1.2. To’lov balansi saldosi va uni o’lchash uslublari To’lov balansi tuzishning muhim masalalaridan biri - bu, uning saldosini o’lchashdir. Ushbu masala keng ko’lamdagi, ya'ni alohida xalqaro bitimlar to’g’risidagi ma'lumotlarning aniqligidan tortib jadval tuzishning tarkibiy tuzilishigacha bo’lgan savollarni qamrab oladi hamda to’lov balansi nazariyasi va amaliyotining eng muhim tarkibiy qismlaridan biri bo’lib hisoblanadi. To’lov balansining kamomadi yoki aktiv saldosining qabul qilingan aniqlash uslubi - bu, to’lov balansini asosiy va balanslovchi moddalarga bo’lishdir. Asosiy moddalarning saldosini "to’lov balansining saldosi" deb atashadi. Ushbu miqdorning ijobiy yoki salbiy bo’lishiga qarab esa uni to’lov balansining aktivi yoki kamomadi deb atashadi.
To’lov balansining saldosi muhim ko’rsatkichlardan hisoblanadi. Uning miqdori yalpi ichki mahsulot va milliy daromad hisob-kitobiga kiritiladi, valyutaning holatiga, ichki hamda tashqi siyosatni olib borish vositalarining tanloviga ta'sir etadi. Bundan to’lov balansi saldosini o’lchash paytidagi eng muhim muammo sifatida moddalarni asosiy yoki balanslovchi moddalarga tasniflash muammosi maydonga chiqadi.
To’lov balansi saldosi tushunchasi operatsiyalar ma'lum bir to’plamining balans yakuniga aloqadordir. Ushbu tushuncha prinsipial xarakterga egadir. To’lov balansining aktivligi yoki passivligi ko’rsatkichi doim muvozanatda bo’lgan yalpi to’lov balansining xarakteristikasi sifatida qabul qilinishi kerak emas. To’lov balansi saldosining ko’rsatkichi tuzilmaviy bo’lib hisoblanadi. Uning katta-kichikligi birinchi navbatda ushbu moddalar yakunini ifodalovchi moddalar tanloviga bog’liq. Bunday tanlov o’z holicha bo’lishi kerak emas. U ma'lum bir maqsadga bo’ysungan va o’zida taalluqli tahliliy yondoshuvni aks ettirmoqi lozim.
Joriy operatsiyalar balansining konsepsiyasi. Xalqaro almashuvning tarixan eng rivojlangan shakli sifatida maydonga tashqi savdo chiqadi. Xalqaro savdo bo’yicha hisob-kitoblar dastlabki to’lov balanslari moddalarining asosiy mazmunini tashkil etgan edi. Xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashib borishi bilan xizmatlar xalqaro almashuvda kattaroq rol o’ynay boshladi.
Savdo balansi va xizmatlar balansi mamlakat ichki iqtisodiyotining holati hamda jahon xo’jaligida egallagan o’rni bilan o’zaro bog’liqdir. Tashqi savdoning kamomadi yoki aktivligi jahon bozorida ushbu mamlakat tovarlari raqobatdoshligini, iqtisodiyotini kuchli yoki kuchsizligini aks ettiradi va jiddiy iqtisodiy choralar ko’rilishiga sabab bo’lishi mumkin.
Tashqi dunyo bilan mamlakat iqtisodiy aloqalarini kengroq ma'noda to’lov balansining joriy operatsiyalar balansi aks ettiradi. Masalan, mamlakat lisenziyalar sotuvi va turizmdan tushumlar, xorijda ishlayotgan ishchilar pul o’tkazmalari hisobiga savdo balansi kamomadini qoplashi mumkin. To’lov balansining joriy operatsiyalar saldosi ko’p hollarda mamlakat tashqi iqtisodiy holatining xarakteristikasi uchun ishlatiladi. Joriy operatsiyalar balansi mamlakat tomonidan xorijga berib yuborilgan yoxud xorijdan yalpi ichki mahsulotga qo’shimcha olingan real qimmatliklar qiymatini aks ettiradi deb hisoblanadi.
Tahliliy nuqtai nazardan joriy operatsiyalar balansi xorijiy ekspertlar fikriga ko’ra o’zining ikki xususiyati bilan farqlanadi. Ya'ni, birinchidan, joriy operatsiyalar o’zining tabiatiga ko’ra yakunlangan operatsiyalardir, ular bo’yicha hisob-kitoblar kapitallar bilan operatsiyalar singari javob sifatidagi qo’shimcha operatsiyalarni keltirib chiqarmaydi. Ikkinchidan, qisqa muddatli davrda joriy operatsiyalar nisbatan muvozanatlidir, ularning yakuni esa nisbatan chuqurroq iqtisodiy tendensiyalar ta'sirini aks ettiradi. Bularning oqibatida joriy operatsiyalar balansi hozirgacha katta iqtisodiy ahamiyatga ega bo’lgan ko’rsatkich sifatida ko’riladi. Ushbu ko’rsatkich mamlakatning tashqi iqtisodiy faoliyati yakunlarini hamda ichki iqtisodiy jarayonlar bilan o’zaro harakatlarini aniqlash maqsadida milliy hisob-varaqlarga, "xarajatlar-chiqaruvlar" hisob-kitoblari, boshqa makroiqtisodiy agregatlarga kiritiladi.