Nazorat ishlarini bajarish Talaba tomonidan nazorat ishining bajarilishi va uni o‘qituvchi tekshirishi ikkita maqsadni ko‘zda tutadi: birinchidan, talabaning o‘quv ishi institut tomonidan nazorat qilib boriladi; ikkinchidan, unga yomon o‘zlashtirilgan yoki tushunarsiz bo‘lgan savollarni o‘rganishda yordam berish. Talaba bir semestrda ikkita nazorat topshiriq ishini bajaradi. Har bir nazorat ishi o’nta masaladan iborat.
Sirtqi bo‘lim talabasi dasturning tegishli bo‘limiga oid materialni to‘liq o‘zlashtirishi, berilgan qo‘llanmada kursning har bir bo‘limiga oid keltirilgan misollarni diqqat bilan o‘rganib chiqqandan keyinginga nazorat ishini bajarishga kirishishi mumkin.
Sirtqi bo‘lim talabasi nazorat ishini bajarishda quyidagilarga amal qilishi kerak:
Nazorat ishlari boshidan to oxirigacha faqatgina mazkur qo‘llanmaning masalalari bo‘yicha bajariladi. Biror bir nazorat ishini shunga o‘xshash, biroq boshqa yilda nashr qilingan qo‘llanmadan olingan ish bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nazorat ishi odatdagi maktab daftariga bajariladi, uning titul varag‘i quyidagi namunaga asosan to‘ldiriladi:
TTYMI Elektromexanika fakulteti, TVVS - 1 guruh talabasi
Sharopova N. K.
Manzil: Sirdaryo viloyati, Guliston shahri, Istiqlol ko‘chasi 12-uy.
Telefon:
Fizikadan № nazorat ishi
Variant №
Nazorat ishi ruchkada yoziladi. O‘qituvchi belgi qo‘yishi uchun daftarning sahifalarida hoshiya qoldiriladi. Har bir masala yangi betdan boshlanishi kerak. Masala shartlari qisqartirilmasdan to‘liq ko‘chirib yozilishi shart.
Masalani yechishda foydalaniladigan formulalarning fizik mohiyatini ochib beruvchi, qisqa va aniq tushunchalar berilishi va masalalar yechish qoidalariga asosan bajarilishi kerak.
Talaba nazorat ishining oxirida fizika kursini o‘rganishda qaysi darslik yoki o‘quv qo‘llanmadan foydalanganligini ko‘rsatishi lozim (darslikning nomi, muallifi, nashr yili). Bu retsenzent zarur hollarda nazorat ishini yakunlash uchun talaba nimalarni o‘rganishi lozimligini ko‘rsatishi uchun beriladi.
Talaba institutdan tekshirilgan ishni olganidan so‘ng retsenzentning ko‘rsatmalarini bajarishga majbur.
Agar nazorat ishi tekshirilganda noto‘g‘ri deb topilgan bo‘lsa (ya’ni masala yechim topmagan), talaba noto‘g‘ri yechilgan masalalarni qaytadan yechib topshirishi shart. Takroriy nazorat ishi dastlabkisi bilan qo‘shib topshiriladi.
To‘g‘ri yechilgan nazorat ishlari imtihon oluvchi professor-o‘qituvchiga taqdim etiladi. Talaba imtihon topshirish vaqtida o‘z nazorat ishiga kirgan masalalarning yechilishini tushuntirib berishga tayyor bo‘lishi kerak.