Sog‘liq va kasallik haqida tushuncha. Nafas olish a‘zolari kasalliklari. Reja: Sog‘liq va kasallik haqida tushuncha. Kasallik belgilari. Kasallik asoratlari.
Tayanch iboralar: Rinit – (tumovlash) burun bo‘shlig‘i shilliq pardasining yallig‘lanishi.
Faringit – tomoq (halqum) shilliq pardasining yallig‘lanishi.
Laringit– hiqildoq shilliq pardasining yallig‘lanishi. Traxeit – kekirdak shilliq pardasining yallig‘lanishi. Bronxit – bronxlar shilliq pardasining yallig‘lanishi.
Pnevmoniya (zotiljam) – o‘pka to‘qimasining yallig‘lanishi.
Plevrit – o‘pkalar ustini qoplab turuvchi plevra pardasining yallig‘lanishi.
O’pka shishi – qon tomirlari devori orqali qonning suyuq qismi sizib o‘tishi tufayli o`pka shishadi.
O’pkadan qon ketishi– ko‘krak qafasi devori va o‘pka to‘qimasining jarohatlanishi, o‘pka silining kaverna (yemirilish) hosil qilgan turi, o‘pka raki, o‘pka abssessi va gangrenasi, bronxoektaziya kabi o‘pkaning og`ir kasalliklarining asorati tufayli yuzaga keladigan o`ta og‘ir holat.
Bronxial astma – infeksion-allergik kasallik bo‘lib, vaqt-vaqti bilan avj olib (qo`zg`alib), yillar davomida surunkali kechadi.
1.Sog‘liq va kasallik haqida tushuncha. Kasallik belgilari. Kasallik asoratlari. Sog‘liq odam organizmining biologik, jismoniy, ruhiy holatlari va mehnat faoliyatining muvozanatlashgan birligidir.
Kasallik odam organizmining biologik, jismoniy, ruhiy holatlari va mehnat faoliyati muvozanati birligining buzilishidir.
Kasallikni yuzaga keltiruvchi sabablar. 1.Odam organizmiga mikroblar, viruslar, zamburug`lar, gijjalar va boshqa mikroorganizmlarning yuqishi.
2.Zaharlanishlar.
3.Mexanik va fizik ta‘sirotlar: shikastlanish, jarohatlanish, issiq urishi, oftob urishi, kuyish, nurlanish, sovuq urishi.
4.Ruhiy ta‘sirotlar.
5.Moddalar almashinuvining buzilishi: kamqonlik, qandli diabet, raxit, spazmofiliya va boshqalar.
6.Tug‘ma kasalliklar: tug‘ma yurak poroklari, teshik tanglay, tirtiq lab, yassi tovonlik, mikrosefaliya, gidrosefaliya, gipotireoz va boshqalar;
7.Irsiy kasalliklar: albinizm, gemofiliya, fenilketonuriya, galaktozemiya, Daun kasalligi.
Kasallik belgilari. Har bir kasallikning o‘ziga xos belgilari bo‘lib, ular kasallikka tashxis qo‘yishda muhim ahamiyatga ega. Masalan:
- nafas olish a‘zolari kasalliklari: nafas olishning tezlashuvi va qiyinlashuvi, yo‘talish, nafas qisish, xirillash, ko‘krak qafasida og‘riq kabi belgilar bilan xarakterlanadi;
- yurak-tomir kasalliklarida yurak va tomir urishining tezlashuvi yoki sekinlashuvi, yurak sohasida og‘riq, bemor rangining oqarishi, lablarining ko‘karishi, oyoqlarda shish, nafas qisishi kabi belgilar kuzatiladi.
- buyrak va siydik ayirish a‘zolari kasalliklarida: bel va qovuq sohalarida og‘riq, siydik ayirishning tezlashuvi, siydikning loyqalanishi yoki qizarishi, pastki qovoqlarda shish paydo bo‘lishi, siydikda eritrotsit, leykotsit, oqsil kabilarning paydo bo‘lishi;
- jigar va o‘t yo‘li kasalliklarida: o‘ng qovurg‘a yoyi ostida og‘riq, ko‘z oq pardasining sarg‘ayishi, ko‘ngil aynishi, ishtahaning pasayishi, qonda bilirubin moddasi miqdorining ko‘payishi kabilar.
Kasallik asoratlari. Kasallikka o‘z vaqtida to‘g‘ri tashxis qo‘yib davolash tadbirlarini talab darajasida olib borilmasa, kasallikning kechishi qiyinlashadi, murakkablashadi, uning asosiy belgilaridan tashqari yuzaga kelgan asoratning belgilari ham namoyon bo‘ladi. Masalan, gripp kasalligini ayrim odamlar nazar-pisand qilmay, 4-5 kun yotib davolanmasdan oyoqda yurib o‘tkazmoqchi bo‘ladilar. Buning natijasida gripp virusi va uning toksinlari o‘pka to‘qimasini yallig‘lantirib pnevmoniya, yurak muskulini zararlab miokardit, miya pardasini zararlab meningit, miya to‘qimasini zararlab ensefalit, buyrakni zararlab nefrit kabi og‘ir kasalliklarning vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, arterial gipertoniya kasalligini o‘z vaqtida aniqlab, muntazam ravishda davolash tadbirlarini o‘tkazmaslik, sog‘lom turmush tarziga rioya qilmaslik (spirtli ichimliklar iste’mol qilish, chekish, jismoniy va ruhiy zo‘riqish kabilar), ushbu kasallikning asorati sifatida gipertonik kriz, miya insulti, miokard infarkti kabi og‘ir holatlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.