3-§. Harakat, makon va zamon kategoriyalarining mohiyati hamda
ularning yuridik fani va amaliyoti uchun ahamiyati
Tabiat va jamiyatdagi hamma narsa harakat va rivojlanishda,
o‘zgarish va o‘zaro ta’sirda bo‘ladi. Hech bir tinch turgan narsa yo‘q.
Olamdagi narsalar harakatda bo‘lib, biri ikkinchisiga aylanadi, biri
ikkinchisidan paydo bo‘ladi. Butun tabiat – eng kichik zarradan tortib
quyoshgacha, odamzodgacha doimo paydo bo‘lish va yo‘q bo‘lish,
uzluksiz oqish, beto‘xtov harakat qilish va o‘zgarish holatini kechirib
turadi. Har qanday obyekt uni tashkil etuvchi elementlarning o‘zaro
ta’siri tufayli mavjud bo‘la oladi. Masalan, atom yadro va atomning
qobig‘ini tashkil etuvchi elektronlarning o‘zaro ta’siri tufayli mavjud;
tirik organizmlar ularni tashkil etuvchi molekulalar, hujayralar va
organizmlarning o‘zaro ta’siri tufayli mavjud. Shuningdek, obyektlar
tashqi muhit bilan ham o‘zaro ta’sirda bo‘ladilar. Ular boshqa murakkab
sistemalarning elementlari bo‘lishi ham mumkin. Masalan: atom
tarkibiga kiruvchi yadro va elektronlar molekulani tashkil qiluvchi
qismlari bo‘lishi mumkin, molekulalardan esa makrojismlar tashkil
topadi. Shunday qilib materiyaning tarkibga egaligi, ham ichki, ham
tashqi o‘zaro ta’sirni ko‘zda tutadi. O‘zaro ta’sir moddiy obyektlarning
xossalari, munosabatlari, holatlarining o‘zgarishiga olib keladi. Umumiy
tarzda olingan bu o‘zgarishlar moddiy olam borlig‘ining ajralmas
xususiyatidir.
O‘zgarish falsafada «harakat» tushunchasida ifodalanadi. Materiya-
ning harakati deganda, jismlarning makonda o‘rin almashishigina emas,
balki har qanday o‘zaro ta’sir va o‘zaro ta’sir natijasida bo‘ladigan
o‘zgarishlarni tushunish lozim. Harakat – eng oddiy mayda zarracha-
larning o‘zaro aylanishi, metagalaktikaning kengayishi, organizmlar
hujayralarida modda almashinuvi, ijtimoiy hayotda odamlarning faoliyat
almashinuvidir.
Harakat bu har qanday o‘zaro ta’sir va o‘zaro ta’sir natijasida
bo‘ladigan o‘zgarishlardir. Materiya harakatsiz bo‘la olmaydi. Har
qanday obyekt, unda harakatning muayyan tiplari mujassamlashgani
uchun ham mavjuddir. Harakat to‘xtaganda obyekt ham o‘z mavjudligini
tugatadi, u boshqa obyektga aylanadi. Boshqacha aytganda, harakat
materiyaning ichki timsolidir, atributi hisoblanadi. U materiyaning o‘zi
singari mutlaqdir. Harakatsiz materiya hech qayerda va hech qachon
bo‘lgan emas va bo‘lishi mumkin emas.
Kuzatilayotgan u yoki bu predmetning tinchlik, sukunat holati
97
deyilganda, mazkur predmetning muayyan fazoviy konfiguratsiyaga ega
ekanligi, muayyan tarkibga ega ekanligi, bu tarkib barqarorligini saqlay
olishi, o‘z elementlari muayyan majmuini takror hosil qila olishi
tushuniladi. Lekin aytaylik, oddiy elementdan tortib tirik
organizmlargacha, elektron mikroskop bilan kuzatilganda, ularning
hammasi muayyan zarrachalarning to‘xtovsiz harakatidan iboratligini
payqash mumkin. Bu bizning tanamiz va ruhimizga (ya’ni, kechinmalar,
fikrlar, tuyg‘ular hosil bo‘lishi) ham taalluqlidir. Amerikalik faylasuf
S.Cheyz bir vaqtlar quyidagi antiqa misol farazni aytgan edi: «Men
o‘tloqda yayrab yurgan sigir ko‘rayotgan bo‘lsam-da, aslida u mutlaqo
sigir emas, balki elektronlarning talvasali raqsidir». Bu o‘xshatishda
ma’lum ma’noda to‘g‘ri fikr bor, faqat shuni esda tutish lozimki,
hujayralarni tashkil etuvchi elektronlarning tarkibi va harakati vaqtda
takror hosil qilinadi. Harakat tiplar va usullarining ana shunday «vaqtda
takrorlanishi» tufayli mavjud bo‘lgan predmet, boshqa obyektlardan
farqli o‘laroq o‘ziga xos obyekt sifatida mavjuddir. Shunday qilib,
«tinchlik» tushunchasi predmetning barqarorligini, uning sifatlari
saqlanib qolishini ta’minlovchi harakat holatlarining ifodalanishidir.
Shuning uchun ham tinchlik nisbiy, harakat mutlaq, u materiyaning
ajralmas xususiyati, atributidir. Harakatni materiyadan ajratishga
harakatlar ham bo‘lgan. Masalan, idealistlar harakatni materiyadan
ajratib, uni materiyaga tashqaridan berilgan kuch deb qaraydilar. Nyuton
sayyoralar quyosh atrofida harakat qilishini ta’kidlab, bu harakatning
manbai ilohiy birinchi turtki deb hisoblar edi. Energetizm vakillari
materiya va harakat bog‘liqligini inkor etuvchi energetizm nazariyasi
bilan chiqdilar, ular materiyasiz harakat bo‘lishi mumkin deb e’tirof
etadilar. Haqiqatda esa, energiya materiyaning xossasi, bu xossa esa
harakatning miqdoriy me’yoridan iboratdir.
Materiya o‘ziga xos ichki qarama-qarshiliklarga ko‘ra harakat qiladi.
Harakat – obyektiv reallikda ro‘y beradigan har qanday o‘zgarishdir.
«Harakat»ni «rivojlanish» tushunchasi bilan aynanlashtirmaslik
lozim. Rivojlanish – bu faqat sifat o‘zgarishlar natijasi, ilgarilab boruvchi
o‘zgarishlardir. Bunday o‘zgarishlar natijasida eskining o‘rnida yangi
paydo bo‘ladi, quyidan yuqoriga, oddiydan murakkabga o‘tish sodir
bo‘ladi. «Harakat» tushunchasi «rivojlanish» tushunchasidan kengroq
tushunchadir.
Materiyaning aniq harakat shakllari mavjud. Materiyaning harakat
shakllari va ularning o‘zaro aloqasi haqidagi g‘oya XIX asrda ilgari
surilgan.
98
Materiyaning harakat shakllari quyidagi prinsiplarga asoslangan:
1) harakat shakllari materiya tuzilmasining muayyan moddiy
darajasi bilan bog‘liq;
2) harakat shakllari o‘rtasida genetik aloqa mavjud, ya’ni
harakatning shakli quyi shakllaridan kelib chiqadi;
3) harakatning yuqori shakllari sifat jihatdan o‘ziga xosdir va ular
quyi shakllari bilan tenglashtirilmasligi lozim.
Yuqoridagi prinsiplardan kelib chiqqan holda harakat quyidagicha
klassifikatsiyalanadi: mexanik, fizik, ximik, biologik, ijtimoiy.
Keltirilgan harakat shakllarini materiya taraqqiyotining uchta eng
muhim bosqichiga muvofiq uch turkumga bo‘lish mumkin:
– notirik tabiatdagi harakat shakllari (mexanik, fizik, ximik);
– tirik tabiatdagi harakat shakli (biologik);
– jamiyatdagi harakat shakli (ijtimoiy).
Savolning davomida «makon» va «zamon» tushunchalarining
tahliliga o‘tamiz. Kundalik turmush tasavvurlarimizda makon va zamon
tushunarli va oddiy narsalarga o‘xshab ko‘rinadi. Lekin bular aslida
ancha murakkab narsalar bo‘lib, hozirgi zamon tabiatshunosligi va
ijtimoiy fanlariga murojaat qilishni talab etadi.
Xo‘sh «makon» va «zamon» nima?
Atrof-muhitni kuzatganda shuni payqashimiz mumkinki, har bir
obyekt uni tashkil qiluvchi elementlardan o‘ziga xos saranjomlikda, bir-
biriga nisbatan muayyan tartibda joylashgan. Bu obyektlarni ko‘lamga
(bo‘yi, eni, balandligi) ega ekanligini ko‘rsatadi. Bundan tashqari har bir
obyekt boshqa obyektlar orasida muayyan joyni egallaydi, ular bilan
chegaradoshdir. Moddiy dunyoning tarkibiy tuzilishini ko‘rsatuvchi bu
eng umumiy xususiyatlar – ya’ni obyektlarning ko‘lamga egaligi,
boshqalar orasida joy egallashi, boshqalar bilan chegaradoshligi
makonning eng umumiy xususiyatidir.
Makonning xususiyatlari haqida gapirar ekanmiz, makon – bu eng
avvalo turli xil material tizimlarning o‘lchamliligi, tarkibiyligi va o‘zaro
joylashuvining ifodalanishi ekanligini o‘zimiz uchun aniq tasavvur qilib
olishimiz lozim.
Makon – borliqning asosiy mavjudlik shakllaridan biri bo‘lib, u
obyektlarning o‘zaro joylashish tartibi, ko‘lami, hajmi, o‘lchamlari,
obyektni tashkil etuvchi nuqtalarning o‘zaro joylashish vaziyati kabi
xususiyatlarini ifodalovchi falsafiy tushunchadir.
«Makon» tushunchasini ikki xil nuqtai nazardan talqin qiluvchi
substansiyaviy va relyatsiyaviy konsepsiyalar mavjud. Substansional
99
konsepsiya bo‘yicha makon narsalar joylashadigan joy, mutlaq,
o‘zgarmas, mustaqil substansiyadir. Bu yerda I.Nyuton ta’limotining
ifodalanishini ko‘rishimiz mumkin. Relyatsiyaviy konsepsiya bo‘yicha,
makon obyektlarning tashkil etuvchi nuqtalarning o‘zaro joylashish
tartibini ifoda etib, u borliqning nisbiy barqaror xususiyatlari
majmuasidir. Bunday tahlilda relyativistik fizika tamoyillariga mos
kelishini ko‘rishimiz mumkin.
Makonning o‘ziga xos xususiyatlari haqida gapirganimizda uni
ikkiga, ya’ni borliqning sifatiy fazoviy xususiyatlarini ifodalovchi
topologik xususiyatlarga, va borliqning miqdoriy fazoviy xususiyatlarini
ifodalovchi metrik xususiyatlarga bo‘linadi. Makonning metrik
xususiyatlariga: ko‘lam, bir jinslilik, izotroplik, egrilanganlik kiradi.
Makonning topologik xususiyatlariga o‘lchamlilik, uzluksizlik,
bog‘langanlik, yo‘nalganlik, kompaktlik kiradi.
Makonning umumiy xususiyatlariga – ko‘lamlilik, o‘zaro
aloqadorlik, uzluksizlik, uch o‘lchamlilik kiradi.
Makonning o‘ziga xos maxsus xususiyatlariga – simmetriya va
asimetriya, konkret shakl va o‘lcham, joylashuvi, narsalar o‘rtasidagi
masofa, turli tizimlarni ajratuvchi chegaralar kiradi.
Moddiy dunyo tarkibga ega bo‘lgan obyektlarning o‘zidangina
iborat emas. Bu obyektlar doimo o‘zgarishda va rivojlanishda, ular
muayyan bosqichlarda amalga oshadigan jarayonlardan iboratdir.
«Zamon haqidagi tasavvur va zamon» tushunchasi moddiy olam
harakat va rivojlanish jarayonida bo‘lganligi uchun ma’noga ega, agar
materiya harakat qilmasa edi, «zamon» tushunchasining ma’nosi qolmas
edi.
Kundalik hayotda va amaliyotda «zamon» tushunchasi turli
harakatning jarayonlarini taqqoslash, o‘xshatish tufayli tashkil topadi.
Masalan: biz «ma’ruza bir yarim soat davom etadi», – deb aytamiz. Bu
shuni bildiradiki, murakkab, birin-ketin keladigan o‘ziga xos jarayonlar,
notiq o‘qiydigan matn, tinglovchilarning bu matnni yozishlari va anglab
olishlari bir butun, yaxlit tarzda olinib, boshqa jarayon – soat millarining
harakati va buning natijasida soat va minut millarining oldinga ketishi
bilan o‘xshatiladi, taqqoslanadi.
Zamon (vaqt) uchun biz qandaydir davriy,ya’ni takrorlanib
turadigan biror jarayonni olamiz va uni etalon tarzida qabul qilib, boshqa
davriy bo‘lmagan, murakkabroq jarayonlar bilan solishtiramiz. Yerning
quyosh atrofidagi harakati bir yildir. Yerning o‘z o‘qi atrofida aylanishi
100
zamonni sutkalarga bo‘ladi. Zamon uchun katta birliklar ham kiritish
mumkin. Aytaylik, bir galaktika yili – 200 mln yil, ya’ni bu yerning
quyosh bilan birgalikda galaktika markazini bir marta aylanishidir.
Insonda zamonni intuitiv his qilish qobiliyati ham bor, lekin u buni
hamma vaqt o‘zi anglayvermaydi. Buni eksperimental tarzda tasdiqlash
mumkin. Surdakamera (maxsus bekik kamera)da kosmonavtlar bilan
uchish oldidan tajriba o‘tkazilgan. Tajribada shu narsa ma’lum
bo‘lganki, aksariyat kosmonavtlar zamonning kechishini to‘g‘ri qayd
qilganlar. Bunda ular soat muddatini 1-3 min., sutka muddati yarim soat
atrofida xato bilan ko‘rsatishgan.
Zamonni intuitiv sezgisi nimaga asoslanadi?
Bizning organizmimizda turli davriy jarayonlar sodir bo‘lib turib,
ular soat rolini bajarishadi. Ularga qarab tashqi jarayonlarning davomligi
go‘yo o‘lchanadi. Shu narsa ma’lum bo‘ldiki, har bir organizmning
ichida o‘ziga xos biologik soatlar bor ekan, ularning funksiyasini ma’lum
davrda jonlanadigan va so‘nadigan hujayralar va ayrim a’zolarning
faoliyati tufayli amalga oshiriladi. Masalan, sutkaning turli davrlarida
jigar, buyrak, o‘pka, yurak turlicha intensivlikda ishlar ekan. Ularning
o‘zlarini ritmi mavjud. Mutaxassislarning aytishicha, tunning soat ikki va
to‘rtlar orasida organizmni har qanday zaharlovchi moddalardan
tozalovchi jigarning faoliyati oshar ekan. Tungi soat to‘rtda esa organizm
faolligi pasayar ekan. Sutkaning shu paytida o‘limlarning ko‘p miqdori
sodir bo‘lishi ham bejiz emas.
Zamon – materiyaning mavjudlik shakli bo‘lib, moddiy dunyodagi
jarayonlarning uzluksizligi va ular holati o‘zgarishlarining ketma-ket
davomiyligini ifodalab beruvchi falsafiy kategoriyadir.
Makon va zamon eng umumiy mavhum tushunchalar bo‘lib, ularda
borliqning tarkibiy tizimi va o‘zgaruvchanligi o‘z ifodasini topgan.
Makon va zamon – materiyaning mavjudlik shakllari. Makon va
zamondan tashqarida materiya bo‘lmaganidek, materiyadan ajralgani
holda makon va zamon ham yo‘qdir. Faqat mavhum tasavvurdagina
(abstraksiyadagina) biz ularni moddiy olamdan ajratishimiz mumkin.
Makon va zamonning materiya bilan o‘zaro aloqadorligini A.Eynshteyn
kashf qilgan maxsus nisbiylik nazariyasi ham isbotlab beradi. Yorug‘lik
tezligiga yaqin bo‘lgan tezlik sharoitida harakatdagi jismning bo‘yi tezlik
oshib borgan sari harakatsiz jism bo‘yiga nisbatan qisqarishi, zamonning
sekinlashuvi sezilar ekan.
Makon va zamon to‘rt o‘lchamlidir. Shulardan uchtasi makonga,
bittasi zamonga tegishlidir. Jismning makondagi holatini (ko‘lamini)
101
ko‘rsatish uchun uch o‘lcham (bo‘yi, eni, balandligi), zamonning
muddatini ko‘rsatish uchun bir o‘lcham kifoyadir. Zamonning bir
o‘lchamliligi uning faqat bir yo‘nalishda, ya’ni o‘tmishdan kelajakka
qarab sodir bo‘lishida o‘z ifodasini topadi.
Zamonning umumiy xususiyatlariga – obyektivlilik, materiyaning
ajralmas atributi ekanligi, davomiylik, ortga qaytmaslik, o‘tmishdan
kelajakka qarab rivojlanish kabilar kiradi.
Zamonning o‘ziga xos maxsus xususiyatlariga – paydo bo‘lish va bir
sifatdan boshqa sifatga o‘tishda aniq davriylik, bir o‘lchamlilik,
nisbiylik, rivojlanish sur’ati, holatlarning o‘zgarish tezligi, tizim
tuzilmasi (strukturasi)dagi turli sikllar o‘rtasidagi vaqt munosabatdorligi
kabilar kiradi.
Mustaqil O‘zbekiston sharoitida yuz berayotgan iqtisodiy, ijtimoiy-
siyosiy, huquqiy va boshqa sohalardagi o‘zgarishlar zamondan unumli
foydalanishni, qilinishi kerak bo‘lgan ishlarni o‘z vaqtida bajarishni
taqozo etadi. Bu o‘z navbatida III xodimlari faoliyatida ham muhim
ahamiyat kasb etadi. Jinoyatning oldini olish yoki sodir etilgan jinoyatni
bartaraf etishda zamonning o‘rni juda kattadir va undan unumli
foydalanish kerakdir.
Shunday qilib bugun biz borliq, materiya singari olamni falsafiy
tushunishning boshlang‘ich kategoriyalari, hamda materiyaning yashash
usuli – harakat, materiyaning mavjudlik shakllari bo‘lgan – «makon» va
«zamon» tushunchalari haqida tasavvurga ega bo‘ldik. Olamni ilmiy-
falsafiy manzarasini ishlab chiqishda bu kategoriyalar prinsipial
ahamiyatga ega.
2-bob.
Yüklə Dostları ilə paylaş: |