Gospital xirurgiyasi 133 Sahifa
o’smalaridan va bo’yin chandiqlaridan bosilishi kamdan-kam sabab
bo’ladi.
Qorin stvoli anatomik joylashuviga ko’ra diafragma medial
oyoqchasining fibroz boylami, quyosh chigalining gangliyalari va nerv
tolalaridan bosilishi mumkin. Uning me’da osti bezi o’smasi, periarterial
fibrozdan kompressiyaga uchrash hollari tasvirlangan. Tomir kasalliklarini
aniqlash qiyinligiga qaramay, ularning ko’pchiligini bemorni odatdagi
klinik tekshirishda bilib olsa bo’ladi.
Tekshirish usullari. Tomirlar patologiyasi bor bemorlarni tekshirish
metodlarini 4 bosqichga bo’lish mumkin:
I. Ambulatoriyada tekshirish bosqichi.
1. Kasallik shikoyatlari, anamnezini, kechish xarakterini batafsil
yig’ish va taxlil qilish. Odatda birinchi navbatda biror organda qon
aylanishi etishmovchiligi bilan bog’lik simptomlar aniqlanadi. Ularning
zararlangan organ funktsional aktivligi paytida paydo bo’lishi yoki
kuchayishi o’ziga xosdir. Oyoqlarda yurganda og’rik paydo bo’lishi va
tinch turganda yo’qolishi oyoq arteriyalari stenozi va okklyuziyasi
simptomi yoki aorta bifurkatsiyasi simptomi hisoblanadi va «o’zgarib
turadigan oqsoqlik» deyiladi. Qo’ldagi shunday og’riqlar qo’l
arteriyalarining zararlanganidan dalolat beradi. Hazm cho’qqisida
qorindagi og’riq vistseral qon aylanishi surunkali buzilganligini ko’rsatadi.
Og’riqning xarakteri, kuchi, joylashuviga ko’ra muayyan tomir
xavzasidagi qon aylanishi buzilishi, ishemiya darajasi va uning rivojlanish
sur’atlari to’g’risida xulosa chiqarish mumkin. Parasteziyalar (uvishib
qolish, igna sanchilganday, chumoli o’rmalaganday sezgi bo’lishi) ham
qon aylanishi etishmovchiligi belgilaridir. Funktsional faollik paytida ular
kuchayadi. Bosh aylanishi, sinkopal holatlar, vaqti-vaqtida ko’z ko’rmay
qolishi braxiotsefal tomirlar yoki umurtqa arteriyasining stenozga uchrash
oqibati hisoblanib, bosh miyada qon ta’minoti etarli emasligidan dalolat
beradi. Ayrim hollarda bu simptomlar muayyan xarakatlar vaqtida paydo
bo’ladi, bu holda tomirlar bosilishi va miya ishemiyasiga shubxa qilinishi
mumkin. Ichning buzilib, gox, ketib, gox, qotib turishi vistseral qon
aylanishi buzilishi simptomi bo’lishi mumkin, unga to’g’ri baho berish
uchun ularning faoliyati, rivojlanish dinamikasi, ishlatilgan vositalarning
ta’sirchanligi to’g’risidagi ma’lumotlar zarur.