(I—S)+Xn=0 Mazkur ifoda, milliy hisobchilik tizimida kapitalni jamg’arish (I—S) uchun xalqaro mablag’lar oqimi va xalqaro tovar hamda xizmatlar oqimi (Xn) o’rtasidagi aloqadorlikni ko’rsatib beradi. Tenglikning har bir bo’lagi to’lov balansi bilan bog’liq o’z nomiga ega, ya’ni:
(I—S) — to’lov balansida kapital va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar hisobi qoldigini ko’rsatadi.
Xn — to’lov balansidagi joriy operatsiyalar hisobi qoldigini ko’rsatadi.
Kapital va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar hisobi qoldigi (I—S) mamlakat ichidagi jamg’armadan investitsiyalarning ortiq qismini ko’rsatadi. Mamlakat ichidagi investitsiyalar jamg’armadan ochiq iqtisodiyot sharoitida ortiq bo’lishi mumkin. Chunki investorlar o’z loyihalarini moliyalashtirish uchun mamlakat ichidagi jamg’armadan ortiqcha mablag’ni faqat jahon moliya bozoridan jalb etadi (oladi). Joriy operatsiyalar hisobi qoldigi (Xn) mamlakatning sof eksporti evaziga xorijdan olingan mablag’larni anglatadi.
Milliy hisobchilik tizimining asosiy ayniyatlari to’lov balansining kapital va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar hisobi va joriy operatsiyalar hisobi o’zaro muvozanatlashgan, ya’ni tenglashgan bo’lishi lozim. Bu esa, to’lov balansida kapital va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar hisobi qoldigi bilan joriy operatsiyalar hisobi qoldigi yigindisi nolga teng bo’lishini anglatadi va quyidagi ayniyat to’lov balansi uchun milliy hisobchilik tizimidagi asosiy tenglama ekanligini ko’rsatadi.
(I - S)+Xn=0 = BP (Balance of Payments)
Agar, (I—S) qiymat ijobiy bo’lsa va (Xn) manfiy bo’lsa, kapital va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar hisobi qoldigi ijobiy va joriy operatsiyalar hisobi qoldigi salbiy (defitsit) bo’lganligini anglatadi. Bu esa, biz jahon moliya bozoridan qarz olgan holda, o’zimizning eksportimizdan ko’p import qilganligimizni bildiradi.
Agar, (I—S) qiymat manfiy (taqchillik) bo’lsa va (Xn) ijobiy bo’lsa, kapital va moliyaviy vositalar bilan operatsiyalar hisobi qoldigi salbiy (defitsit) va joriy operatsiyalar hisobi qoldigi esa profitsit bo’lganligini anglatadi. Bu esa, biz jahon moliya bozoriga kreditor sifatida chiqayotganligimizni va o’zimizning importimizdan ko’p eksport qilayotganligimizni bildiradi.
Bir tomondan, bir mamlakat jamg’armasi undagi investitsiyalar miqdoridan ortib ketadigan bo’lsa, ortiqcha qism xorijga kredit sifatida beriladi. Boshqa mamlakatga ega o’sha mamlakat tovarlari va xizmatlarini sotib olishi (import) uchun ortiqcha moliyaviy mablag’ kerak bo’ladi va Xn ijobiy qoldiqqa ega bo’ladi.
Boshqa tomondan esa, agar bizning investitsiyamiz o’z jamg’armalarimizdan ortib ketsa, ortiqcha investitsiyalar xorijiy mamlakatlardan moliyalashtirilganligini anglatadi. Jalb etilgan ushbu qarz mablag'lari hisobiga o’z eksportimizdan ko’ra ko’proq mahsulotni import qilish imkonini beradi va Xn salbiy qoldiqqa ega bo'ladi.
Xalqaro kapital oqimi bir qator shakllarda bo’lishi mumkin. Kapital harakatidagi ijobiy qoldiq yuzaga kelsa, odatda mamlakat chet eldan qarz olgan hisoblanadi. Xuddi shunday, kapitalning xalqaro joylashuvi chet elliklar tomonidan o’sha mamlakat aktivlariga ega bo’lish shaklida ham bo’lishi mumkin. Masalan, yaponiyalik investorlar amerikadagi Rokfellerlar markazini egallaganda, ushbu bitim natijasida AQSH to’lov balansining kapital harakati hisobi ijobiy qoldiqqa ega bo’lgan, lekin Yaponiyadan qarz olmagan. Xorijliklar tomonidan mamlakatning ichki qarz majburiyatlari (davlat obligatsiyalari va h.k.) olinganda, ya'ni mamlakat chetdan qarz olganda ham, mamlakat ichidagi aktivlarga ega bo’lganda ham, ularning ushbu mamlakat kapitalidan kelajakda olinadigan daromadga ega bo'lish huquqi mavjud. Boshqacha aytganda, har ikki holatda ham, chet elliklar ushbu mamlakat kapital zaxirasining ma’lum bir qismiga (ulushiga) ega bo’lishadi. Tashqi iqtisodiy faoliyat natijasidan olingan ijobiy qoldiqlar, «foyda», mamlakatning xalqaro kapital zaxirasi sifatida rasmiy oltin-valuta zaxirasiga jamlanadi. Shuning uchun ham, yuqorida keltirilgan to’lov balansining makroiqtisodiy formulasi qisqacha (sodda) ko’rinish bo’lib, unga mamlakatning oltin valuta zaxiralari harakati (OR — official reserves) ning hisobi qo’shilmagan. OR ning o’zgarishi davlatning oltin valuta jamg’armasining kamayishi yoki ko’payishini o’zida ifodalaydi. Bunda kapital harakati hisobi bilan bog’liq bo'lgan operatsiyalar kirmaydi. To'lov balansining yakuniy makroiqtisodiy modeli quyidagi ko'rinishga ega:
(I - S) +Xn + OR =0
Shunday qilib, joriy operatsiyalar hisobi qoldig’i, nafaqat xalqaro kapital harakati hisobi qoldig’i bilan, balki ((I — S)+ OR) summa bilan tenglashtiriladi.