Kattalardan bolalarga tomon ko’prik Ota-onalar har doim shoshib yurishadi. Ayniqsa, jadallashgan axborot davrida ularni o’zlashtirish o’ta tezkor bo’lishni talab etadi. Kattalar tez o’ylaydilar, tez gapiradilar, tez bajaradilar. Bola esa nisbatan sekinroq sur’atda harakat qiladi. Keksalar ham shoshilmasdan yashashadi, shuning uchun ham ular bola uchun ota-onasiga nisbatan tushunarliroq bo’lishadi. Buvi nevarasining Masha va Ayiq haqidagi hikoyasini besh martadan ko’proq ham eshita oladi va nevarasi bilan birgalikda “Masha va Ayiq” multfilmini bir necha bor toqat bilan ko’ra oladi. Nevarasi bilan Masha nima qilganini, Ayiq unga qanday javob berganini soatlab muhokama qilish mumkin. Shu tariqa bobo va buvi bola uchun kattalar va bolalar dunyosini tutashtiradigan ko’prik bo’lib xizmat qiladi. Keksalar nevarasini maqtab yuborishdan qo’rqmaydilar, qiyin holatlarda ularga hamdard bo’lib qo’llab-quvvatlaydilar. Binobarin, psixologlar bolaning ilk yosh davrida turli yangicha rivojlantiruvchi metodikalardan ko’ra ularga xavfsizlik va qulaylikni his qilish muhimroq ekanligini isbotlaganlar.
Medalning teskari tomoni Ammo buvi bilan buvining farqi bor. Birinchidan, hozirgi zamonda nafaqa yoshidagi yoki nafaqa yoshiga yaqin bo’lgan hamma ayollar ham o’zlarini buvi deb hisoblamaydilar. Ko’plari muvaffaqiyat bilan faoliyat ko’rsatib turgan bo’ladilar. Ehtimol haqiqiy buvi bo’lish – bu alohida unvon. Agar shunday bo’lmasa-chi? Agar bu unvonga to’la ega bo’lishga sharoit yo’l bermasa-chi? Yoki nevaralar bilan shug’ullanish istagi boru, lekin bu tinib-tinchimas bolajonlarning ketidan yugurib yurishga mador bo’lmasa-chi? Afsuski, bunday hollarda nevara bilan buvi o’rtasida asosiy narsa – hissiy aloqa bo’lmaydi. Bunday munosabat bola uchun foydadan ko’ra ko’proq zarar keltiradi.
Buvilar bilan bog’liq boshqa bir muammo uning yoshiga bog’liq bo’ladi. Qariganda ba’zi bir tuyg’ular o’tkirlashadi va ehtiyotkorlik – xavotirga, asrash – qitmirlikka, kamgaplik – odamovilikka aylanadi. Qariyalar orasida ko’p tarqalgan tarbiya uslublaridan biri bu giperhimoya uslubidir. “Yugurma, terlaysan, keyin shamollab qolasan! Sakrama, yiqilib tushasan! Yuqoriga chiqma, tushib ketsang, oyoq-qo’ling sinib qoladi!” va h.k.zo. Bunday yondashuv bolada xavotirlik, hatto ba’zan ishonchsizlik kabi xususiyatlarni paydo qiladi. Bola xuddi buvisi kabi hamma yangi narsadan qo’rqadi, kasal bo’lib qolishdan xavotirlanadi, bolalarning chiy-chuvi va to’polonlaridan uzoqroq yuradi va kattalarning oldida bo’lishga intiladi. Xo’sh, biz shuni istagan edikmi?
Uchinchi muammo – uy bekasi bo’lgan buvining yumushlari nihoyatda ko’pligi. Ba’zida bunday buvilar butun oila uchun xizmat qilishigan to’g’ri keladi. Shuning uchun ham buvining o’zi hamma ishni bajarishga – tezgina salat tayyorlash, nevarasining paypog’i yoki ishtonini tezgina yuvib tashlash, gullarga o’zi suv quyish, idish-tovoqlarni yuvishga harakat qiladi va bolaga hech qanday ish qoldirmaydi. Bunday buvi qaramog’ida bo’lgan bola o’z-o’ziga xizmat qilishni istamaydi.