2.2. Tuproqning bioqatlamdagi asosiy vazifalari Tuproq yer sharining barcha qobiqlari hayotida katta rol o‘ynaydi va qator vazifalarni bajaradi. Ayniqsa tuproq qoplamining qatlamning ajralmas qismi sifatidagi xilma-xil ko‘plab vazifalari alohida ahamiyatga ega.
Tuproq qoplamining bioqatlamdagi asosiy (boshqalar bilan almashtirib bo‘lmaydigan) vazifalari quyidagilardir:
1). Tuproqning bioekologik vazifasi - tuproq ekologiya manbai va muhit bo‘lib, unda ko‘plab organik moddalar to‘planadi. Akademik V.A.Kovdaning hisobicha yer yuzasida (asosan o‘rmonlarda) to‘planadigan biologik qism miqdori qariyb n·1013 tonnani tashkil etadi. Yer osti ildiz qismi hamda hayvonot va mikroorrganizmlar faoliyati bilan bog‘liq organik moddalar miqdori bundan kam emas.
2). Tuproq qatlamining bioenergetik vazifasi. Tuproq qoplamini o‘z ichiga oluvchi ekologik sistemada o‘simliklar har yili yerda taxminan n·1017 kkal miqdordagi kimyoviy aktiv energiya to‘playdi. Tuproqning o‘zida organik moddalar (detrit, gumus-chirindi) da n·1018 kkal miqdorida energiya to‘planadi. Har bir tonna gumus 5·106 kkal potensial energiyaga ega. 1 g gumus 4,5-5 kkal kimyoviy energiya saqlaydi.
3) Tuproq qoplamining azot oqsil to’plash vazifasi. Tuproq - o‘simlik tarzidagi ekologik sistema, atmosferadagi molekulyar N ni to‘plab, ularni aminokislotlar va oqsillarga aylantirish xususiyatiga ega. Yer yuzasi quruqlik qismi tuproqlaridagi azotning biologik fiksasiyalanishi har yili 140 mln.t.ni tashkil etadi.
4) Tuproq qoplamining biokimyoviy vazifasi - tuproqda to‘planadigan bioyig‘ilma turli kimyoviy elementlar va ular birikmalarining manbai ham hisoblanadi. O‘simliklarning ildiz sistemasi tuproqning pastki qismlaridan ko‘plab kimyoviy elementlar (S, N, H, O, P, Ca, K, Mg, Al singari) ni so‘rib oladi va tuproq qatlamlarida to‘plash imkoniyatini beradi.
5) Tuproq qatlamining gidrologik vazifasi - tuproq qoplamining yer gidrologik siklidagi va gidrosferadagi roli ham nihoyatda katta. Tuproq qoplamida atmosfera yog‘inlari to‘planadi, bug‘simon suvlar kondensasiyalanib erkin suvga aylanadi.
6) Tuproq qoplamining atmosfera gaz tarkibiga ta’siri vazifasi - tuproq qoplamining yer sharining gaz rejimi va atmosfera tarkibining shakllanishida, fotosintezda, karbonat angidridining birikishi, azot to‘plashi, kislorod va vodorodning to‘planishida, denitrifikasiya, desulfofikasiyada, oksidlanish va nafas olishida, karbonat angidridning atmosferaga qaytishi va aylanishi kabi jarayonlarida ham katta rol o‘ynaydi.
Tuproq o‘zining kelib chiqish mohiyati bilan tabiatdagi murakkab biokos (organik va anorganik moddalardan iborat) jismdir. Shuning uchun ham tuproqshunoslik biologiya va geologiya fanlari orasidagi kompleks sintetik fan bo‘lib, ko‘plab yangi tabiiy fanlar (biogeokimyo, biogeosenologiya, geobotanika, umumiy landshaftshunoslik va landshaftlar geokimyosi, tuproq mikrobiologiyasi va tuproq zoologiyasi, gruntshunoslik, ekologiya va biosfera haqidagi ta‘limot) ning shakllanishi va rivojlanishi tuproqshunoslik bilan bevosita bog‘liq. Tuproqshunoslik qishloq xo‘jaligi, jumladan dehqonchilik va meliorasiya uchun benihoya katta ahamiyatga ega.
Ammo qishloq xo‘jaligi birinchi g‘alda tuproqdan bevosita foydalanishga va uning unumdorligini takror ishlab chikarishga qaratilgan zonal agronomiyaga hamda tuproqlar geografiyasiga asoslangan. Insoniyat uchun zarur mahsulotlarning qariiyb hammasini bevosita qishloq xo‘jaligida tuproqdan foydalanish natijasida olinadi. Lekin yer fondining faqat 10 – 11 foizigina dehqonchilikda foydalanilishini e‘tiborga olsak, tuproqshunoslik nafaqat qishloq xo‘jaligi uchun balki boshqa sohalarga ham zarurligi namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham umumiy tuproqshunoslik fundamental tabiiy-tarixiy fan jumlasiga kiradi. Har qanday tabiiy fundamental fanning tarmoq tadbiqiy fanlardan farqi uning insonlar ishlab chiqarish faoliyati, jumladan, xalq xo‘jaligining ko‘plab sohalarida qo‘llanilishidir. Tadbiqiy, tarmoq fanlar odatda xo‘jalik faoliyatining muayyan bir sohasi uchun xizmat qiladi.