10. O’TA CHO’KUVCHAN LYOSSLI GRUNTLARDA
BARPO ETILADIGAN POYDEVORLAR
Reja:
10.1. Umumiy ma‘lumotlar
10.2. Lyossli gruntlarning o’ta cho’kuvchanlik ko’rsatkichlari
10.3. O’ta cho’kuvchan gruntlarda poydevor barpo etish
Adabiyotlar: 7, 9, 11, 12.
10.1. Umumiy ma‘lumotlar
O’zbekistonda, ayniksa uning Qashqadaryo, Surxandaryo va Toshkent viloyatlari hududlarida lyosslar va lyossimon gruntlar deb ataladigan tog’ jismlari keng tarqalgan bo’lib, ular o’zlarining suv ta‘siridagi o’ta cho’kuvchanligi bilan odatdagi gruntlardan farq qiladi. Qattiq zarrachalarining donadorlik tartibiga ko’ra, ular asosan sog’ va qumok tuproqlar turkumiga kiradi.
Lyosslar va lyossimon gruntlar qattiq zarrachalarining asosiy qismini chang zarrachalari tashkil etadi. Gil zarrachalarining miqdori odatda 15...20% dan ko’p bo’lmaydi. Ularning tarkibida shuningdek, gumus, gips, ohak va shunga o’xshash suvda oson eriydigan minerallar ham mavjud bo’ladi.
Tabiiy holda lyossli gruntlar o’ta g’ovak tuzilishga egadirlar. Ularning g’ovakligi odatda 44...50% ni tashkil etadi. G’ovaklarining o’lchamliri qattiq zarrachalar o’lchamlaridan bir necha o’nlab, hatto yuzlab marta katta bo’lganligi sababli, ularning bevosita qurollanmagan ko’z bilan ham ilg’ash mumkin. Bir-biri bilan to’tashib ketgan bundan makrog’ovaklar asosan vertikal yo’nalishda joylashadi. Shu sababli, ularning turli sabablarga ko’ra yemirilishi (nurashi)da bir necha metr balandlikda saqlanadigan vertikal yonbag’irlarni kuzatish mumkin.
Quruq va kam namlangan (5...10%) holatlarda lyossli gruntlar ancha yuqori mustahkamlik ko’rsatkichlariga ega bo’lib, turg’un zaminlarga xos sifati bilan ajralib turadi. Lekin qo’shimcha namlanish ular strukturasining keskin bo’zilishiga, ya‘ni katta miqdordagi cho’kishlarga olib keladi. Tabiiy holdagi yuqori mustahkamlik va suv ta‘siridagi o’ta cho’kuvchanlik lyossli gruntlar tarkibida karbonat va suvda tez eriydigan gips, natriy xlorid, ohak singari minerallarning mavjudligi bilan asoslanadi. Bu minerallar gruntning quruq holatdagi zarrachalari orasida yetarlicha mustahkam kristallizatsion bog’lanishlarni hosil qilgan holda, suv ta‘sirida tezda erish xususiyatiga egadirlar.
SHunday qilib, lyossli gruntlarning o’ta cho’kuvchanligi donadorlik tarkibining o’ziga xosligi, tuzilishining yirik va katta miqdordagi g’ovaklarga egaligi va tarkibida suvda eriydigan minerallarning ko’pligi bilan asoslanadi.
Dostları ilə paylaş: |