Rivojlanish oddiyda murakkabga, quyidan yuqoriga, eski sifatlardan
yangi holatlarga o„tish, yangilanish, yangining paydo bo„lishi, eskining yo„qolib
borishi, miqdor o„zgarishining sifat o„zgarishiga o„tishini ta‟minlovchi murakkab
harakat jarayoni sanaladi. Rivojlanishining manbai qarama-qarashliklarni
o„rtasidagi kurashdan iboratdir.
Bola shaxsining rivojlanishi inson ijtimoiy mavjudotdir, degan falsafiy
ta‟limotga asoslanadi. Ayni vaqtda inson tirik, biologik mavjudot hamdir. Demak,
uning rivojlanishida tabiat rivojlanishining qonuniyatlari ham muhim ahamiyatga
ega. Shuningdek, shaxs bir butun mavjudot sifatida baholanar ekan, uning
rivojlanishiga biologik va ijtimoiy qonuniyatlar birgalikda ta‟sir etadi, ularni bir-
biridan ajratib bo„lmaydi.
Chunki shaxsning faoliyati, hayot tarziga yoshi, bilimi, turmush tajribasi
bilan birga boshqa fojiali holatlar, kasalliklar ham ta‟sir etadi.
Inson butun umri davomida o„zgarib boradi. U ham ijtimoiy, ham psixik
jihatdan kamolga yetadi, bunda bolaga berilayotgan tarbiya maqsadga muvofiq
bo„lsa, u jamiyat a‟zosi sifatida kamol topib, murakkab ijtimoiy munosabatlar
tizimida o„ziga munosib o„rin egallaydi. Chunki rivojlanish tarbiya ta‟siri ostida
boradi.
Shaxsning fazilatlarini to„g„ri ko„rish va bexato baholash uchun uni turli
munosabatlar jarayonida kuzatish lozim.
Demak, shaxsni rivojlantirish vazifasini to„g„ri hal etish uchun uning
xulqiga ta‟sir etuvchi omillar hamda shaxs xususiyatlarini yaxshi bilish zarur.
Tarbiya bolaga samarali ta‟sir etishi uchun o„sish va rivojlanish
qonuniyatlarini bilish va hisobga olish maqsadga muvofiq. Shunday qilib,
rivojlanish va tarbiya o„rtasida ikki tomonlama aloqa mavjud.
Shaxs tarbiyasiga ta‟sir etuvchi omillar. Fanda odamning shaxs
sifatida rivojlanishiga biologik va ijtimoiy omillarning ta‟siri o„rtasidagi
munosabatni belgilashga oid munozara ko„pdan buyon davom etmoqda.
Insonning shaxs sifatida rivojlanishiga ijtimoiy voqealar, tabiiy omillar
yoki tarbiya ta‟sir etadimi? Bu uch omilning o„zaro munosabati qanday?
Fanda biologik yo„nalish deb nomlangan nuqtai nazar yetakchi
o„rinlardan birini egallab, uning vakillari Aristotel, Platonlar tabiiy-biologik
omillarni yuqori qo„yadi. Ular tug„ma imkoniyatlar, taqdir, tole har kimning
hayotdagi o„rnini belgilab bergan, deydilar.
XVI asr falsafasida vujudga kelgan preformizm oqimi namoyandalari esa
shaxs rivojlanishidagi naslning roliga katta baho berib, ijtimoiy muhit va
tarbiyaning rolini inkor etadi.
Xorij psixologiyasidagi yana bir ohim – bixeviorizm XX asr boshlarida
yuzaga kelgan bo„lib, uning namoyandalari, ong va aqliy qobiliyat nasldan-naslga
o„tib, insonga u tabiatan berilgan, deyiladi. Mazkur ta‟limot vakili amerikalik
olim E.Torndaykdir.
Progmatizm oqimi va uning vakillari D.Dyui, A.Kombe ham shaxs
rivojlanishini biologik nuqtai nazarda asoslaydilar. Ular rivojlanishni fahat
miqdoriy o„zgarishdan iborat, deb qaraydilar. Naslning rolini absolyutlashtirib,
uni inson taqdirida hal qiluvchi ahamiyatga ega deb biladilar.
Demak, bir guruh xorijiy olimlar rivojlanishni biologik (nasliy) omilga
bog„laydilar.
Biologik oqimga qarshi falsafiy oqim vakillari rivojlanishi ijtimoiy omil
omil bilan belgilaydilar. Bu oqim vakillari bola shaxsining jismoniy, psixik
rivojlanishi u yashaydigan muhitga bog„liq deb ko„rsatadilar.
Muhit deganda odam yashaydigan sharoitdagi barcha tashqi ta‟sir
tushuniladi. Shu nuqtai nazardan tarbiya tufayli bolani o„zi yashaydigan ijtimoiy
sharoitga moslashtirish mumkin, degan xulosa kelib chiqadi.
Ular ijtiomiy muhitning rolini hal qiluvchi omil deb hisoblaydilar. Demak,
odam bolasining shaxs sifatida rivojlanib, taraqqiy etib borishi, uning shaxs bo„lib
kamolga yetishida nasl (biologik omil), ijtimoiy muhit (bola yashaydigan sharoit),
shuningdek, maqsadga muvofiq amalga oshadigan tarbiya ham birdek ahamiyatga
ega. Bu omillarning ta‟sirini aniqlashda ilg„or pedagogik olimlar, psixolog va
faylasuflar ta‟limotiga suyaniladi.
Falsafada shaxsni jamiyat bilan bog„liq bo„lgan ijtimoiy hayotdagi
murakkab voqelik deb qaraladi. Ular individning ma‟naviy boyligi uning
munosabatlariga bog„liq, deb hisoblaydilar.
Haqiqatdan ham, shaxs mehnat faoliyati zaminida rivojlanadi, kamolga
yetadi. Inson sharoitni, sharoit esa odamni yaratadi. Bu esa o„z navbatida inson
faolligini namoyon etadi. Zero, shaxs ma‟lum ijtimoiy tuzum mahsulidir. Jamiyat
shaxs kamolotining muayyan imkoniyatlarini ro„yobga chiqarishi yoki yo„q
qilishi mumkin.
Faylasuflar shaxsni tabiatning bir bo„lagi deb baholaydilar. Bu insondagi
layoqat kurtaklari bo„lib, uning rivojlanishi uchun tarbiya kerak, degan g„oyani
ifodalaydi.
Jamiyat taraqqiyoti shaxs rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Demak, shaxs bilan jamiyat o„rtasida ham uzviy aloqa mavjud.
Shunday qilib, odam shaxsining jamiyatdagi rivojlanishi tabiat, muhit,
inson o„rtasidagi murakkab aloqa ta‟siri ostida ro„y beradi, inson ularga faol ta‟sir
etadi va shu yo„l bilan hayoti va o„z tabiatini o„zgartiradi.
Shaxsga ijtimoiy muhitning ta‟siri ham muhim. Bu tarbiya tizimi orqali
amalga oshiriladi.
Birinchidan, tarbiya ta‟sirida muhit bera olmagan bilim, ma‟lumot
egallanadi, mehnat va texnik faoliyat bilan bog„liq ko„nikma va malakalar hosil
bo„ladi.
Ikkinchidan, tarbiya tufayli tug„ma kamchiliklar ham o„zgartirilib, shaxs
kamolga yetadi.
Uchinchidan, tarbiya yordamida muhitning salbiy ta‟sirini ham yo„qotish
mumkin.
To„rtinchidan, tarbiya kelajakka qaratilgan maqsadni belgilaydi.
Demak, tarbiya bilan rivojlanish bir-biriga ta‟sir etadi, bu tarbiya doimiy
va uzluksizdir.
Shunday qilib, bola shaxsining rivojlanishida tarbiya ham yetakchi o„ringa
ega bo„lib, tarbiya tufayli nasl-nasabi, oila muhiti, ijtimoiy muhit ta‟sirida har
tomonlama rivojlanishga qodir, degan xulosani chiqarish mumkin.
Dostları ilə paylaş: |