O‘quv qo‘llanmalar bilan mustaqil ishlash O‘quv qo‘llanmalar bilan mustaqil ishlash sirtqi bo‘lim talabasining asosiy ishi hisoblanadi. Talabalarga quyidagilar tavsiya etiladi:
Fizika kursini butun o‘quv jarayoni davomida tizimli o‘rganib borish. Fizikani bevosita imtihondan oldin qisqa muddatda o‘rganish chuqur va mustahkam bilim egallash imkonini bermaydi.
Fizika kursining ma’lum bir bo‘limini o‘rganishda biror o‘quv qo‘llanmani asosiysi sifatida tanlagach, undan kursning butun qismini yoki hech bo‘lmaganda butun bobini o‘rganish uchun foydalanish kerak. O‘rganish jarayonida boshqa qo‘llanma bilan almashtirish alohida savollar orasida mantiqiy bog‘lanishning buzilishiga olib kelishi mumkin. Biroq, agar asosiy qo‘llanma dasturning ba’zi savollariga to‘liq yoki aniq javob bera olmasa, u holda boshqa o‘quv qo‘llanmalarga murojaat qilish zarur bo‘ladi.
Masalalarni yechishda asosan Xalqaro birliklar sistemasidan (XBS) foydalangan ma’qul.
Fizikani mustaqil o‘rganishda tizimli ravishda o‘z-o‘zini nazorat qilib borish zarur. Buning uchun fizika kursining navbatdagi bo‘limini o‘rganilgandan so‘ng qo‘yilgan savollarga batafsil javob berish kerak. Bunda fizika kursining ishchi dasturidan foydalanish lozim.
Sirtqi bo‘lim talabalari uchun tashkil qilingan ma’ruza kursini tinglash lozim. Bunda professor-o‘qituvchilarning kunduzgi maslahatlaridan hamda ular bilan xat orqali muloqot qilishdan foydalanish kerak.
Talaba fizika kursini o‘rganishda ko‘pgina o‘lchov birliklariga duch keladi. O‘lchov birliklarini va birliklar tizimini puxta bilmasdan, ulardan masalalar yechishda foydalanishni bilmasdan turib, fizika kursini o‘zlashtirish va undan amalda foydalanish mumkin emas.