Ijtimoiy tarbiya jarayoni shaxsning ijtimoiy fazilatlarini shakllantirish, uning atrof-tevarak, jamityat, odamlar hamda o‘ziga nisbatan munosabatlari doirasini vujudga keltirish va uni kengaytirishga qaratilgan. Shaxs ishtirok etadigan ijtimoiy munosabatlar tizimi qanchalik keng, xilma-xil va chuqur bo‘lsa, uning ma'naviy dunyosi shunchalik boy bo‘ladi. O‘z tabiatiga ko‘ra tarbiya jarayoni ko‘p omilli xarakterga ega. Ya'ni, bola shaxsining qaror topishi oila, ta'lim muassasasi, jamoatchilik, ijtimoiy muhit, shuningdek, vaziyatlar xilma-xilligi, bevosita va bilvosita ta'sirlar ostida ro‘y beradi. Tarbiya jarayonining natijalari odatda bir xil xarakterda bo‘lmaydi. Bu narsa o‘quvchilarning psixologik (individual, tipologik), fiziologik va jismoniy xususiyatlari, ularning hayotiy va ma'naviy tajribasi, shaxsiy pozitsiyasiga bog‘lik. Ijtimoiy tarbiyani tashkil etish jarayonida bir qator vazifalar hal etiladi. Ushbu vazifalar ijtimoiy tarbiya maqsadidan kelib chiqib belgilanadi. Mustaqil O’zbekiston Respublikasida ayni vaqtda yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish jarayonida quyidagi vazifalarni hal etish muhim ahamiyat kasb etmoqda:
a) yoshlarni ijtimoiy hayotga tayyorlash, ularda keng dunyoqarashni tarkib toptirish, o‘z shaxsiy turmushiga maqsadli yondashuv, reja va amal birligi hissini uyg‘otish;
b) o‘quvchilarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar mohiyatidan ogoh etish, chuqur bilim va tafakkurga ega yoshlarni tarbiyalash, ularning ongini boyitish;
v) umuminsoniy axloq me'yorlari (odamiylik, kamtarlik, o‘zaro yordam, mehr-muhabbat, muruvvat, alodatni yoqlash, insonparvarlik, axloqsizlikka nisbatan nafrat va hokazolar)ning mohiyatini anglash, o‘quvchilarda muomala odobi, yuksak madaniyatni qaror toptirishga erishish;
g) o‘quvchilarda huquqiy va axloqiy me'yorlarga hurmat ruhida yondashish hissi va fuqarolik tuyg‘usi, ijtimoiy burchga mas'ullikni qaror toptirish;
d) tabiatni muhofaza qilish, ekologik muvozanatni yuzaga keltirish borasidagi mas'uliyatni tarkib toptirish;
j) vatanparvarlik va baynalminallik tuyg‘usini shakllantirish, o‘zga millat va xalqlarni hurmat qilish, ularning huquq va burchlarini kamsitmaslik tuyg‘usini qaror toptirish;