Pedagog kadrlar malakasini oshirish. O‘quv-tarbiya jarayonini malakaviy talablarga muvofiq yuqori ilmiy-metodik darajada ta’minlash, ilg‘or pedagogik va axborot texnologiyalari, shuningdek, o‘qitishning interaktiv usullari bo‘yicha kasbiy va pedagogik mahoratni doimiy ravishda rivojlantirishga ko‘maklashish uchun zarur bo‘lgan kasbiy bilim va ko‘nikmalarni muntazam ravishda yangilab borish, o‘quv- tarbiya jarayonini tashkil etishning yangi tamoyillari va zamonaviy usullari, malaka talablari, normativ-huquqiy hujjatlar bilan tanishtirib borish — pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarining maqsadi hisoblanadi.
Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash mutaxassislarning kasb bilimlari va ko‘nikmalarini yangilash hamda chuqurlashtirishga qaratilgan. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash tartibi, davriyligi tegishli vazirlik idora tomonidan belgilanadi. Qonun hujjatlari bilan ayrim soha vakillarining malakasini oshirish va qayta tayyorlashga qo‘yilgan talablar belgilanib qo‘yilishi mumkin. Kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash ta’lim muassasalaridagi o‘qish natijalariga ko‘ra davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi guvohnoma yoki sertifikat topshiriladi.
Pedagog xodimlarning malakasini oshirishning quyidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri malaka oshirish shakllari qo‘llaniladi:
malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida o‘qitish; “ustoz-shogird” usuli bo‘yicha o‘qitish;
mustaqil o‘qib bilim orttirish; masofaviy ta’lim;
stajirovka shaklida tajriba orttirish.
Malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida o‘qitish — hududiy markazda yakka tartibdagi topshiriqlar yoki aniq yo‘naltirilgan dasturlar asosida, ta’limning tegishli turi o‘quv-tarbiya jarayonining monitoringi natijalarini va kadrlar tayyorlash sifatini hisobga olib, malaka talablariga, shuningdek, ta’limni boshqarish bo‘yicha vakolatli davlat organi talablariga muvofiq ishlab chiqilgan fanlar bo‘yicha maqsadli kasbiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish.
Malaka oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasida o‘qitish 2+2 yoki 3+1 sxemalari bo‘yicha (tegishli ravishda 50 yoki 75% — yashash joyi bo‘yicha mustaqil ravishda bilim orttirish, 50 yoki 25% — bevosita ta’lim muassasasida) masofadan malaka oshirish shaklida tashkil etilishi mumkin. O‘qitishning bunday shakllari axborot uzatishning zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalari va pedagog xodimlarning malakasini oshirish bo‘yicha maxsus virtual kurslar mavjud bo‘lgan taqdirda qo‘llaniladi.
“Ustoz-shogird” usuli bo‘yicha o‘qitish — tanlov asosida saralab olingan, mamlakatda (mintaqada), ilmiy va pedagogik jamoatchilik o‘rtasida o‘zining yuqori natijalari, kasbiy faoliyatining yuqori ko‘rsatkichlari, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha o‘z maktabi bilan mashhur bo‘lgan yuqori malakali pedagog-ustozlar
rahbarligida tegishli ta’lim muassasalarida fanlar bo‘yicha pedagog xodimlarning malakasini maqsadli oshirish.
Mustaqil o‘qib bilim orttirish — pedagog xodimlar tomonidan kasb mahoratini oshirishga, kasbiy layoqat va ilmiy dunyoqarashni kengaytirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularning o‘z lavozimi va mutaxassisligi bo‘yicha yangi bilim, ko‘nikma va malakalarni uzluksiz ravishda mustaqil o‘zlashtirishini nazarda tutadi.
Mustaqil ravishda bilim olish ta’lim muassasalari pedagog xodimlari uzluksiz ta’limining (malaka oshirishining) ajralmas tarkibiy qismidir, u axborot texnologiyalarining egallab olinishini rag‘batlantiradi. Mustaqil ta’lim, belgilangan tartibda, malaka oshirishning tegishli ta’lim dasturlari bo‘yicha amalga oshirilgan bo‘lsa, bilimlarning yakuniy nazorati natijalari asosida pedagog xodimga hududiy markaz tomonidan malaka oshirganlik haqida belgilangan namunadagi hujjat (sertifikat) beriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarining asosiy vazifalari:
pedagog xodimlarning kasbiy bilimi, ko‘nikmasi va mahoratini uzluksiz yangilab borish, zamonaviy talablarga muvofiq ta’lim sifatini ta’minlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarlikni oshirish;
mustaqil fikrlash ko‘nikmalarini singdirish, pedagogik nufuz va kompetentlikni rivojlantirish;
o‘z pedagogik faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish, pedagogning shaxsiy va kasbiy axborot maydonini yaratish ko‘nikmalarini shakllantirish;
ilmiy-pedagogik ijodkorlik metodologiyasi hamda pedagogika fani va sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha bilimlarni singdirish;
o‘quv-tarbiyaviy va ma’naviy-axloqiy ishlarni amalga oshirishda ilg‘or ta’lim-tarbiya texnologiyalari va jahon tajribasidan foydalanish ko‘nikmalarini mustahkamlash;
pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mazmunini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot hamda o‘quv- metodik ishlarni olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish;
pedagog xodimlar tomonidan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va xorijiy tillarni o‘zlashtirish uchun qo‘shimcha shart- sharoitlar yaratish;
oliy ta’lim muassasalari kafedralarining maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim muassasalari bilan o‘zaro integratsiyasini ta’minlash, pedagog xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini yanada rivojlantirish va modernizatsiya qilish.