Islom tarqalgan mamlakatlardagi iqtisodiy va siyosiy o‘zgarishlar natijasida turli davrlarda musulmonlarning har xil guruhlari, ayniqsa ko‘proq sektalar paydo bo‘la boshlagan. Bular sunniy va shia yo‘nalishlaridan ajralib chiqqan bo‘lib, musulmon sektalari deyiladi.
Bularning islomdagi hanafiy, hanbaliy, shofi’iy, molikiy kabi mazhablar bilan aralashtirmaslik
kerak.
Islom sektalari musulmonlarning diniy uyushmalari bo‘lib, ularning soni juda ko‘p, islom
mamlakatlarining deyarli hammasida mavjud. Chunonchi, ahmadiy, alaviy, ibodiy, idrisiy,
qodiriy, muridiy, rashidiy, tijoniy, hamoliy, shodiliy va boshqalar sunniylar yo‘nalishidan ajralib
chiqqan sektalardir. Xorijiy, ismoiliy, zaydiy, nizoriy, isna’ashariy, druz, bahoiy va boshqa
mazhablar esa shialar oqimidan ajralib chiqqan. Ularning ko‘plari tarqab ketgan. Islom
sektalaridan ba’zilariga qisqacha to‘xtalamiz.
Zaydiylar. Feodal nizolar zaminida VIII asr o‘rtalarida shia musulmonlari safidan yana
bir guruh ajralib chiqib, mustaqil zaydiylar sektasini tashkil etgan. Bu sekta – Alining evarasi,
Husaynning nabirasi 740 yili Kufada umaviylar sulolasidan bo‘lgan xalifa Xishomga qarshi xalq
qo‘zg‘aloniga boshchilik qilgan Zayd ibn Ali nomi bilan atalgan va shialarning uchinchi imomi
Zayd xalifa qo‘shinlari bilan bo‘lgan jangda o‘z tarafdorlari bilan birga halok bo‘lgan.
Zaydiylar 864 yili Eronning shimolida o‘z davlatlarini tuzishgan. 901 yili esa ular
Yamanda davlat hokimiyatini qo‘lga olishgan. Bu davlat 300 yilcha yashagan. Zaydiylar diniy
ta’limotning shakllanishiga ishonishni, Qur’on “azaldan” mavjudligini, iroda erkinligi
mavjudligini, diniy e’tiqodni amaliy harakat bilan mustahkamlash zarurligini tan olganlar. Ular
ko‘pgina shia marosimlariga amal qilishgan, biroq o‘z turmush tarziga ko‘ra sunniylarga ham
yaqin turgan.
Ismoiliylar. Bu mazhab tarafdorlari shialar orasida eng ko‘pchilikni tashkil etgan. Ismoiliy
mazhabi VIII asrning 2-yarmida Bog‘dod xalifaligida paydo bo‘lgan va imom Jafar Sodiqning
katta o‘g‘li Ismoil nomi bilan atalgan. Ismoiliylar diniy ta’limotida butun olamni yaratgan
«dunyoviy aql» va «dunyoviy ruh»ga e’tiqod etish asosiy o‘rinni egallagan. Ularning ta’limotida
neoplatonchilar falsafasi va Buddizmning katta ta’siri sezilardi. Ismoiliylar turli davrlarda
xalqlarga turli payg‘ambarlarning yuborilishi – «dunyoviy aql»ning yerda namoyon bo‘lishidir
deb hisoblashardi. Ular yettita payg‘ambarni – Odam Ato, Nux, Ibrohim, Ismoil, Muso, Iso va
Muhammad (s.a.v.)ni tan olishadi. Ularning fikricha, imomlar payg‘ambarlarning vorislari
hisoblanadi. XI asrdan boshlab ismoiliylar sinfiy ziddiyatlarning kuchayishi natijasida turli
qismlarga bo‘linib ketgan. Hozirgi paytda ismoiliylar O‘rta Sharq mamlakatlarida, Hindiston,
Uganda, Keniya, Tanzaniya, Tojikistonning Tog‘li Badaxshon viloyatida mavjud.