Surunkali gastrit - keksalarda ko’p uchraydigan kasallik bo’lib, me'da shilliq pardasi
zararlanib, sekretor va motor funksiyalari izdan chiqadi. Ovqatlanish tartibining buzilishi,
ko’p ovqatlanish, spirtli ichimliklarni ko’p iste'mol qilish, chekish va neyrogumoral
regulyasiyaning izdan chiqishi surunkali gastrit kasalligini keltirib chiqaradi.
Keksalarda ko’proq (40-60%) axlorgidriya va axiliya bilan kechadigan trofik gastrit
uchraydi. Bemorlarni ko’ngil aynish, qayt qilish, havo bilan kekirish, epigastral sohaning
og’ir bo’lib turishi va og’riqlar bezovta qiladi.
Geriatrik bemorlarda surunkali gastritni miokard infarktining gastralgik shaklidan
farqlab olish kerak. Albatta EKG o’tkazish shart. Diagnostika uchun me'da shirasi olinib,
laboratoriyada tekshiriladi, undan tashqari rentgenologik, sitologik tekshiruv o’tkazish
kerak. Surunkali gastritni davolashda ovqatlanish tartibiga rioya qilish, chekish, alkogol
ichishga barham berish kerak.
Me'da kasalliklarini davolashda me'da shirasi, asidin - pepsin - giposekresiyada,
serukal gipersekresiyada, ovqat yaxshi hazm bo’lishi uchun pankreatin, festal, panzinorm,
me'da sohasida og’irlik va og’riq sezilganda noshpa tayinlanadi.
Surunkali gastrit bilan og’rigan bemorlar uchastka hamshirasi va vrachi kuzatuvi
ostida davolanishi va profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirib borishi kerak. Axillik
gastritning me'da rakiga o’tib ketishi ehtimoli bo’lgani uchun bemor komplekt tekshiruvdan
o’tib turishi lozim.
Me'da raki. Bu kasallik 50-70 yoshli bemorlarda ko’p uchrab, 70 yoshdan keyin
kamaya boradi. Me'da raki erkaklarda ayollarga nisbatan 2-3 barobar ko’p uchraydi.
Kasallarda me'da raki sekin-asta rivojlanib, metastaz holati kechroq kuzatiladi, bemor
ishtahaning pasayagani va yo’qligi, epigastral sohada og’irlik va noqulaylik paydo
bo’lganligi, ozib ketganliqdan shikoyat qiladi. Bemorning ozib ketishi, qonida gipoxrom
anemiya mavjudligi, rentgenelogik va sitologik tekshiruvlar natijasida me'da raki
aniqlanadi.
Keksalarda yurak va qon aylanishi doirasi kasalliklari ko’p uchragani sababli operativ
yo’l bilan davolashga sharoit bo’lavermaydi. Konservativ davoda og’riq qoldiruvchi,
tinchlantiruvchi, qon yoki eritrositar massa quyish buyuriladi. Ovqat oson singadigan, oqsil,
yog’lar va vitaminlarga boy bo’lishi kerak. Me'da rakining oldini olish uchun rakdan oldin
bo’ladigan kasalliklar, xronik gastritlar, me'da polipozini davolash kerak.