Okean suvining to‘lqin harakatlari va ko‘tarilishlari.Dunyo okeanida
suv massalarining gorizontal va vertikal harakatlaridan tashqari shamol, zilzila, suv
ko‘tarilishi va qaytishi natijasida yuzaga keladigan to‘lqin harakatlari ham bo‘ladi.
Shamol to‘lqinlari suvning 50-60 m chuqurlikkacha bo‘lgan yuza qatlamida ro‘y
beradi. To‘lqinlarning balandligi shamol tezligiga bog‘liq. Ularning balandligi
mo‘’tadil mintaqa shamollarida 1-3 m ga, kuchliroq shamollarda 6-10 m ga, eng
kuchli shamollarda 20-30 m gacha yetadi. Eng kuchli to‘lqinlar xzilzila paytida
ham vujudga keladi. Bular sunami deb ataladigan seysmik to‘lqinlar bo‘lib,
ularning uzunligi yuzlab kilometrni, tarqalish tezligi soatiga 700-800 km ni,
balandligi 20-30 km ni tashkil etadi.
Dunyo okeanining gidrodinamikasi va gidrologik rejimida suv sathining
davriy ravishda ko‘tarilib va pasayib turishi muhim rol o‘ynaydi. Oy va
Quyoshning tortishish kuchi oqibatida okean yuzasida suvning yarim sutkalik va
sutkalik ko‘tarilishlari sodir bo‘ladi. Ayniqsa yarim sutkalik suv ko‘tarilishlari
ko‘p takrorlanadi. Ularning balandligi hamma akvatoriyada bir xil emas. Ochiq
okean yuzasida suv ko‘tarilishlarining balandligi 1 m dan oshmaydi, qirg‘oqlarda
3-6 m ga yetadi. Eng katta suv ko‘tarilishlari okean qo‘ltiqlarida va chekka
dengizlarda kuzatiladi. Suvning ko‘tarilishi Kanadaning Atlantika sohilidagi Fandi
qo‘ltig‘ida 18 m, Shimoli-Sharqiy Osiyoning Oxota dengizidagi Penjina ko‘rfazida
12,9 m, Oq dengizning Mezen ko‘rfazida 10 m bo‘lgani aniqlangan.
Suv massalari. Okean suvlari qalinligida dinamik jarayonlar natijasida
ko‘proq yoki kamroq harakat qiladigan suv qatlamlari hosil bo‘ladi. Bular suv
massalaridir. Suv massalari deb o‘ziga xos maydon va chuqurlik bilan
o‘lchanadigan, muayyan tabiiy geografik sharoitda dinamik jarayonlar natijasida
shakllangan, fizik-kimyoviy va biologik xususiyatlari nisbatan bir xil bo‘lgan suv
hajmiga aytiladi. Suv massalari va ularning turlarini hosil qiladigan asosiy omillar
okean akvatorial o‘lkasining issiqlik, chuqurlik va suv balansi kabilardir. Shuning
uchun harorat, sho‘rlik, harakat va chuqurlik ko‘rsatkichlari suv massalarini sifat
va miqdor jihatdan ta’riflashda asos bo‘lib xizmat qiladi.
Dunyo okeanining vertikal strukturasida yuza (200-250 m chuqurlikkacha),
oraliq (2000 m chuqurlikkacha), chuqur (4000 m chuqurlikkacha) va okean tagi
(4000 m dan chuqur) suv massalari ajratiladi. Ular o‘znavbatida turlarga bo‘linadi.
Masadan, yuza suv massalari tabiiy sharoitning zonal o‘zgarishlariga ko‘ra
ekvatorial, tropik, subarktika, antarktika va arktika kabi turlarga bo‘linadi.