So‘ruvchi to‘qimalar. O‘simlikning hayotida muhim ahamiyatga ega. Bular orqali suv va suvda erigan mineral moddalar shimilib organizmga o‘tadi. Tuzilishi va shakli jihatidan so‘ruvchi to‘qimalar har xil (rizoderma, velamen, gilropot) bo‘ladi. Bularning eng muhimi rizoderma (yunon. “rizo”-ildiz, “derma”-po‘st)dir.
Rizoderma yoki so‘ruvchi to‘qimalarning tashqi qavatini ildiz tukchalari tashkil etadi. Ular tuproq zarralari orasiga joylashgan tuksimon shaklga ega yupqa devorli o‘simtalardan iborat.
Ba’zi o‘simliklarning havoiy ildizlari ustida o‘ziga xos tuzilishga ega velamen (lot. “velamen”-qobiq) deb ataladigan to‘qimalari bo‘ladi. Velamen to‘qimalar orxideyadoshlar oilasiga mansub o‘simliklarning havoiy ildizlarida uchraydi.
Evolyusiya jarayonida ayrim o‘simliklar (zarpechak, shumg‘iya va boshqalar) avtotrof oziqlanish xususiyatini yo‘qotib, boshqa o‘simliklarning tanasiga gaustoriya - so‘rg‘ichlari yordamida o‘rnashib, tayyor organik moddalar hisobidan oziqlanadi. Shu sababdan ham, bunday tekinxo‘r o‘simliklarning ildiz va hujayralarida xlorofill bo‘lmaydi.
Sekret ajratuvchi to‘qimalar.Sekret chiqaruvchi yoki ajratuvchi to‘qimalarga tuzilishi har xil bo‘lgan, ixtisoslashgan hujayralar kiradi. Ajratuvchi to‘qima hujayralari shakl jihatdan parenxima hujayralaridan tashkil topgan. Ularning devori yupqa, uzoq vaqtgacha tiriklik xususiyatini saqlab qoladi va o‘zidan sekret chiqaradi.
Eng muhim sekretlar- terpinlardir. Ular efir moylari, kauchuk, balzam, smolalardan iborat. Terpinlar va oqsillar hujayraning endoplazmatik retikulumida, shilimshiq shiralar esa Goldji apparatida sintez qilinadi.
Sekret to‘qimalar, o‘zidan ajratadigan moddalarning tashqariga chiqarilish yoki ichkarida saqlanib qolishiga asoslanib, ikki guruhga: tashqariga chiqaruvchi va sekretlarni to‘plovchi to‘qimalarga bo‘linadi. Tashqariga sekret chiqaruvchi to‘qimalar bezsimon to‘qimalar, nektar, gidatodlar shaklida bo‘ladi. Bezsimon tuklar yoki trixomalar epidermadan paydo bo‘ladi. Bu bezlar bir hujayrali yoki ko‘p hujayrali boshchadan iborat. Bu xildagi bezsimon tuklar labguldoshlar, murakkabguldoshlar va oilalar vakillarining barg va novdalarida joylashgan.
Ba’zan tashqariga sekret chiqaruvchi to‘qimalar dag‘al bezlar shaklida bo‘ladi, ular emergenslar deyiladi. Ularning hosil bo‘lishida epidermadan tashqari ichki to‘qimalar ham qatnashadi.
Tashqi bezsimon emergenslarga qichitqi tikanning achituvchi tuklari misol bo‘la oladi. Tuk odam yoki hayvonga sinib, o‘tkir uchi teriga sanchiladi va hujayra shirasi terini achitadi.