Test topshiriqlarini tuzish metodikasi 1. Yopiq test savollari O‘quvchi javob berishi kerak bo‘lgan savol yoziladi, keyin to‘g‘ri javobni aniq va lo‘nda qilib yoziladi, keyin javobdan kalit so‘z yoki formula, belgi, simvol, harflarni o‘zgartirib, tushirib qoldirib noto‘g‘ri javob variantlari tuziladi. Topshiriq shartidan keyin to‘g‘ri javob va 1-3ta to‘g‘riga o‘xshagan, lekin to‘g‘ri bo‘lmagan javob variantlari keltiriladi.
2. Ochiq test savollari O‘quvchi javob berishi kerak bo‘lgan savol yoziladi, bunda o‘quvchining vazifasi yetishmayotgan kalit so‘z yoki ma’lumotni yozish. Savolni shunday tuzish lozimki, topilishi kerak bo‘lgan kalit so‘z gapning oxirida bo‘lsin, aks holda savolning mazmunini anglash qiyinlashadi. Topshiriq tinglovchi uchun topshiriqni bajarishga ko‘rsatma bilan boshlanadi, masalan, “tushirib qoldirilgan so‘zni toping”, kabi.
3. Moslikni topish test savollari O‘quv materialiga asoslangan holda, bir xil xususiyatlarga ega bo‘lgan ma’lumotlardan ikkita ustun tuziladi. O‘ng tarafdagi ustunda so‘zlar chap tarafdagi ustundan bir nechta ortiq bo‘lishi ham mumkin. Javoblarni tekshirish qulay bo‘lishi uchun chap tarafdagi ustunni raqamlar bilan, o‘ng tarafdagi ustunni harflar bilan belgilang. O‘quvchi o‘ng tarafdagi ustunda berilgan ma’lumotlarga chap ustundagi qaysi ma’lumotlar mos kelishini topishi kerak.
4. To‘g‘ri ketma-ketlikni topish test savollari O‘quvchiga ko‘rsatma beriladi: “To‘g‘ri ketma-ketlikni toping”. O‘quvchi berilgan javob variantlarini to‘g‘ri ketma-ketlikda qo‘yib chiqishi kerak, bu ketma-ketlik xronologik yoki boshqa mantiqiy tartib bo‘lishi mumkin. Bunda o‘quvchiga berilgan ko‘rsatma aniq bo‘lishi kerak, agar berilgan ro‘yxatda mantiqiy ketma-ketlikka kirmaydigan (ortiqcha) elementlar bo‘lsa, bu ham ko‘rsatmada aytib o‘tilishi kerak. Topshiriqqa kiritilgan elementlar soni 5 tadan 12 tagacha bo‘lishi mumkin.
7.5. Yetuklik attestati olish imtihoni. Yetuklik attestati olish imtihonidan ko‘zlanadigan maqsad - o‘quvchilar bilimining qancha puxta ekanligini, o‘quvchining saviyasini, mustaqil fikr yurita olish-olmasligini, bilimlarni hayot bilan, nazariyani amaliyot bilan bog‘lay bilishini tekshirib ko‘rishdan iborat. O‘quvchi nimani bilishi kerak:
a) moddalar va ularning o‘zgarishi to‘g‘risida aniq tasavvurga ega bo‘lishi
b) kimyoning asosiy tushunchalari va qonunlarini bilishi va ularni aniq materialda izohlab berishi.
v) eng muhim kashfiyot va ixtirolar tarixi bilan, kimyogarlarning hayoti va ilmiy faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni bilishi.
g) kimyoviy tildan foydalana olishi.
d) oddiy eksperimental ishni qila olishi, miqdoriy masalalarning yechishi.