Bolalar davomatini qayd etish daftari yosh guruhlarida bolalar qatnovini har kuni soat 9.00 dan kechiktirmay belgilab boriladi va kelgan bolalarning umumiy soni chiqarib qo‘yiladi. Oy yakunida ro‘yxatdagi bolalar kelgan, kelmagan kunlarining umumiy soni chiqariladi va natijalar umumlashtiriladi. Tahlilda ro‘yxat bo‘yicha bolalar soni, ushbu oy davomida kelgan va umuman kelmagan bolalarning aniq soni yoziladi. Ushbu tahlil asosida bola kuni bajarilishi aniqlanadi. Umumiy bolalar kuni va bola kelmagan kunlarning sababli va sababsiz soni yoziladi. Tahlil qilgan tarbiyachining familiyasi va imzosi, hamshira tomonidan bolalar sonining haqqoniyligini tasdiqlab imzo qo‘yiladi. Tashkilot rahbari oy davomida yuritilgan davomat va tahlilni nazoratdan o‘tkazib, imzo va muhr qo‘yadi.
Tabel daftari tikilgan, sahifalangan, muhrlangan, rahbar tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak
Filtr daftari:Tarbiyachi bolalarni qabul qilish vaqtida har bir bolaning ota- onasi bilan bola salomatligi haqida qisqacha suhbatlashadi, birlamchi tibbiy nazoratdan o‘tkazadi. Filtr daftarida tana harorati, teri tozaligi, bosh tozaligi(pedikulyozga tekshiruv) va ota-onadan olingan so‘rovnoma natijalari belgilanadi. Bolaning filtr nazorati ota-ona oldida o‘tkaziladi.
Bola uch kun kelmagan taqdirda filtr nazoratini tashkilotning tibbiyot xodimlari tomonidan o‘tkazilishi va ota-onadan bolaning muassasaga kelmaganlik sababini tasdiqlovchi tegishli hududiy davolash tashkiloti tomonidan berilgan maxsus shakldagi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilishi talab etiladi. Filtr daftari tikilgan, sahifalangan, muhrlangan, rahbar tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak.
Patronaj daftari:har bir yosh guruhida tarbiyachi tomonidan oyma-oy yuritiladi. Bola tashkilotga kelmagan kunlarning uchinchi kuni tarbiyachi oilaga tashrif buyurib (yoki telefon orqali), bolaning tashkilotga kelmaslik sababini aniqlaydi. Bola uzoq muddat kelmagan taqdirda, kelmagan kunlarning yettinchi kuni ikkinchi patronaj va o‘n to‘rtinchi kuni uchinchi patronajning o‘tkazilishi va har bir patronaj qilingan kunning sanasi hamda kelmaslik sababi yozib borilishi lozim. Uch kun va undan ortiq tashkilotga qatnamagan bolaning tashkilotga kelgan kuni maktabgacha ta’lim tashkiloti tibbiyot xodimi(shifokori yoki hamshirasi) tomonidan kelmagan kunlar uchun taqdim etilgan tibbiy ma’lumotnoma asosida nazoratdan o‘tkazib, qabul qilishnishi va patronaj daftariga imzo qo‘yiladi. Bola keyingi oy ham tashkilotga kelmagan holatda tarbiyachi ushbu bolani yana belgilangan tartibda patronaj daftariga ro‘yxatga oladi. Patronaj daftari tikilgan, sahifalangan, muhrlangan, rahbar tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak.