Xamsachilik tarixidan. Hazrati Navoiyning epik asarlari deyilganda, ko’z oldimizga birinchi navbatda ,,Xamsa” keladi. ,,Xamsa”— beshlik degani. Binobarin, u besh mustaqil dostondan iborat va har bir doston masnaviy yo’li bilan ma’lum bir mavzu va voqealar tizimini keng va atroflicha yoritib beradi.
Sharq adabiyotida birinchi bo’lib ,,Xamsa” yozgan kishi buyuk ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviydir.U 1173—1179- yillarda Arzinjon hokimi Faxriddin Bahromshohga bag’ishlab ,,Maxzan ul-asror” (,,Sirlar xazinasi”) nomli nasihatnoma asar yozadi. 1180—1181- yillarda Iroq hukmdori To’g’rul II (ikkinchi)ning iltimosiga ko’ra muhabbat va qahramonlikni ifodalovchi ,,Xusrav va Shirin”dostonini yaratadi. 1188- yilda Shirvonshohlardan Axsatan I Nizomiyga Layli va Majnun haqida doston yozishni buyuradi. 1196- yilda yana bir hukmdor—Aloviddin Ko’rpa Arslonning topshirig’i bilan Bahrom haqidagi ,,Haft paykar” (,,Yetti go’zal”) dostoni maydonga keladi. 1196—1201- yillarda so’nggi doston — ,,Iskandarnoma” yaratiladi. Shu tariqa, 1173—1201- yillar oralig’idagi 28 yil davomida besh doston dunyo yuzini koradi va ular ,,Panj ganj” (,,Besh xazina”) nomi bilan shuhrat topadi.
Nizomiy ,,Xamsa”si shoirlar uchun o’rnak va timsol bo’lib qoldi. Qanchadan qancha ijodkorlar unga ergashib alohida dostonlar va hatto ,,Xamsa” yozdilar. Lekin tarix ularning ko’pchiligini unutdi. Birinchi ,,Xamsa”ga har jihatdan munosib javob yuz yildan so’nggina maydonga keldi. Uning muallifi ota-bobolari asli shahrisabzlik bo’lib, mo’g’ul bosqini davrida Hindistonga borib qolgan Xusrav Dehlaviy (1253—1325) edi. U 1299—1301- yillarda ,,Matla’ ul-anvor” (,,Nurlarning boshlanmasi”), ,,Shirin va Xusrav”, ,,Majnun va Layli”, ,,Hasht behisht” (,,Sakkiz jannat”), ,,Oyinayi Iskandariy” (,,Iskandar oynasi”) dostonlarini yaratib, Nizomiy ishini davom ettirdi va natijada, adabiyotda xamsachilik an’anasi paydo bo’ldi. Shunga ko’ra har bir asar ,,Xamsa” deb atalmog’i uchun:
a) besh dostondan tashkil topmog’i;
b) birinchi doston, albatta, pand-nasihat ruhidagi ta’limiy-axloqiy, falsafiy bo’1mogi;
d) ikkinchi doston Xusrav va Shirin mojarolariga bag’ishlanmog’i;
e) uchinchi doston Layli va Majnun muhabbatini mavzu qilib olmog’i;
f) to’rtinchi doston shoh Bahrom va beshinchi doston Iskandar haqida yozilmog’i shart edi. Qariyb ikki yuz yildan keyin birdaniga ikki buyuk xamsanavis maydonga chiqdi. Bular Navoiy va Jomlyedilar. Alisher Navoiyning ,,Xamsa”si boshqalardan farqli ravishda turkiy tilda yozildi va umumjahon adabiyotining yuksak cho’qqisi bo’lib qoldi. Navoiy ,,Xamsa”si XV asrda yashagan ajdodlarimiz ma’naviy holatining ko’zgusi bolib, unda o’sha davr ijtimoiy turmushi, xalq hayoti, urf-odatlari, din-diyonat, axloq-odob haqidagi qarashlar o’z aksini topgan. Navoiy ,,Xamsa”si yaxlit asardir. Buyuk shoir unda zamonasining barcha dolzarb masalalarini qalamga oladi. Har besh doston bir-biri bilan ich-ichidan mustahkam bog’langandir. Masalan, ,,Hayrat ul-abror”da shoir umr, uning mazmuni,tabiat, jamiyat va inson munosabatlariga doir savollarni qo’yadi, keyingi dostonlarda muayyan taqdirlar, voqealar misolida ularga javob berishga harakat qiladi.
Hazrati Navoiy 1485- yilda ,,Xamsa”ni tugallab, Husayn Boyqaroga taqdim etganida. asarning ahamiyatini tushungan hukmdor g’oyat qattiq hayajonga tushadi. Sulton o’zining oq otini keltirishlarini buyuradi. Otni keltirishgach, Navoiyni unga mindiradi. Shoir egarga o’tirishi bilan Sulton Husayn otning jilovidan ushlab, yetaklay boshlaydi.
Alisher Navoiy hushidan ketadi. Uni egardan ko’tarib oladilar. Tarixda bunday hol ko’rilmagan, hech bir zamonda shoh shoirga jilovdorlik ilmagandi.