51. Diniy va milliy qadriyatlarning tiklanishi to`g`risida nimalarni bilasiz?
Mustaqillik sharofati bilan diniy qadriyatlar, diniy e’tiqod qayta tiklandi. Ramozon hayiti, Qurbon hayiti, qadimiy xalq bayrami Navro‘z qayta tiklandi, bu kunlar Prezident Farmoni bilan bayram va dam olish kuni deb e’lon qilindi. Musulmonlar O‘zbekiston xalqi tarixida birinchi marta bevosita hukumat homiyligida har yili Haj va Umra amallarini ado etish imkoniyatlariga ega bo‘ldilar.
Respublikada 16 diniy konfessiya ro‘yxatga olingan va rasman faoliyat ko‘rstamoqda. 2200 dan ortiq diniy tashkilotlar ishlab turibdi va ularda O‘zbekistonda yashovchi 130 dan ortiq millat va elat vakillari o‘zlarining diniy ehtiyojlarini qondirmoqdalar. 2 mingdan ortiq masjidlar, xristian ibodatxonalari, sinagogalar va boshqa diniy markazlar ta’mirlandi va yangidan qurildi. 10 ta diniy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatmoqda. 1999-yilda Toshkent islom universiteti ochildi. 2018 yil 16 aprelda “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5416-sonli Farmoni bilan Toshkent islom unisersiteti negizida O‘zbekiston Xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi.
52. Ta’lim rivojining o‘ziga xos xususiyatlari to`g`risida ma`lumotlar bering.
Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi yutuqlarimiz ta’lim tizimidagi tub o‘zgarishlarda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Oliy ta’lim tizimidagi 16 universitetning 12 tasi mustaqillik yillarida tashkil etildi. Mustaqillik yillarida eng zarur zamonaviy mutaxassisliklar bo‘yicha o‘nlab yangi oliy o‘quv yurtlari-Mudofaa vazirligi qoshida Harbiy akademiya, Ichki ishlar vazirligi qoshida Ichki ishlar akademiyasi, Bankmoliya akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent aviatsiya instituti, Navoiy tog‘-konchilik instituti, Toshkent Moliya instituti va boshqalar tashkil etildi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan ta’limni tubdan isloh qilish yo‘llari ishlab chiqildi. 1997 yil 29 avgustda Oliy Majlisning IX sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida» Qonuni va «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» qabul qilindi. Milliy dasturning maqsadi ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni o‘tmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan to‘la xalos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak ma’naviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash milliy tizimini yaratishdan iboratdir.
Mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni izlab topish, ularga ko‘maklashish, qo‘llabquvvatlash bo‘yicha davlat siyosati sobit qadamlik bilan olib borilmoqda. Iste’dodli yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, chet elda o‘qishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Respublika bolalar fondi”, “Sog‘lom avlod uchun”, “Iste’dod” jamg‘armalari tashkil topdi. Ta’lim sohasida AKSELS, AYREKS, AQSH kollejlari konsortsiumi, SARE, Tinchlik korpusi (AQSH), Konrad Adenauer fondi, Britaniya kengashi, SAUD Al-Baptin fondi (Misr) kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
2003 yil 1 iyulda «Iste’dod» jamg‘armasi tashkil etildi. O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 27 iyuldagi farmoniga muvofiq jamg‘armaning nomi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta’lim olishini tashkil etish «Iste’dod» jamg‘armasi”ga o‘zgartirildi.
O‘zbekistonning har tomonlama va jadal rivojlanishi uchun zarur, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali mutaxassislarni etakchi xorijiy ta’lim muassasalarida hamda O‘zbekistonda tayyorlash va malakasini oshirish orqali kadrlar bilan ta’minlash maqsadida 2018 yil 25 sentyabrda “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «Elyurt umidi» jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi PF-5545-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni17 e’lon qilindi.
Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida"gi farmonida ijtimoiy soha, xususan, ta’lim va ilm-fan sohalarini takomillashtirish borasida qator vazifalar belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2017 yil 20 aprelda “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli Qarorni imzoladi.
2020 yil 23 sentyabrda yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Unga muvofiq, ta’lim turlari quyidagilardan iborat:
• maktabgacha ta’lim va tarbiya;
• umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim;
• professional ta’lim;
• oliy ta’lim;
• oliy ta’limdan keyingi ta’lim;
• kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
• maktabdan tashqari ta’lim.
Dostları ilə paylaş: |