Jahon tsivilizatsiyasi deganda Sharq va G’arb tsivilizatsiyalari, mintaqaviy va hududiy tsivilizatsiyalarning yaxlit,
bir butun ijtimoiy tizimi bo’lgan umuminsoniyat, sayyoramizdagi jamiyat tushuniladi. Bu tushuncha, umumiy ma’noda,
zaminimizda yashagan barcha odamlarning umumiy makoni bo’lgan Er yuzidagi hayot, tarixning hamma davrlarida
mavjud bo’lgan davlat, jamiyat, xalq va millatlarning umrguzaronlik qilishi bilan bog’liq jarayonlar majmuasini o’zida
aks ettiradi.
Bugungi tahlikali dunyoda insoniyatning eson-omon yashab qolishi va kelajakda baxtiyor bo’lishi jahon
tsivilizatsiyasining asosiy maqsadi va yo’nalishiga aylanib qoldi. Respublikamizda bu sohada amalga oshirilayotgan
ishlar butun dunyo hamjamiyati faoliyati bilan hamohang kechmoqda. Zero, jahon tsivilizatsiyasi xalqlar va millatlar,
davlatlar va turli hududiy tsivilizatsiyalarning umumiy tizimidir.
Ayrimlik, o’ziga xoslik va umumiylik o’rtasidagi munosabatni teran anglash hozirgi zamon jahon
tsivilizatsiyasining shakllanish va rivojlanish xususiyatlarini falsafiy idrok etishga imkon beradi.
Er yuzidagi har bir mamlakat jahon tsivilizatsiyasi deb ataladigan yaxlit tizimning turli tarkiblari bo’lib, ularning
o’zaro ta’siri, hamkorligi bu tsivilizatsiyaning takomillashuvi, barqaror yashashiga imkon beradi.
To’g’ri, bu tizim tarkibida Amerika, Rossiya, Xitoy, Yaponiya kabi salmoqli tarkiblar ham bor. Ular ko’p jihatdan
jahon tizimi taraqqiyotiga ta’sir ko’rsatadi, muayyan jarayonlarning yo’nalishlarini belgilaydi. Ammo bu tizimda har bir
davlatning, kichkina Vatikan yoki Lixtenshteyndan tortib Germaniyagacha, Andorra yoki Monakodan toki
Frantsiyagacha o’z o’rni, o’ziga xos ta’sir kuchi va doirasi bor. Shu ma’noda, ularning har biri, hududining katta-
kichikligi, aholisining soni qanchaligidan qat’i nazar, Birlashgan Millatlar Tashkilotida teng ovozga ega. Demak,
tarkiblar tizimda muayyan tarzda amal qilgani singari har bir mamlakat jahon tsivilizatsiyasiga teng huquqli a’zo va
muhim element sifatida kirib boradi.
Jahon hamjamiyati o’zida umumiylikni, har bir mustaqil mamlakat esa ayrimlik va o’ziga xoslikni ifodalaydi. Bu
holda Osiyo yoki Markaziy Osiyo mamlakatlari xususiylikni aks ettirsa, O’zbekiston alohidalikni ifodalaydi.
O’zbekiston mustaqillikka erishganiga ko’p bo’lmaganiga qaramay, jahon hamjamiyatida o’z o’rniga ega. Uning
Markaziy Osiyodagi mavqei esa bu mintaqaning asosiy taraqqiyot yo’nalishlarini ko’p jihatdan belgilaydi.
Har bir xalq, millat o’zining betakror, noyob xususiyatlarini saqlagan holda mustaqil rivojlanadi va jahon
hamjamiyatiga qo’shilib boradi. Bunday qo’shilish ko’pqirrali, rang-barang bo’lib, u ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy,
ma’naviy, huquqiy, davlatlararo munosabatlarni qamrab oladi.
Jahon hamjamiyatiga qo’shilish tabiiy-qonuniyatli jarayon bo’lib, har bir mamlakatning har tomonlama taraqqiy
etishi, er yuzida umumiy xavfsizlik, tinchlik va farovonlikni ta’minlashga, tabiiy resurslar, ilm-fan va texnika
yutuqlaridan keng foydalanishga, ekologik muvozanatni ta’minlashga imkon beradi. Mustaqil taraqqiyot yo’liga o’tgan
xalqlarning jahon hamjamiyatiga qo’shilishi, umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligini e’tirof etish, xalqaro huquq
me’yorlariga amal qilish, inson huquqlarini himoya etish, demokratiya tamoyillariga amal qilishda yaqqol namoyon
bo’ladi.
Jahon tsivilizatsiyasiga qo’shilish natajasida nafaqat iqtisodiy sohada, balki xalqlar ma’naviyati, siyosati va dunyoqarashida
ham muhim ijobiy o’zgarishlar ro’y beradi. Bunday jarayonga tushgan xalqlar o’rtasida bir-biriga ishonch, o’zaro hurmat,
hamkorlik hamda sodir bo’ladigan ziddiyat va ixtiloflarni o’zaro kelishuv, konsensus asosida hal qilishga intilish vujudga keladi.
Bir-birining madaniy yutuqlari, qadriyatlaridan, tajribalaridan bahramand bo’lish xohish-istagi shakllanadi. Xalqlarning bir-biri
bilan jipslashish tendentsiyasi yaxlit, bir butun tsivilizatsiyani, insoniyatni e’zozlash kabi sayyoraviy ongni shakllantiradi. Ya’ni
milliylik va umuminsoniylikning uyg’unligi jahon tsivilizatsiyasida yaqqol namoyon bo’ladi va dunyo hamjamiyatining harakat
dasturiga aylanadi.