5-bob. Qimmatli qog‘ozlarni davlat ro‘yxatiga olish va muomalaga chiqarish
Tijorat banklarining o‘z aksiyalarini chiqarish va ularni ochiq bozorda joylashtirishdan manfaatdorligi bir qancha shart-sharoitlar bilan izohlanadi. Eng avvalo bu – bank passivlarini shakllantirish zaruriyatidir. O‘z kapitallarini doimiy ravishda qadrsizlantirib turadigan inflatsiya, banklarning uzoq muddatli depozitlarni jalb etish imkoniyatidan mahrum qiladi. Shu sababli nisbatan uzoq muddatli qo‘yilmalarni amalga oshirish uchun banklar o‘sib borayotgan miqdorlarda o‘z kapitalidan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. Yana shuni qayd etish kerakki, tijorat banklari tomonidan ustav sarmoyasini ko‘paytirish va qo‘shimcha aksiyalarni chiqarish, qayta tuzilmaviy o‘zgarishlar qilish – aksiyadorlarning ulushini o‘zgartirish uchun foydalaniladi. Nihoyat, ilgari qayd etilganidek, tijorat banki ustav sarmoyasining eng kichik miqdoriga qo‘yiladigan talablar, shuningdek, tegishli tartibga solib turuvchi tashkilotlar (Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank) tomonidan banklar uchun belgilangan iqtisodiy me’yorlar mavjud bo‘lib, ularga rioya etish shartdir.
MDH davlatlarida tijorat banklari tomonidan qimmatli qog‘ozlarni chiqarish tartibi, odatda, quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
Emitent–bank tomonidan qimmatli qog‘ozlar chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish. Qimmatli qog‘ozlar chiqarish to‘g‘risidagi qaror tegishli vakolatga ega bo‘lgan bank boshqaruv organi tomonidan qabul qilinadi. Odatda, bu aksiyadorlarning umumiy majlisidir. Bunda bank o‘zining so‘nggi uch moliya yili davomida zarar ko‘rmay ishlagan bo‘lishi, oxirgi uch yil mobaynida amaldagi qonunchilikni buzganlik uchun davlat organlari tomonidan jazo olmagan bo‘lishi, kreditorlarga muddatidan o‘tgan qarzlari va budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzi bo‘lmasligi kerak. Bankning ushbu talablarga javob berishini tasdiqlaydigan ma’lumotlar qimmatli qog‘ozlar emissiyasi risolasida ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.