O‘zbek xalqi juda qadim zamonlardayoq ilm-fanga katta e’tibor bilan qaragan va uni rivojlanishga harakat qilgan. Ibn Sino, Beruniy, Al-Xorazmiy, Amir Temur, Ulug‘bek va boshqa ko‘plab allomalar ilm-fanni dunyoga tanitganlar. Ilm-ma’rifatga beqiyos hurmat bilan qaragan xalqimiz qanday qiyinchilik va to‘siqlar bo‘lmasin, o‘z farzandlarining savodli bo‘lishini orzu qilganlar, ularini yoshligidanoq maktabga o‘qishga berganlar. Maktabdor domlalar o‘z usullari va tajribalariga asoslanib bolalarga saboq berganlar.
Demak, O‘zbekistonda o‘qitishning o‘ziga xos usullari mavjud bo‘lgan va ular rivojlanib borgan. Bu jarayon silliq kechmagan, ba’zi xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilgan. Chunonchi, XX asrning 20-yillarida maktabni rivojlantirishda juda jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yildi. Kompleks dasturlarda ona tilini o‘rganish tizimi buzildi: grammatik, orfografik ko‘nikmalarga etarli ahamiyat berilmadi. Savod o‘rgatishda yaxlit so‘z metodi tilning fonetik xususiyatlariga mos kelmadi, analitik-sintetik ishlar ta’minlanmadi, puxta, to‘g‘ri yozuv masalalari uchun zamin yaratilmadi.
Keyinchalik 1931-yil 5-sentyabrda qabul qilingan “Boshlang‘ich va o‘rta maktab haqida”gi, 1932-yil 25-avgust qabul qilingan «Boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quv dasturlari rejimi haqida»gi qarorlar yuqoridagi kabi yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf qilishda va o‘quv mashg‘ulotlari tizimini ishlab chiqishda maktabga va o‘qituvchilarga yordam berdi. Tezlik bilan savod o‘rgatishda analitik-sintetik tovush metodi qayta tiklandi. Grammatik, orfografik materiallarni izchil o‘rgatishga, o‘quvchilarning har tomonlama savodli bo‘lib, madaniy nutqni egallashlariga katta ahamiyat berila boshlandi. O‘quvchilar va o‘qituvchining o‘quv mehnatini tashkil etishning asosiy shakli bo‘lgan dars metodikasi muvaffaqiyatli ishlana boshlandi.
O‘tgan asrning 50-70-yillari mobaynida boshlang‘ich sinflarda ona tili o‘qitish metodikasi sohasida anchagina qo‘llanmalar yaratildi. Bu yillarda ona tili o‘qitish metodikasi fan sifatida rivojlana boshladi, umumiy pedagogik, didaktik va psixologik xarakterdagi ilmiy tekshirishlarning natijalari ona tili o‘qitish metodikasini takomillashtirish va yangi metodika yaratishga imkon berdi. O‘zbek tilshunosligi sohasidagi muvaffaqiyatlar ham tilni o‘zlashtirish jarayoniga va metodikaning rivojlanishiga jiddiy yordam ko‘rsatdi. Xuddi shuningdek, bu fanning rivojlanishiga o‘qituvchilarning ommaviy ish tajribalarini o‘rganish, umumlashtirish katta ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. O‘sha davrdagi jurnallarda o‘nlab metodik maqolalar bosilib chiqdi.
1955 yildan boshlab pedagogika institutlari qoshida boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari tayyorlaydigan fakultetlar ochila boshlandi. Bu ham ona tili o‘qitish metodikasining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi, ya’ni boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining umumiy va maxsus tayyorgarlik darajasi o‘sdi. Institutlar qoshidagi kafedralarda ishlovchi ilmiy xodimlar metodik masalalarni chuqur, ilmiy asosda hal qilishga harakat qildilar.
Mustaqillikning dastlabki yillaridanoq ona tili o‘qitishga katta ahamiyat berila boshlandi. Bunda 1989-yil 21-oktabrda «O‘zbek tiliga Davlat tili maqomini berish haqida”gi qaror alohida o‘rin tutadi.
Ta’lim sohasidagi bu o‘zgarishlar ona tili o‘qitish metodikasida ham bir qator imkoniyatlarni yuzaga keltirdi. Bu yangiliklardan ko‘plari maktablarda amaliyotga tatbiq qilinmoqda, ba’zilari hozircha sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinov davrida, birinchidan, o‘quvchiga, uning darsdagi va darsdan tashqari vaqtdagi o‘quv mehnatiga, u duch kelayotgan qiyinchiliklarga, ko‘nikma-malakalarini va rivojlanish qonuniyatlarini o‘rganish metodikasiga ko‘proq ahamiyat berilmoqda. Ikkinchidan, ta’lim jarayonida bolaning fikrlash qobiliyatini o‘stirish, mustaqilligini va o‘quv ishlari jarayonidagi aqliy faolligini oshirish vazifalari hal qilinmoqda. Uchinchidan, mavjud ta’lim tizimidagi tekshirishlar bilan bir qatorda o‘qitishning istiqboli haqidagi vazifalarni hal qilish maqsadida ham tekshirishlar olib borilmoq
Shunday qilib, fan sifatida ona tili o‘qitish metodikasining o‘z predmeti, vazifasi, nazariy va ilmiy sohasi bo‘lib, bir qator fanlar o‘rtasida uning ma’lum o‘rni bor. Bu fan ham boshqa fanlar kabi rivojlanib, taraqqiy etib bormoqda.
Til fikrni shakllantirish va bayon qilish, taassurot, his-kechinmalarni ifodalashda muhim o‘rin tutadi. Til jamiyat a’zolarining bir-biri bilan o‘zaro aloqasi uchun xizmat qiladigan vositadir. Bu vosita qanchalik takomillashsa, fikr shunchalik aniq, ta’sirchan ifodalanadi. Demak, kishilarning o‘zaro munosabati, his-tuyg‘ulari, kechinma va holatlari til vositasida aniqlashadi. Maktabda ona tilini chuqur o‘rganish zarurati tilning bajaradigan asosiy vazifalaridan kelib chiqadi.
K.D.Ushinskiy boshlang‘ich maktab o‘quv predmetlari tizimida ona tiliga katta ahamiyat berib, uni markaziy va etakchi predmet hisoblagan. “Ajoyib o‘qituvchi bo‘lgan ona tili bolaga ko‘p narsani o‘rgatadi... Bola ikki-uch yil ichida shuncha ko‘p narsa o‘rganadiki, ko‘p narsa bilib oladiki, 20 yil qunt bilan metodik jihatdan juda to‘g‘ri o‘qiganda ham uning yarmicha o‘rgana olmaydi. Ona tilining ulug‘ pedagogligi ham ana shundadir»4, - deydi u. Shuning uchun ham boshlang‘ich sinflarda ona tilini o‘rganishga katta ahamiyat beriladi. Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ona tili darslarida ongli o‘qish va savodli yozishga o‘rganadilar, og‘zaki va yozma nutqning qonun-qoidalarini egallaydilar. Ona tili sohasidagi ko‘nikma-malakalar (nutq, o‘qish va yozishga oid malakalar) o‘quvchilarning o‘quv mehnatining zaruriy sharti va vositasidir. O‘quvchi o‘qish ko‘nikmalarini egallash bilan bir qatorda, birinchi navbatda, o‘zining ona tilini o‘rganishi zarur, chunki ona tili bilimdonlikning, aql-idrokning kalitidir.
Ona tili boshqa fanlarni o‘qitish vositasi hamdir: jamiyat tarixi ham, tabiiy fanlar ham ona tili yordamida o‘rganiladi. Demak, ona tili bolaning umumiy kamol topishida ham, bilim va mehnatga havasini uyg‘otishda ham alohida o‘rin tutadi.
Til muhim tarbiya vositasidir. Badiiy adabiyotlarni, gazeta, jurnallarni o‘qigan bola o‘zida eng yaxshi xislatlarni tarbiyalab boradi, muomala madaniyatini egallaydi.
Ona tili boshlang‘ich sinflarda asosiy o‘rinni egallar ekan, har bir o‘quvchida ona tiliga qiziqish va muhabbatni tarbiyalab borish zarur.
Boshlang‘ich sinflarda ona tili mashg‘ulotlari turi va mazmuni quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
O‘qish, yozuv, grammatik materialni o‘rganish, kuzatishlar hamda o‘quvchilarning ijtimoiy faoliyatlari bilan bog‘liq holda, ularning og‘zaki va yozma nutqini o‘stirish.
Birinchi sinfga kelgan bolalarga savod o‘rgatish, ya’ni ularni elementar o‘qish va yozishga o‘rgatish, bu ko‘nikmalarni malakaga aylantirish.
Adabiy til me’yorlarini, ya’ni imloviy va tinish belgilariga rioya qilingan savodli yozuvni, to‘g‘ri talaffuzni o‘rganish, nutq va uslubiy elementlarni egallash.
Grammatika, fonetika, leksikologiyadan nazariy materiallarni o‘rganish, tildan ilmiy tushunchalarini shakllantirish.
O‘quvchilarni o‘qish va grammatika darslari orqali badiiy, ilmiy-ommabop va boshqa adabiyotlar namunasi bilan tanishtirish, ularda tabiiy asarni idrok etish ko‘nikmasini hosil qilish.
Bu vazifalarning hammasini boshlang‘ich sinflarda ona tili predmeti hal etadi va ular ona tili dasturida aks etadi. Dastur davlat hujjati bo‘lib, unda o‘quv predmetining mazmuni va hajmi, shuningdek, shu predmetdan bilim, ko‘nikma va malakalar darajasiga qo‘yilgan asosiy talablar belgilangan bo‘ladi. O‘qituvchi va o‘quvchilar dastur talablari asosida ish olib boradilar.
Boshlang‘ich sinflarnig ona tili dasturi ikki qismdan iborat: