7.2. SIRATUL-ANTARA
Darsning maqsadi: Mazkur bobda hamda katta hajmdagi nasriy asarlardan
“Sirat al-Antara” va uning mazmun-mohiyati haqida so’z boradi.
Tayanch so‘zlar va iboralar: “Sirat al-Antara”, risarlik romani, Abs
qabilasi, Abla, Xira podshosi, al-Munzir.
Xalq romani. Antara haqidagi roman. XII asr boshida arab adabiyotida
yangi nasriy janrlar rivojlanadi.
Nasroniylar qo‘shinining xalifalik hududiga bostirib kirishining va Yaqin
Sharq hududida mahalliy aholini shafqatsiz ezgan salibchilar davlatining
130
shakllanishi XII asr o‘rtalarida Suriya, Falastin, Misrdagi musulmon aholi
kuchlarining birlashishiga olib keldi. Salibchilarga qarshi kurashda Misrda
ayubiylar sulolasiga asos solgan hamda Misr, Suriya va Hijozning bir qismini
birlashtirgan misrlik sarkarda Salohiddin (1169–1193) boshchilik qildi. 1187 yilda
Salohiddin salibchilarni Tiveriad yaqinida mag‘lub etib, Quddus shahrini qo‘lga
kiritdi.
Salibchilarga qarshi urush arablarda diniy kayfiyatlar va qabilaviy
umumiylik his-tuyg‘ularini keltirib chiqardi, qahramonona o‘tmishga qiziqish
uyg‘otdi.
Bu davrda ayubiylar boshchiligidagi Misrda salibchilarga qarshi urushning
bevosita ta’sirida risarlik romani deb atalgan janr shakllanadi. Arablarda eng
mashhur bo‘lgan ushbu janrdagi asarlardan biri ko‘p jildli «Antaraning hayoti»
(«Sirat Antara») xalq romani hisoblanadi. Asar markazida haqiqiy tarixiy shaxs,
islomgacha bo‘lgan Arabistonda VI asr oxiri – VII asr boshida yashagan mashhur
badaviy jangchi shoir Antara turadi.
«Antaraning hayoti» asarining bizgacha yetib kelgan dastlabki variantlari 32
ta kitobdan iborat bo‘lib, ularning tamomlanishi, «Ming bir kecha» to‘plamidagi
«kechalar» tugashi singari, har doim ham u yoki bu epizodning yakunlanishi bilan
mos kelmaydi. Zamon didiga muvofiq ravishda «Sirat Antara»ning kattagina
qismi qofiyali nasr shaklida yozilgan bo‘lib, unga taxminan 100 mingta she’riy
bayt kiritilgan. Romandagi harakat deyarli olti yuz yil davom etadi hamda
islomgacha bo‘lgan tarix voqealari, qabilalararo urushlar hamda Arabistondagi
Vizantiya–Eron raqobatini, Osiyo, Afrika, Yevropadagi arab musulmon
istilolarini, salibchilarga qarshi urushni o‘z ichiga oladi. Voqeadan voqeaga
o‘tgan sayin qissaning geografik va xronologik doirasi kengayib boradi. Roman
qahramoni esa qabila qahramonidan barcha arablarning boshlig‘i va hamma
musulmonlarning himoyachisiga aylanadi.
«Antaraning hayoti» asarining qisqacha mazmuni quyidagicha. Abs
qabilasining boshliqlaridan biri Shaddod qora tanli Zabiba ismli qizni hibsga oladi
(keyinroq u podshoning qizi ekanligini bilib olamiz). U Shaddodga o‘g‘il –
131
Antarani tug‘ib beradi. Antara bolalik yillaridayoq jismonan nihoyatda kuchli
ekanligi va jasurligi bilan barchani hayratga soladi. Biroq Antara, qabilasining
qonunlariga muvofiq, kanizakning o‘g‘li sifatida qul hisoblangan va uzoq vaqt
oddiy cho‘pon bo‘lib yurgan. Lekin Antara qabilaga qo‘shni qabila hujum
qilganida ko‘rsatgan yordami uchun ozodlikka erishadi va teng huquqli jangchi
sifatida e’tirof etiladi. Ammo qullikdan qutulish Antaraga to‘liq baxt keltirmadi.
Yoshligidan u o‘zining amakivachchasi go‘zal Ablani sevib qoladi, ammo uning
amakisi – Ablaning otasi o‘z qizining kanizak o‘g‘liga turmushga chiqishiga
qattiq qarshilik ko‘rsatadi va Antaraga bajarish nihoyatda qiyin bo‘lgan har xil
shartlar qo‘yadi. Amakisining shartlarini bajarish va Ablaga erishishga intilgan
Antara ajoyib qahramonliklar ko‘rsatadi. Uning faoliyat maydoni doimiy ravishda
kengayib boradi. Antara o‘z qabilasida uning Abla bilan nikohiga qarshilik
ko‘rsatayotgan otasining qarshiligini yengadi va shoir Urva ibn al-Vard
boshchiligidagi ko‘p sonli raqobatchilarni mag‘lub etadi. Antara raqiblarini faqat
jangda yengmaydi. Buyuk shoir Antara she’riy musobaqada ham g‘olib keladi. U
eng buyuk shoir Imru-l-Qaysning she’riyat bo‘yicha imtihonidan o‘tadi.
Antaraning mu’allaqasi eng yaxshi deb topiladi va Makka ibodatxonasiga asir
qo’yiladi. Antara jangda abs qabilasiga dushman bo‘lgan fazara qabilasining eng
zo‘r qahramonlarini yengadi va ular bilan aka-uka tutinadi, shuningdek boshqa
jasur va kuchli badaviy jangchilar ustidan g‘olib keladi.
So‘ngra qahramonning faoliyati Arabistondan tashqariga chiqadi. Bunga
Ablaning otasi qo‘ygan yangi vazifa sabab bo‘ladi. U nikoh sovg‘asi sifatida faqat
Xira podshosi al-Munzir ko‘paytiradigan maxsus zotli tuyalardan mingtasini olib
kelishni talab qiladi. Antara Iroqqa jo‘naydi hamda arab podsholari va ularning
vazirlari bilan do‘stlashadi. U forslarga vizantiyaliklarga qarshi kurashda
ko‘maklashish uchun Iroqdan Eronga boradi. Uning do‘stlari orasida Xusrav
Anushirvon va boshqa sosoniy hukmdorlar bo‘ladi.
Erondan keyin Antara Suriyaga jo‘naydi. U yerda hukmdorning o‘g‘li
Antaraning do‘stiga va’da qilingan qizga tixirlik qilayotganida u bilan kurashib,
do‘stining raqibini o‘ldiradi, podsho al-Xaris al-Vahhobni yengadi va u bilan aka-
132
uka tutinadi, al-Xaris o‘limidan keyin esa yangi podsho, hali yosh bo‘lgan Amir
ibn al-Xarisga vasiylik qiladi, amalda esa Suriyaning hukmdori bo‘ladi.
Shundan keyin harakatlar Yevropaga ko‘chadi. Suriyada nasroniylarga
yordam bergani uchun Antara Konstantinopolga taklif qilinadi va u yerda unga
har tomonlama hurmat ko‘rsatiladi. Biroq Fransiyaning akasini o‘ldirgani uchun
Antaraga dushman bo‘lgan qiroli Laylaman Vizantiyadan arab qahramonini
ushlab topshirishni talab qiladi.
Shunda Antara imperatorning o‘g‘li Irakli bilan birga Vizantiya qo‘shiniga
boshchilik qilib, franklar zaminiga jo‘naydi. Uni Vizantiya mulkiga qo‘shadi,
Ispaniyagacha yetib boradi, ispan qiroli Sant Yagoni mag‘lub qiladi, uning
Shimoliy Afrikadagi mulki orqali Misrga boradi va Konstantinopolga qaytadi. Bu
yerda Antara sha’niga ulkan haykal o‘rnatiladi.
Uzoq hayoti mobaynida Antara ko‘plab yurishlarga boshchilik qiladi. U
Vizantiya imperatorining jiyaniga, Rim qiroli Balkam ibn Murkosga Rimni qamal
qilgan Boemundni quvib yuborishda yordam beradi, Sudanda urush qiladi va
oxirida negus mulkigacha yetib boradi; negus onasining amakisi bo‘lib chiqadi va
Antara shu tariqa onasining podsho qizi ekanligini bilib oladi. Antara Bayda
zaminida podsho Laylamanga qarshi devlar yurtiga fantastik ekspedisiyaga
boshchilik qiladi va hokazo.
Hayotining oxirida Antara sotqinlik qurboni bo‘ladi va fojiali sharoitda o‘z
dushmani – bir vaqtlar ko‘p bora yenggan va asir qilgan, so‘ngra rahmi kelib ozod
qilgan Vizr ibn Jobir ismli dushmanining qo‘lidan halok bo‘ladi. Vizr Antaraning
oliyjanobligidan o‘zini qattiq tahqirlangandek his qilib, qayta-qayta unga hujum
qilar edi. Shu bois Antara pirovard natijada uni ushlab ko‘zini ko‘r qilib qo‘yishga
majbur bo‘lgan edi. Antaradan qasos olishga intilgan Vizr ovozga qarab nishonga
olib otishni o‘rganadi va bir kun kelib Antarani zaharlangan o‘q bilan sotqinlarcha
o‘ldiradi. Antara o‘zining suyukli oti al-Abjar ustida halok bo‘ladi.
Sayohatlar vaqtida Antara ko‘plab ishqiy sarguzashtlarni boshdan kechiradi.
Rim imperatorining singlisi Antaraga Gadanfar ismli o‘g‘il tug‘ib beradi. Antara
o‘g‘lining onasi Jufrana Fransiya malikasi bo‘lgan. Antaraning farzandlari
133
Sharqqa salibchilar qo‘shiniga boshchilik qilib keladilar va shu yerda ularning
otasi Antara sotqinlik qurboni bo‘lganligini bilib qoladilar. Ular otasi uchun qasos
oladilar va Yevropaga qaytadilar. Roman oxirida Antaraning qabiladoshlari –
absiylar islomga kirganligi aytiladi.
Matnda roman muallifi Bag‘dodda xalifa Xorun ar-Rashid saroyida yashagan
mashhur tilshunos al-Asma’i (740–831) ekanligi bir necha bor eslatib o‘tiladi.
Biroq, romanga ishonadigan bo‘lsak, muallif Antara va islomgacha bo‘lgan
boshqa shoirlar bilan shaxsan tanish bo‘lganligi, ko‘pgina ma’lumotlarni esa
Antaraning o‘z og‘zidan olganligi ma’lum bo‘ladi. Shu bilan birga, romanda
ta’kidlanishicha, muallif asarni 1080 yilda yozib tugatgan. Bu esa romanga al-
Asma’ining muallifligi haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri ekanligiga ishontiradi.
«Antaraning hayoti» haqidagi ma’lumotlarni ilk bor XII asr o‘rtalariga
taalluqli tarixiy manbalarda ko‘ramiz. Ushbu asarda keltirilgan tarixiy shaxslar
bo‘yicha xulosa chiqaradigan bo‘lsak, roman yoki uning ayrim qismlari bevosita
birinchi salib yurishidan keyin yozilgan deb hisoblash mumkin.
Shunday qilib, roman to‘liq shakllangan vaqt deb XII asrning birinchi
yarmini tan olish lozim. Ehtimol, romanning dastlabki o‘zagida bunchalik ko‘p
voqealar bo‘lmagan va u bunchalik ko‘p mamlakatlarni qamrab olmagan. Roman
oxirida Antara o‘z hayoti haqida gapirib berayotganida faqat Arabiston, Iroq, Eron
va Suriyadagi qahramonliklarini hikoya qilishi, bunda na Vizantiyani, na Yevropa
mamlakatlarini, na Shimoliy Afrikani, na Sudan va na Xabashistonni
eslamaganligi e’tiborga loyiq. U shuningdek, o‘zining faqat bitta muhabbati –
Ablaga bo‘lgan sevgisini aytib beradi. Holbuki avvalgi kitoblarda qahramonning
odatda zodagonlardan kelib chiqqan ko‘plab mahbubalari namoyon bo‘ladi.
Antara o‘z farzandlari haqida hech narsa demaydi, ammo avvalgi kitoblarda uning
farzandlari salibchilarning yo‘lboshchisi bo‘lganligi keltiriladi. Nihoyat roman
boshida Antara o‘zini oddiy kanizakning o‘g‘li deb tanishtiradi, romanning
o‘rtasida esa kutilmaganda uning onasi podsho qizi ekanligi, binobarin, Antara
aslzoda ekanligi ma’lum bo‘lib qoladi. Aftidan, romanning dastlabki varianti
Iroqda salib yurishidan avval paydo bo‘lgan. Salib yurishi davrida esa u yangi
134
material bilan to‘ldirilgan. Ushbu holda, ehtimol, al-Asma’i – romanning
dastlabki o‘zagiga muallif deb hisoblash mumkin.
Romanning turli qismlarida turli davrlar, ba’zan esa turli dunyoqarashlar
ta’siri seziladi. Asarning qahramonlik, badaviy ruhida, qabilalararo urushni
tavsiflashda islomgacha bo‘lgan rivoyatlarning ta’siri bor. G‘olib islomning
yo‘lini ochib boruvchi Antaraning qahramonliklarida ham, Arabiston, Eron,
Suriya, Shimoliy Afrika va Ispaniyaga qahramonning yurishlarida ham VII–
VIII asrlardagi arab istilolari o‘z ifodasini topgan.
Eron saroy marosimlari va hayotini (ov, kaptar orqali xat jo‘natish)
tasvirlashda, mansabdor shaxslarning forscha nomlarida, terminlar, ismlar va shu
kabilarda fors madaniyatining ta’siri juda sezilarli.
Shubhasiz, romanning Antaraning Yevropadagi sarguzashtlari hikoya
qilinadigan bir qismi salibchilar yurishi bilan bog‘liq. Antara Osiyoga salibchilar
kirib kelgan yo‘lga teskari yo‘nalishdagi (Suriyadan Vizantiya orqali franklar
davlatiga) yurish qilib, o‘zining qahramonliklari bilan arablarning Yevropa
risarlari ustidan g‘alabasini namoyon etgan. Ko‘kragida xoch rasmi va belida
ordenlik belbog‘i (Damashq va Antioxiyani qamal qiluvchi) tasvirlangan
salibchining qiyofasi roman sahifalarida bir necha bor paydo bo‘ladi. Muallifning
salibchilarga munosabati, keyinchalik yozilgan xalq romanlaridan farqli ravishda,
har doim sabr-toqatli, mutaassiblikdan xolidir. Matnda nasroniy diniy atamalari
nihoyatda ko‘p, nasroniylar Iso, Maryam, Injil kabilar bilan qasam ichadilar.
Romanda uchraydigan nasroniy ismlar ohangi bo‘yicha grek, rim, eski fransuz,
eski ispan ismlariga o‘xshab ketadi.
Roman muallifi aftidan, o‘zi hech qachon Yevropada bo‘lmagan va u haqda
boshqalarning hikoyalaridan ma’lumotga ega bo‘lgan; shu bois romanda
keltirilgan Yevropa haqidagi ma’lumotlar fantastik xususiyatga ega.
«Antaraning hayoti» asarining romanda «Risarlar otasi» yoki «Risarlar
risari» deb ataluvchi qahramoni barcha risarlik fazilatlarining sohibidir. U
oliyjanob, bir so‘zli, risarlik sha’niga sodiq. U dunyo bo‘ylab sayohat qilar ekan,
tul qolgan ayollar, yetimlar va kambag‘allarga homiylik qiladi. Romanda risarlik
135
turmushining barcha jihatlarini ko‘ramiz. Yurishlarda Antaraning ortida qurol olib
yuruvchilar boradi. Romanda tasvirlanadigan turnirlar ayollar oldida, bayroqlar
bilan bezatilgan maydonlarda yuz beradi. Bu narsa XI–XII asrlarda, ya’ni
«Antaraning hayoti» yozilgan davrda salibchilar yurishlari davrida yuzaga kelgan.
Dostları ilə paylaş: |