konsensual shartnoma ekan, chunki u hisobvaraq ochilayotgan vaqtda
uning egasi hisobvaraqqa mablag‘ qo‘yish-qo‘ymasligiga bog‘liq emas.
Agar tomonlar shartnomaning barcha mavjud shartlari bo‘yicha kelishib
olishga erishsalar, shartnoma tuzilgan hisoblanadi.
Bank hisobvarag‘i shartnomasi uning qatnashchilari, huquq hamda
majburiyatlarga ham ega bo‘lganligi tufayli ikki taraflama shartnoma
hisoblanadi. Bu agar tomonlar kelishuvida boshqacha tartib o‘rnatilgan
bo‘lmasa, to‘lovli shartnomadir (FK, 781-modda).
Bankda mijozning hisobvaraqdagi mablag‘laridan o‘z maqsadlarida
foydalanish huquqi bo‘ladi, bunda u mijozga ushbu mablag‘lardan hech
qanday to‘siqsiz tasarruf etish huquqini kafolatlaydi. Bank mijozning
pul majburiyatlaridan foydalangani uchun unga shartnomada
belgilangan miqdorda foizlar (mukofot puli) to‘laydi.
Bank omonati shartnomasida to‘lanadigan foizlar miqdori haqida
shart bo‘lmagan taqdirda, bank talab qilib olinguncha saqlanadigan
omonatlarga to‘lanadigan miqdorda foizlar to‘lashi shart (FK, 763-734
moddalar). Mukofot summasidan (odatdagi hisobvaraqda) foizlar
mijozning hisobvarag‘iga har chorakda kiritiladi. Mijoz bankning
hisobvaraqda turgan pul mablag‘lari bilan operatsiya qilish bo‘yicha
xizmatlariga bank hisobvarag‘i shartnomasida nazarda tutilgan shartlar
asosida haq to‘lashi shart. Bu haq bank tomonidan har oyning oxirida
mijozning hisobvarag‘idagi mablag‘lar hisobidan undirib olinadi (FK,
780-modda). Bunda bankning mijozga va mijozning bankka o‘zaro
muqobil talablari yuzaga kelishi mumkin, ular bir-birlarining talablarini
hisobga olish yo‘li bilan bank tomonidan bekor qilinadi (FK, 782-
modda).
Bank hisobvarag‘i shartnomasining o‘ziga xosligi shundaki, na
bank, na yuridik shaxs - mijoz uni tuzishdan bosh tortishga haqli emas.
Mazkur holda mijozning majburiyati yuridik shaxslarning hisob-
kitoblarni naqd pulsiz tartibda amalga oshirish to‘g‘risidagi qoidalardan
kelib chiqadi. Bankning shartnoma tuzish majburiyati uning qonunda
ko‘zda tutilgan subyektiv xususiyatlaridan kelib chiqadi (FK, 775-
modda).