimoiy-iqtisodiy hamda gumanitar fanlar bilan o’zaro bog’langan. Geografiya o’qitish metodikasini geografiya fani bilan bog’liqligi quyidagilarda namoyon bo’ladi:
-geografiya fani maktab geografiyasi mazmuni asosini tashkil qiladi va uning rivojlanishi uchun asos hisoblanadi. Geografiya fanidagi yutuqlar va o’zgarishlar maktab geografiyasining mazmunida va tuzilishida aks etib boradi;
- geografiya fanining mazmuni maktab geografiyasining tuzilishida aks etgan. Maktab geografiyasi ikki qismdan iborat: tabiiy va iqtisodiy geografiya. Akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun o’tiladigan «Amaliy geografiya» darsligida injinerlik geografiyasining mazmuni aks etgan;
-o’quv vositalari va ular bilan ishlash usullari geografiya fanida qo’llaniladigan usullar bilan aniqlanadi. Masalan: geografiyada keng qo’llaniladigan kartografik usul, maktab geografiyasida ham keng qo’llaniladi (haritalar bilan ishlash), dalada olib boriladigan tadqiqot ishlari maktab geografiyasida o’tkaziladigan o’quv- sayohatlarda aks etgan;
geografiya ta’limining mazmuni va tuzulishi geografiya fanining rivojlanishi bilan muntazam takamillashib boradi. Hozirgi paytda maktab geografiyasida yangi-yangi tushunchalar paydo bo’lmoqda: ekologik- geografik sharoit; tizimli usul; geosiyosat : bashorat; baholash va h.k.
Didaktika barcha o’quv predmetlarini metodikasini umumiy ilmiy asosini tashkil qiladi. Geografiya ta’limi metodikasi didaktika fani tomonidan asoslab berilgan qonunyatlar, qonunlar va qoidalar asosida rivojlanadi. Didaktika fani geografiya o’qitish jarayonini tarkibiy qismlari o’rtasidagi qonuniy bog’lanish va munosabatlarni oydinlashtiradi va shu asosida o’qitishni maqsadi, mazmuni, usullari hamda o’qitish jarayonini jihozlashga doir talablarni belgilab beradi. Geografiya o’qitish metodikasi fani didaktika faniga suyanibgina qolmasdan balki uning rivojlanishi uchun muhim ma’lumotlar beradi. Masalan, o’quvchilarning geografik bilmi, ko’nikma va malakalarni baholash, geografik tasavvur, tushuncha, g’oyalar tizimini shaklllantirish va boshqalar.
Psixologiya fani o’quvchilardagi ruhiy faoliyatning umumiy qonunyatlarini o’rgansa, geografiya o’qitish metodikasi esa o’quvchilarning ruhiy faoliyatini, ularning geografik bilimlarni o’zlashtirish bilan bog’liq bo’lgan tomonlarni o’rganadi. Geografiya predmetini o’qitishda o’quvchilarning yoshi, bilimi, fikrlash qobiliyatini e’tiborga olmasdan turib, ularning o’quv faoliyatiga samarali ta’sir etib bo’lmaydi. Shu tufayli geografiya o’qitish metodikasi psixologiya fani bilan chambarchas bog’langan.
Geografiya ta’limi metodikasi ekologiya fani bilan ham uzviy bog’langan. Maktab, akademik litsey va kasb hunar kollejlaridagi geografiya ta’limida atrof- muhit muhofazasiga va tabiiy resruslardan oqilona foydalanish masalalariga katta e’tibor berilgan. Tabiiy geografiya boshlang’ich kursidan boshlab (5-sinf), umumiy o’rta ta’lim geografiya predmetlarida tabiiy resruslardan oqilona foydalanish, tabiat tarkiblarni xo’jalik faoliyati ta’sirida ifloslanishi, ularni oldini olish va atrof- muhit muhofazasi masalalari atroflicha ko’rib chiqilgan.
Geografiya ta’limi metodikasi tarix, til va adabiyot va boshqa gumanitar fanlar bilan ham bog’langan. Maktab geografiyasida geografik bilimlarning rivojlanishini, har bir materik va o’lkalarni tabiatni va uni o’zlashtirilish tarixini o’rganish tarixiy manbalarinrini o’rganish bilan bog’liq. Geografik nomlarni to’g’ri yozilishi, ularni talqini, kelib chiqishi va mazmunini aniqlashda tilshunoslik qonunyatlari va qoidalari asosida olib boriladi. Maktab geografiyasida jahon, mamlakatlar va hududlarini o’rganishda, geografik qobiqni tarkibiy qismlari va undagi jarayonlarni o’quvchilarga tushuntirilishida badiiy adabiyotlardagi yorqin ifodalar, talqinlar va tavsiflardan foydalaniladi.
Geografiya o’qitish metodikasi kimyo, geografiya va qishloq xo’jaligi fanlari bilan ham chambarchars bog’langan. Geografik qobiqning kimyoviy tarkibini, tabiatni kimyoviy modddalar bilan ifloslanishini va ularni oldini olish yo’llarini o’rganishda maktab geografiyasi kimyo fanining yutuqlariiga asoslanadi. Geografik qobiqning asosiy tarkibiy qismi bo’lgan tuproq, o’simlik qoplami, hayvonot dunyosini va turli xil ekinlarni yetishtirishni o’ziga xos xususiyatlarini o’rganishda maktab geografiyasi geografiya va qishloq xo’jaligi fanlari tizimi yutuqlariga asoslanadi.
Geografiya ta’limida ma’lumotlarni umumlashtirish va tashkil qilishda, zamonaviy texnika vositalaridan foydalanishda maktab geografiyasi matematika, statistika va axborot texnologiyalari fanlari yutuqlariga asoslanadi.
Hozirgi davrda geografiya ta’limida yangi pedagogik texnologiyalar qo’llanilmoqda va ulardan foydalanishning ilmiy –metodologik asoslari ishlab chiqilmoqda. Mazkur sohada geografiya ta’limi yangi pedagogik texnalogiyalar fani yutuqlariga tayanadi.