Bazis balansining konsepsiyasi. Uzoq muddatli kapital hisobining yuritilishi va uning to’lov balansida to’laroq aks ettirilishini rivojlanishi bilan bazis balansi konsepsiyasi olg’a surilgan edi. U ikkinchi jahon urushidan so’ng AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda keng tarqalgan edi hamda to’lov balansi holatini aniqlashda ishlatilgan. Ushbu konsepsiyaning asl mazmuni shundaki, bunda asosiy moddalarga kiritiladigan bazaviy barqaror bitimlar ajratib olinadi. Ushbu bitimlar, mualliflarning fikricha, vaqt davridagi barqarorlik va iqtisodiy kon'yunktura o’zgarishlariga befarqligi bilan xarakterlanadi. Bundaylarga nafaqat joriy operatsiyalar, balki uzoq muddatli kapital harakatlari ham kiritildi. Balanslovchi operatsiyalarga qisqa muddatli kapital va valyuta zahiralari harakati kiritildi. XVFning tasnifi bo’yicha bazis balansining saldosi "A" va "V" guruhlar operatsiyalari yuzasidan saldo summasi sifatida aniqlanadigan bo’ldi. Ushbu summa "V" guruhidan pastdagi operatsiyalar balansi bilan muvozanatlantirilishi lozim.
Bazis balansi konsepsiyasiga muvofiq joriy operatsiyalar aktivi kapital harakatini muvozanatlashtiribgina qolmay, balki ushbu maqsadga erishish uchun valyutaning oqib kelishini ta'minlaydi. To’lov balansini uzil-kesil balanslashtirishni ma'lum bir chegaralarda valyuta kurslari, foiz stavkalari va iqtisodiy siyosatning boshqa instrumentlarini o’zgartirish orqali boshqariladigan qisqa muddatli kapital harakati ta'minlashi kerak edi. Bunday yondoshuvni ma'lum bir davrgacha qisqa muddatli kapital harakatiga mustaqil jarayon sifatida jiddiy e'tibor berilmaganligi bilan tushuntirish mumkin edi.
Likvidlilik konsepsiyasi. Ushbu konsepsiya 1958 yilda AQShda ishlab chiqilgan edi. O’sha davrlarda AQSh to’lov balansi holatining keskin yomonlashuvi va dollarning inqirozi Savdo vazirligi tomonidan to’lov balansi tuzish hamda uning kamomadini o’lchash uslublarini tanqidiy nuqtai nazardan qayta ko’rib chiqishga majbur etdi. Qisqa muddatli kapital harakatiga nisbatan munosabat ham qayta ko’rib chiqildi va bunda xorijlik xususiy shaxslar hamda rasmiy organlar qo’lidagi likvid dollarli aktivlarga muhim ahamiyat berildi. Bu esa o’z navbatida yangi yondoshuvning mazmuni va nomini belgilab berdi.
Likvidlilik konsepsiyasi AQSh dollarining zahira valyutasi ekanligi hamda Xalqaro to’lov va zahira vositasi sifatida ishlatilishidan kelib chiqqan edi. Bundan AQSh chayqov maqsadida AQSh dollarlaridan foydalanilishiga qarshi kurashga doim tayyor bo’lib turishi kerak. Buning uchun esa norezident shaxslarda qancha likvid dollarli aktivlar borligini bilish darkor. Ushbu summaning o’simini esa to’lov balansining saldosi ko’rsatishi kerak edi. Shu sababli likvidlilik konsepsiyasiga muvofiq negizli shartnomalar tarafdorlari tomonidan kiritiladigan moddalardan tashqari asosiy moddalar qatoriga yana 3 ko’rinishdagi shartnomalar kiradi: qisqa muddatli xususiy milliy kapital harakati, xorijiy tijorat kreditlari va "xatolar va o’tkazib yuborishlar" moddasi bo’yicha saldo.
Savdo vazirligining fikri bo’yicha AQShning xalqaro likvidli pozitsiyasidagi o’zgarishlarni aks ettiruvchi moddalar balanslashtiruvchi sifatida olinadi. Balanslashtiruvchi moddalarga quyidagi o’zgarishlar kiradi: Amerika valyuta zahiralari (XVFga badalni hisobga olgan holda), AQShning xorijlik rasmiy tashkilotlar va xususiy shaxslar oldidagi likvidli majburiyatlari. Ushbu konsepsiyaning o’ziga hosligi shundaki, u AQSh davlat valyuta zahiralari va amerika xususiy mulk egalari qo’lidagi valyuta aktivlarini ayirboshlash imkonini beradi.
XVFda qabul qilingan to’lov balansi moddalarining tasnifiga ko’ra likvidlilik konsepsiyasi bo’yicha saldo birmuncha shartlashuvlar bilan ("S" guruhiga aloqador) asosiy deb hisoblanuvchi, A+V+S+D guruhlari operatsiyalari yuzasidan saldolarining summasiga muvofiqdir. Ushbu saldo E+F+G+H guruhlari bo’yicha olingan yalpi saldo hajmi bilan teskari (manfiy) ifodada balanslashtiriladi.
Iqtisodiy hamkorlik va Taraqqiyot Tashkiloti (IHTT) tomonidan qabul qilingan tasnifda likvidlilik konsepsiyasi yaqqol aks etgan. Avval u o’zida birmuncha qarama-qarshiliklarni mujassam etgan edi. Qisqa muddatli kapital bilan bir qator operatsiyalarni to’lov balansining asosiy moddalari qatoriga kiritilishi yetarli darajada asoslanmagan edi. Xususan, amerikalik xususiy shaxslar qo’lida turgan xorijiy valyutalar aktivlarini to’lov balansiga kiritilishining asosiy sababi shundaki, AQSh qonunchiligi davlat moliya organlariga ulardan, rasmiy zahiralarga qo’shimcha ravishda, dollarni himoyalashda foydalanishni qiyinlashtirib qo’ygan edi. "Xatolar va o’tkazib yuborishlar" moddasi bo’yicha saldo qisqa muddatli kapital harakati bilan bog’lanmagan bo’lib, ushbu holat xalqaro hisob-kitoblarning hisobini yuritilishidagi kamchiliklar bilan izohlanar edi.
Balanslashtiruvchi moddalar qatoriga AQShning xususiy qisqa muddatli majburiyatlari o’zgarishining kiritilishi ushbu majburiyatlarga dollarga bo’layotgan yaqqol xavf sifatida qarashni aks ettirar edi. Haqiqatda ham AQSh qonunchiligiga muvofiq dollarlarning xorijlik egalari ularni bevosita AQSh g’aznaxonasida oltinga almashtira olmas edilar. Ammo AQSh dollariga ishonch yo’qolgan paytda xorijlik xususiy banklar o’z dollarlik aktivlarini Markaziy banklarga sotish imkoniyatiga ega bo’lgan, Markaziy banklar esa o’z navbatida ushbu dollarlarni AQSh g’aznaxonasiga oltinga almashtirishga taqdim qilar edilar.
1958 yildagi AQSh to’lov balansining yirik kamomadi hukumat va Moliya doiralarida katta bezovtalanishni keltirib chiqardi. Bu esa o’z navbatida kamomadni o’lchash uslublariga bo’lgan ishonchsizlikda o’z ifodasini topdi. Likvidlilik konsepsiyasi endigina paydo bo’lib qattiq tanqidga uchradi. Biroq AQSh Savdo Vazirligi uni himoya qilish va amalda qoldirishga muvaffaq bo’ldi. Likvidlilik konsepsiyasidan dollar zahira valyutasi maqomiga ega bo’lganligi sababli rasmiy konsepsiya sifatida faqatgina AQSh to’lov balansiga nisbatan foydalanilgan. AQSh to’lov balansining yirik kamomadlari boshidanoq ushbu konsepsiyani gumon ostiga qo’ydi.