SG ning asinxron rejimga o‘tishi. SG lar tarmoq bilan parallel ishlaganda ulardan ayrimlari tarmoq kuchlanishining pasayishi, qo‘zg‘atishning yo‘qolishi va boshqa sabablar tufayli sinxronizmdan chiqib ketish hollari bo‘lishi mumkin. Bunday holda SG asinxron rejimga o‘tadi, ya’ni rotor statorning aylanma magnit maydoniga nisbatan katta chastota bilan aylana boshlaydi. Buning natijasida uning konturlarida toklar vujudga keladi. Bu toklar aylanma magnit maydon bilan ta’sirlashib valda moment hosil bo‘lishiga va aktiv quvvat ishlab chiqishiga olib keladi. Sinxron mashina sinxronizmdan chiqib ketganda (bunda qo‘zg‘tish chulg‘ami o‘zgarmas tok manbasidan ajratilib, razryad qarshiligiga ulanishi lozim), konstruksiyasiga bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos xususiyatlarini saqlagan holda asinxron generatorga o‘xshab ishlaydi. Bunda u faqat aktiv quvvat ishlab chiqarib, tarmoqdan esa reaktiv quvvatni oladi. Rotorning aylanish chastotasi valdagi tormozlovchi va elektromagnit momentlar teng bo‘lgunga qadar oshadi.
Odatda SG ning asinxron rejimda ishlab chiqarayotgan quvvati uning nominal quvvatidan kam bo‘ladi. Masalan, turbogeneratorlarda amalda yo‘l qo‘yiladigan quvvat nominal quvvatining 4060 % ga teng bo‘lishligi qabul qilinadi. Chetdan sovitiladigan turbogeneratorlar asinxron rejimdagi yo‘l qo‘yiladigan ishining davomiyligi 30 minutdan oshmasligi lozim, ichi kavak o‘tkazgichlarning ichidan sovitish muhitini o‘tkazib to‘g‘ridan-to‘g‘ri sovitiladigan turbogeneratorlarda esa amalda yo‘l qo‘yiladigan quvvat nominal quvvatining 40 foizigacha, mumkin bo‘lgan ishining davomiyligi –15 min.
Nosozliklar bartaraf etilgandan keyin sinxron mashina yangidan sinxronizmga o‘tkazish uchun qo‘zg‘atish chulg‘amiga o‘zgarmas tok berish zarur. Sinxron mashinani asinxron rejimdan sinxron rejimga o‘tkazish jarayonni resinxronizatsiya deyiladi. Bu jarayon sinron generatorning yuklamasi kam bo‘landa yoki salt ishlaganda tez kechadi.
Gidrogeneratorlarning asinxron rejimdagi xarakteristikalari turbogeneratorlar-nikiga nisbatan ancha yomon, shuning uchun ularni asinxron rejimda ishlatishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Nazorat savollari
1. Uch fazali SG ni elektr tarmog‘iga parallel ulash shartlari qanday bajariladi?
2. SG ni elektr tarmog‘iga parallel ulashning qanday usulari mavjud?
3. Ayon bo’lmagan va ayon qutbli SG larning elektromagnit quvvatlarini aniqlash formu-lalari vektor diagrammadan qanday aniqlanadi?
4. Ayon qutbli SG ning elektromagnit momentini tahlil qiling.
5. Ayon qutbli SG aktiv quvvatining burchak xarakteristikasini tahlil qiling.
6. SG ning U-simon xarakteristikalari va ularni tahlil qiling.
* * *