11-amaliy mashg‘ulot Mavzu:Dorzoventral va izolaterial tipdagi barg. Bir pallali o‘simliklar bargi. Mashg‘ulot 1. G‘o‘za bargining anatomik tuzilishini o‘rganish.
Kerakli materiallar: yangi yoki fiksirlangan g‘o‘za bargi, flyuroglyusin va NS1, qo‘shimcha ish qurollari.
Ishni bajarish tartibi. G‘o‘za barg plastinkasidan yupqa ko‘ndalang kesik tayyorlab, unga flyuroglyusin va NS1 ta’sir ettiriladi va preparat tayyorlanadi. So‘ngra mikroskopda ko‘ringan ob’ektdagi epiderma, mezofill va o‘tkazuvchi to‘qimalar aniqlab olinadi.
Epiderma bir qavat hujayralardan tuzilgan bo‘lib, uning ustki qismi kutikula bilan qoplangan. Epiderma hujayralaridan ba’zilarining shakli o‘zgarib (metamorfozlashib), tukchalarga aylanadi. Bu tukchalar oddiy va bezli bo‘ladi. Epidermaning ayrim hujayralari oralig‘ida ustsalar joylashgan.
Mezofil bargning yumshoq qismi hisoblanadi, u ustunsimon va g‘ovak tuzilgan hujayralardan tarkib topgan. Anatomik tuzilishiga ko‘ra, bargning mezofili doroventral bo‘ladi. Mezofill hujayralari xlorofill donachalarnga boy bo‘ladi.
Qollateral (yopiq tipdagi) o‘tkazuvchi to‘qimalar barg mezofilining markaziy qismida joylashgan. U ksilema va floemadan tashkil topgan, bular orasida prokambiy meristemasi joylashgan. Bundan tashqari yana mustahkamlik va elastiklik xossasiga ega.
Topshiriq. Ob’ektivni kuzatish jarayonida bargning dorzoventral tipda ekanligi va izolateral bargdan farqini aniqlang. Shuningdek, bargning epidermasi tukchalari va o‘tkazuvchi to‘qimalariga ham e’tibor bering. Ularning rasmini chizib oling va qismlarini nomlang.
Mashg‘ulot 2. Makkajo‘xori bargining anatomik tuzilishini o‘rganish Kerakli materiallar: flyuroglyusin, NSl, kaliy yodid va qo‘shimcha qurollar.
Ishni bajarish tartibi. Bargning anatomik tuzilishini o‘rganish uchun barg plastinkasidan kesik tayyorlab, unga flyuroglyusin va NSl kislota yoki kaliy yodid ta’sir ettiriladi. Mikroskopda preparatni kuzatsak, epiderma bilan qoplanganini ko‘ramiz. Epidermaning ustki qavati qalin kutikula moddasi bilan o‘ralganligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ba’zi hujayralarning shakli o‘zgarib bigizsimon tukchalarga aylangan. Epiderma ikki xil hujayradan tuzilgan bo‘ladi. Birinchi xili uzunchoq va notekis po‘stli bo‘lib, ular butun barg sathi bo‘ylab joylashgan. Ikkinchisi qisqa, to‘g‘ri burchakli hujayralar bo‘lib, tomirlar atrofida joylashgan. Ustitsani o‘rab turgan qamrovchi hujayralar uzun, uchki qismi yumaloqlashgan bo‘lib, suvga to‘yingan vaqtda hajmi kattalashadi. Shu sababli ustitsalar asta-sekin ochiladi. Suv etarli bo‘lmaganda ustitsalar qayta yopiladi. Har bir qamrovchi hujayrani yon tomondan uchburchak shakldagi ustitsa oldi hujayralar o‘rab turadi.
Mezofill qismining tarkibi asosan bir xil parenxima hujayralardan tashkil topgan. Bargning quyoshga qaragan ustki tomonida parenxima hujayralar juda zich bo‘lib, o‘tkazuvchi to‘qimalar atrofiga borib etgan bo‘ladi. Bargning yirik markaziy tomirlari o‘tib yo‘g‘onlashgan qismida mezofill hujayralar bo‘lmasdan, ularning o‘rnida rangsiz, oziq moddalar kam bo‘lgan yirik parenxima hujayralar uchraydi. Bargning orqa tomonidagi o‘tkazuvchi to‘qimalar esa mezofill hujayralar bilan o‘ralgan. Mexanik to‘qimadan kollenxima epiderma tagida joylashgan holda o‘tkazuvchi to‘qima tomirlarini o‘rab turadi. Kollenxima ko‘p hollarda tirik parenxima hujayralardan tashkil topgan bo‘lib, barglarning elastiklik xossasini yaxshilaydi. Barglarda sklerenxima to‘qimasi ham yaxshi rivojlangan. Bu to‘qima o‘lik prozenxima hujayralardan iborat bo‘lib, bargning rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi.
Topshiriq. Mashg‘ulotni bajarishda asosan yangi va fiksirlangan materiallardan foydalanib, bargning anatomik tuzilishini o‘rganing, mikroskopda ko‘ringan tuzilishining rasmini chizib oling.