05-02 Tarbiyachining shaxsiy ish rejasi (Ish jurnali) Jurnalning titul varag‘idan keyingi betga tavsiyalar joylashtirilgan bo‘lib, tarbiyachi bu tavsiyalardan faoliyati davomida foydalanishi mumkin. Keyingi sahifada tarbiyachining joriy o‘quv yilida o‘z oldiga qo‘ygan asosiy vazifalari yoritiladi. Asosiy vazifalar tashkilotning dolzarb vazifalaridan kelib chiqqan holda olinadi. Unda tarbiyachi o‘zining pedagogik salohiyatini oshirish uchun amalga oshirmoqchi bo‘lgan, markazlar faoliyatini boyitishga qaratilgan, zamonaviy jihozlash, rejalashtirilgan tadbirlar, ota-onalar, pedagoglar bilan hamkorlikdagi ishlari yoritiladi.
Guruh yoshiga va MTTning ish vaqtiga qarab kun tartibi belgilanadi. Bir oy uchun 2 ta ertalabki badan tarbiya komplekslari rejalashtirilib, 1-15 sanagacha predmetsiz mashqlar, 16-31 sanalarda predmetlar bilan ertalabki badan tarbiya mashqlari bajarilishiga e’tibor qaratilishi lozim. Ertalabki badan tarbiya mashqlarini alohida daftarga yozib borish yoki oldindan kartotekalar tayyorlab olish maqsadga muvofiq.
Keyingi varaqlarda tarbiyachining ta’limiy-tarbiyaviy faoliyati aks ettirilib, hafta mavzusi, davr ko‘rsatiladi. Ertalabki doirada bolalar bilan olib boriladigan qabul, suhbat, o‘yinlar, ertalabki badan tarbiya kompleksining tartib raqami kiritiladi.
Markazlardagi faoliyatlarga o‘zgartirish kiritilgan taqdirda, o‘sha markaz nomi va mavzu, unga kerakli jihozlar yoziladi. Markazlardagi faoliyatlar o‘zgarmagan holatlarda bu joy bo‘sh qoladi.
Umumiy guruh bo‘lib ishlash -bu frontal mashg‘ulot bo‘lib, unga nutq o‘stirish, matematika, savodga o‘rgatish, rus va o‘zbek tillari, ingliz tili, jismoniy tarbiya hamda musiqa mashg‘ulotlari kiradi. Tarbiyachi tomonidan mutaxassislar bilan kelishgan holda ushbu frontal maashg‘ulotlarni o‘tish vaqti belgilanadi va rahbariyat tomonidan tasdiqlanadi.
Yosh tarbiyachilarga frontal mashg‘ulotlarni to‘liq ochib yozish, tajribaga ega bo‘lgan tarbiyachilarga esa frontal mashg‘ulotlarni tezis sifatida yoritib berish mumkin. Frontal mashg‘ulotni yozish daftari rahbariyat tomonidan tasdiqlanadi va nazoratga olinadi.
Ish jurnalining sayr bo‘limi 5 qismdan iborat. Bu qismlarda tarbiyachi eng avvalo kuzatilayotgan ob’ektni yoritishi, ob’ektga mos bo‘lgan mehnat turini, harakatli o‘yin, ixtiyoriy o‘yinlarni rejalashtiradi. Tarbiyachi bolalarni ixtiyoriy o‘yinga jalb qilgan vaqtda, asosiy harakat turlarini mustahkamlashga muhtoj bo‘lgan bolalar bilan ishlaydi va ularda sakrash, yugurish, tirmashib chiqish, uloqtirish, irg‘itish, turli usullarda yurish va boshqa harakatlar bo‘yicha olgan malakalarini mustahkamlaydi.
Ish jurnalidagi kunning ikkinchi bo‘limi bolalar bilan yakka ishlash, badiiy adabiyotlar, o‘yin va faoliyatlar qismlariga bo‘lingan bo‘lib, unda tarbiyachi bola bilan qaysi mavzuda yakka ishlashini, o‘qib beriladigan, sahnalashtiriladigan, hikoya qilib beriladigan, yod olinadigan asarlar nomini, syujetli-qoidali, ta’limiy, stol ustida o‘ynaladigan, rivojlantiruvchi o‘yinlar, tug‘ilgan kunlar, uchrashuvlar, qo‘g‘irchoq teatrlari, to‘garaklar va boshqa ta’limiy-tarbiyaviy faoliyatlar rejalashtiriladi.