Annotation.
The article talks about the tradition of muvashshah and the
literary discussions associated with it. Some scholars have tried to shed light on
the one-sided biased attitudes towards the creations of the great poets and their
justifiable responses to this.
Keywords:
muvashshah, gazal, muhammas, verse, hadiths, discussion, skill.
Ma’lumki, o‘zbek mumtoz she’riyati xilma - xil lirik janrlarga boy. Bu
janrlar shakl va mazmundagi o‘ziga xosligi, tabiati va boshqa ko‘pgina qirralari
bilan o‘zaro farqlanadi. Shuningdek, har biri mazmun-mohiyati bilan alohida
san’at, badiiyat hodisasi hisoblanadi. Shu jumladan muvashshah ham xuddi
shunday lirik janrlardan biridir.
Muvashshah arabcha “vashshah” so‘zidan olingan bo‘lib, ma’nosi “bo‘yni
bog‘langan” demakdir, adabiy istiloh sifatida “bezamoq”,“ziynatlamoq”
ma’nolarini ifodalaydi. Muvashshahning har bir misra, bayt yoxud bandining
boshlanish harflaridan (ba’zan esa taqte’lar chegarasidagi) biror narsa yoki
620
kishining nomi kelib chiqadi. Muvashshahlar mumtoz she’riyatda g‘azal,
muxammas, murabba’, ruboiy, qit’a kabi turli janrlarda yaratilgan.
XIX asrning ikkinchi yarmi – XX asr boshlari o‘zbek adabiyotida Furqat,
Haziniy, Muqimiy, Muhyi, Zavqiy, Feruz, Kamiy, Miskin, Zoriy, Qoriy, Rojiy
kabi ulug‘ shoirlar muvashshahchilikda shuhrat qozonishgan.
O‘zbek milliy uyg‘onish adabiyoti vakillari yaratgan muvashshahlar
adabiyotshunoslikda deyarli tadqiq etilgan emas. Shu bois ularni tadqiq etish
shoirlar adabiy-estetik olamini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Zero, bu davr
ijodidagi muvashshahlarni ilmiy asosda o‘rganish adabiyot tarixining qorong‘i
jihatlarini yoritishda muayyan darajada xizmat qiladi. Maqsud Shayxzoda, Aziz
Qayumov, Sharif Yusupov, Qo‘ldosh Pardaev singari olimlarning bu mavzuga oid
tadqiqotlari muvashshahning o‘ziga xos xususiyatlarini yoritgani, unga doir
munozaralarga oydinlik kiritgani jihatidan ahamiyatlidir.
Bu davrda muvashshahchilik an’anasi shu darajada ommalashganki, hatto,
shoirlik va nazmchilik hunari muvashshahchilikdagi mahorat bilan o‘lchangani
manbalarda ta’kidlanadi [4,91-92]. Bu holning 1910-yillarda dastlab “Al- Isloh”
jurnalida, keyin esa boshqa vaqtli nashrlarda ko‘pgina munozaralarga sabab
bo‘lganligi adabiyotshunoslar tomonidan atroflicha o‘rganilib, tahlil qilingan.
Munozara “Al-Isloh” jurnalining 1916-yilgi 11-sonida “O‘ratepali Mulla Bahriddin
tarafindin savollar” tashlanishi bilan boshlanadi[3,43]. Unda jamiyatda ro‘y
berayotgan katta ijtimoiy hodisalar zamon shoirlarining ishqiy va hajviy she’rlariga
bog‘liq talqin etiladi. Muallif matbuot nashrlarida chop etilayotgan an’anaviy
adabiyotga xos oshiqona she’rlarni tanqid qiladi. Mulla Bahriddin ushbu masalani
butun Turkiston ulamolari e’tiboriga havola qiladi: “Ushbu zamonamizda buyuk-
buyuk shoirlarimiz o‘rtalarina kamoli tafakkur va mulohaza ilan ranjlar tortib bir
kimsani ma’sum go‘zal o‘g‘li ismina “muvashshah” ismli she’r yozibdur...
shoirlarimizi ushbu ishlari shariati izomi nabaviy va mazhabi muhazzibi bayzoyi
hanafiyg‘a nechukdur (joizmu yo joiz emasmu?). Joiz o‘lgan taqdirda mazkur
ma’sum bola ushbu alfozlarni eshitib ... axloqi buzilib, ba’zi noshoista ishlarga
mayl etishi shoyon emasmu?( Al-Isloh, 1916, 11-son.) [3,43] Shundan keyin bu
masala millat ziyolilari, ulamolar o‘rtasida keng muhokama qilina boshlaydi.
Toshkentlik Maqsudxo‘ja mufti mazkur masala yuzasidan qizg‘in bahsga kirishib,
“Al-Isloh”ning bir necha sonlarida maqolalar chop ettirib, ... zamon shoirlarining
ishqiy mavzudagi muvashshahlarini nazarda tutib, bu kabi she’rlarni axloqsizlik
va tubanlik manbai sifatida talqin etadi... Maqsudxo‘ja mufti butun xalqqa ishqiy
va hajviy she’rlar yozish ham, unday she’rlarni o‘qish ham gunoh degan fatvo
beradi. Ana shunday davom etgan qizg‘in bahsga shoir Zavqiy ham qo‘shiladi. U
Maqsudxo‘ja muftiga javoban keskin fikr bildirib, “Ishtiboh” nomli maqolasi bilan
chiqadi. Zavqiy Maqsudxo‘ja mufti va Mulla Bahriddinning ishqiy she’rlar
621
haqidagi mulohaza-muhokamalarining noto‘g‘ri, fatvosining asossiz ekanligini
aytib, munozaraga kirishadi. U muftiga oyat va hadislar asosida javob beradi.
Ishqiy she’rlar bilan axloqsizlik o‘rtasida farq borligini tushuntirmoqchi bo‘ladi. U
“musulmon kishining qilmishini tekshirmasdan turib, gunohkorlikda ayblash joiz
emasdur” mazmunidagi hadisi sharifni keltirib, muftining fatvosini inkor etadi...
Zavqiyning bu maqolasi ulamolarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ladi[3,44]. O‘z
chiqishlarida zamon shoirlari ijodini himoya qilgan Zavqiyga matbuot
sahifalaridan joy bermay qo‘yganlaridan so‘ng esa bevosita xalq ommasiga,
adabiyotning haqiqiy muxlisi ekanligini ko‘rsatishga kirishadi. “Afandilar” she’ri
ana shunday voqelik hosilasidir. SHe’rda munozaralarga shunday munosabat
bildirilgan:
Farq aylamay yaxshi – yomon,
Kim arpa – bug‘doy, kim – somon,
Tuhmat, haqoratlar hamon,
Ne muddao, siz afandilar.
Doim Muqimiy, Furqatiy,
Yodimda mehru shafqati,
“Isloh”da boshlab tuhmati,
Ko‘p norasosiz, afandilar...[2,43].
Munozara va bahslar “Al-Isloh” jurnalining bir necha sonlarida, shuningdek,
“Oyna”, “Sadoi Farg‘ona”, “Sadoi Turkiston” kabi nashrlarda ham davom etadi.
Jumladan, Mirmuhsin Shermuhamedovning “Turkiston viloyatining gazeti”da
chop etilgan “Shoir janoblariga iltimos” nomli maqolasida qayd etilishicha, ishqiy
mavzudagi muvashshahlar jamiyatga hech qanday foyda keltirmaydi, aksincha,
zarari bor[1,45]. Shoir yoshlarning odob-axloqqa oid kitoblar o‘rniga axloqni
buzg‘uvchi oshiqona muvashshahlarni o‘qiyotganidan iztirobga tushadi. Hoji Muin
ham avvalroq “Oyna”dagi “Javonbozlik sabablari” maqolasida o‘z davri adabiy
jarayoni to‘g‘risida fikr yuritib, adabiyot noto‘g‘ri yo‘ldan borib, xalqqa kutilgan
ta’sirni emas, aks ta’sir ko‘rsatayotganidan shikoyat qilgan edi: “Shoirlarning eng
yaxshi g‘azallari besoqol javonlarni maqtab, ismlarini muvashshah, ya’ni misra va
bayt boshiga solgani va shunday g‘azallarni ba’zi javonlarga pulga sotgani to‘g‘ri
emas” [3,52]. Uningcha ham Turkistondagi ziddiyatlar, ma’naviy tanazzul
ma’rifatsizlik, ya’ni axloq buzuvchi she’rlar ta’sirida yuzaga kelayotir.
Ulug‘ shoirlar ijodiga nisbatan bunday asossiz ayblovlarning qo‘yilishi, ularni
qattiq iztirobga solgani, tabiiy. Adabiyotshunos olim A.Qayumov Furqat lirikasi
tadqiqiga bag‘ishlangan “She’riyat jilolari” qo‘llanmasida kuyunchaklik bilan:
“Agar ba’zi muvashshah yozgan nazmbozlar bu she’riy shakldan g‘ayri adabiy,
g‘ayri axloqiy maqsadlarda istifoda etgan bo‘lsalar, unday she’rlar adabiyot va ilm
doirasidan tashqaridadirlar. Bunday hollarning Furqatdek ulug‘ mutafakkir shoirga
622
hech qanday aloqasi yo‘q! Zotan, Furqatning ibratomuz misralarini hamisha
xotirda saqlamoq darkor:
Ta’na aylar bilmayin bir necha bad andeshalar,
Ishq yo‘lida, bihamdullohki, Furqat pokmen” [5,43].
Furqat ijodi misolida aytilgan bu fikrlarni Muqimiy, Muhyi, Haziniy, Zavqiy
kabi barcha ulug‘ shoirlar ijodiga nisbatan ham aytish mumkin.
“Al-Isloh” jurnalidan boshlangan mazkur bahslar bejizga katta munozaraga
aylanmagan edi. 1914 yilning 20 mayida “Sadoi Turkiston” gazetasida
Avloniyning “Gapurmanglar” she’ri chop etilgan. Muallif fikricha, millat
tanazzuldan iztirob chekayotgan, mustamlaka girdobida qolib, erku ozodlikdan
mahrum bo‘lgan bir zamonda ishqiy mavzularda she’r yozish munosib emas edi.
Sizga arzim budur, ey shoiron, ishqiya nazm etmang,
Qalam qosh, zulfi sunbul, sarvi qomatdan gapurmanglar.
Keling, emdi yozaylik, so‘zlashaylik kamchiliklardan.
Bu kabi she’larga yaqin-yaqingacha sho‘ro mafkurasi tazyiqi bilan bir
tomonlama baho berib kelindi. Ulardan sinfiy kurash alomatlari izlandi. SHu
ma’noda, adabiyotshunos olimlarning “Abdulla Avloniy “Qalamqosh zulfi sunbul,
sarvi qomatdan gapurmanglar”, - deb o‘shqirishiga qaramay zamon shuarosining
lirik kahramoni jononaga dil beradi, uning husni, axloqini maqtaydi”, singari
qarashlarini o‘sha davr taqozosi o‘laroq yozilgan, deb hisoblash mumkin. Avloniy
nima uchun “Ishqiya nazm etmang”, ya’ni ishqiy she’rlar yozmang demoqda? Bu
bilan u dunyoviy muhabbatga qarshi chiqmoqdami? Tabiiyki, bunday emas. U
Turkiston shoirlarini hadeb ishqiy she’rlar yozavermasdan o‘lkada hal qilinishi
lozim bo‘lgan kamchiliklar, muammolar haqida yozishga da’vat etadi.
Ma’rifatparvar shoirning “Yozaylik, so‘zlashaylik kamchiliklardan”, deya
ta’kidlashi sababi shunda[3,50-51].
Shunday qilib, XX asr boshlari o‘zbek adabiyotida muvashshahchilikning
pasayishini ma’rifatparvarlik adabiyotining maydonga chiqishi bilan bog‘lash
mumkin. YUqorida ta’kidlanganidek, bu davrda she’riyat, umuman, adabiyot o‘z
nomi bilan millatni uyg‘otishga qaratilgan edi. SHu bois millat fidoyilari ijodi,
asosan, milliy uyg‘onish ruhi bilan sug‘orilgan edi.
Dostları ilə paylaş: |